Fargʻonada eng yaxshi yosh tennischilar mahallasi aniqlandi
Foto: Xalq so‘zi
Anʼanaviy “Mahalla kubogi” respublika turnirining Fargʻona viloyat bosqichi gʻoliblari aniqlandi.
Mahallalarda ommaviy sportni yanada rivojlantirish, yoshlarni jismonan sogʻlom va maʼnan barkamol qilib tarbiyalash maqsadida oʻtkazilayotgan ushbu musobaqa eng chekka mahallalardagi 13-17 yoshli oʻsmirlarni ham qamrab olayotgani eʼtiborli jihatdir.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi, Yoshlar ishlari agentligi, viloyat madaniyat, sogʻliqni saqlash, sportni rivojlantirish boshqarmalari hamkorligida oʻtkazilgan musobaqada saralash bosqichlarida gʻolib boʻlgan mahalla jamoalari oʻzaro kuch sinashdi.
Qizgʻin bellashuvlar yakunida Uchkoʻprik tumanidagi “Uchkoʻprik” MFY sportchi yoshlari birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Shu tariqa ular ushbu nufuzli turnirning respublika bosqichida viloyat sharafini himoya qiladilar.
Shuningdek, Toshloq tumanidagi “Chek” MFY jamoasi, Qoʻshtepa tumanidagi “Fayz” hamda Quva tumanidagi “Yuziya” mahalla fuqarolar yigʻinlari yosh tennischilari keyingi oʻrinlarni egalladi.
— Ommaviy sport musobaqalari yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishiga xizmat qiladi, — deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Fargʻona viloyat boshqaruvi raisi Bahodir Yulbarsov. — Ularning barchasi chempion boʻlmasligi mumkin, lekin sogʻlom turmush tarzini shakllantirishda bunday sport oʻyinlarining ahamiyati beqiyos.
Bu musobaqaning dastlabki saralash bosqichida viloyatdagi 897 ta MFYda istiqomat qiluvchi 4 ming 400 nafardan ziyod yigit-qizlar oʻzaro kuch sinashgani hamda 1 ming 794 nafar havaskor tennischilar shahar va tuman birinchiligida ishtirok etganining oʻzi ham uning qamrovi nechogʻli katta ekanidan dalolat beradi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring