Fargʻonada “Bilimdon” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi foydalanishga topshirildi
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Fargʻona viloyatining Fargʻona tumani “Logʻon” MFY hududida “Bilimdon” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi foydalanishga topshirildi. Prezidentimiz tashabbusi va eʼtiborlari natijasida Mustaqilligimizning 34-yilligi arafasida qad rostlagan mazkur oromgoh fargʻonalik bolajonlar uchun chinakamiga oʻziga xos bayram tuhfasi boʻldi.
Oromgohning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Fargʻona viloyati hokimligi, keng jamoatchilik vakillari, ziyolilar, elimiz ardogʻidagi ustoz-murabbiylar, taniqli ijodkor va sanʼatkorlar, nuroniylar, mahalla faollari, ota-onalar hamda bolajonlar ishtirok etdilar.
Oromgohning ochilishida ishtirok etgan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi oʻrinbosari, Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi respublika Kengashi raisi, Bolalarning dam olishini va sogʻlomlashtirilishini tashkil etish Departamenti direktori Anvarjon Abdumuxtorov va Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovlar Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yosh avlod kelajagi uchun ulkan imkoniyatlar yaratib berilayotgani, ularning har tomonlama yetuk insonlar boʻlib ulgʻayishi, umuman, har bir sohasida amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlarning eng avvalo inson manfaatlarini taʼminlashga qaratilganligini alohida taʼkidladilar.

Yangi oromgoh 200 oʻringa moʻljallangan boʻlib, mavsum davomida 5 navbatda jami 1000 nafar oʻgʻil-qiz yozgi dam olishni mazmunli oʻtkazishi va miriqib hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Jahon standartlariga toʻliq javob bera oladigan uslubda bunyod etilgan ushbu maskanning barpo etilishiga 48 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltirilganligining oʻziyoq mamlakatimizda yosh avlod vakillarini maʼnan va jismonan sogʻlom etib tarbiyalash masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga koʻtarilganligining yorqin dalilidir.
Mazkur oromgohda oʻgʻil-qizlarning miriqib hordiq chiqarishi bilan birga, jismonan chiniqib, salomatliklarini mustahkamlashlari, bilimlarini oshirishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar muhayyo etilgan.
Maskanga qadam qoʻyar ekansiz, begʻubor bolalik onlarining goʻzal taassurotlariga oshno boʻlasiz. Mazkur maskanda oʻquvchilarning maroqli va mazmunli dam olishlari uchun oʻndan ortiq toʻgarak faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Barcha qulayliklarga ega madaniyat va maʼrifat markazi, oʻzbek va jahon adabiyoti durdonalari oʻrin olgan kutubxona, toʻgarak xonalari, madaniy tadbirlarni oʻtkazish uchun moʻljallangan tantanalar maydoni, yarim ochiq amfiteatr, tibbiyot xonasi, jahon standartlari talablariga javob beruvchi suzish havzasi, sport va bolalar maydonchalari, zamonaviy loyihalar asosidagi yotoq binolari, barcha shart-sharoitlar va qulayliklarga ega boʻlgan oshxona bolajonlarning esda qolarli dam olishiga xizmat qiladi.
— Toʻgʻrisi, farzandimning shunday maskanda dam olayotganidan judayam xursandman, — deydi oromgohning birinchi dam oluvchilaridan boʻlgan Muharramoy Mahmudovaning onasi Mohigul Djumanova . — Oromgohdagi sharoitdan koʻz quvnab, dil yayraydi. Bolajonlarning hordiq chiqarishi uchun nima zarur boʻlsa, hammasi muhayyo qilingan. Sport maydonchalari, bezatilgan ayvonchalar, choʻmilish havzasidagi zilol suv, turli tomoshalarga moʻljallangan sahna, oshxona, kutubxona, toʻgarak xonalari, shinam va ozoda yotoqxonalarni koʻrib havasingiz keladi.
Oromgohning ilk dam oluvchi oʻgʻil-qizlari oromgohga borgan kuniyoq bir olam taassurotlarga ega boʻlishdi. Mazali taomlar, miriqib oʻynash uchun sport maydonchalari, zamonaviy dizayndagi xonalar bolalarga quvonch bagʻishlab, yozgi taʼtilni sermazmun oʻtkazishiga munosib tuhfa boʻldi.

Shubha yoʻqki, “Bilimdon”da hordiq chiqarib, bolalik gashtini surayotgan bolajonlar, albatta, oʻz bilim va iqtidorlari bilan ota-onalarini xushnud etishadi.
Tantanali tadbirda yangi barpo etilgan oromgohning haqiqiy egalari boʻlgan aziz bolajonlarga “Bilimdon” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohining ramziy kaliti topshirildi.
Taniqli sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan Vatanni, istiqlolni va baxtli bolalikni tarannum etuvchi dilbar taronalar kechaga yanada fayz kiritdi.
Shohsulton Toʻxtamatov,
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Fargʻona viloyati Kengashi raisining Yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring