Fargʻonada avtomobillar uchun metan gaz ballonlari ishlab chiqarilmoqda

15:37 07 Dekabr 2023 Jamiyat
465 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Uchkoʻprik tumanidagi “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat koʻrsatayotgan “Vicor Metan” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli korxonada avtomobillar uchun yuqori bosimli metan gaz ballonlari ishlab chiqarilmoqda.

Qiymati 121 milliard soʻm boʻlgan bu istiqbolli biznes-loyihaning amalga oshirilishi ichki bozorda ehtiyoj yuqori boʻlgan ushbu mahsulotni mahalliylashtirish imkonini beradi.

— 2020-yildan buyon “Qoʻqon” EIZ hududida samarali faoliyat koʻrsatib, bir qator loyihalarni hayotga tatbiq etishga muvaffaq boʻldik,—deydi tadbirkor Muhsinbek Abdurahimov. —Yaqinda korxonamizga Xitoyning zamonaviy uskunalarini olib kelib oʻrnatdik. Shu tariqa yiliga avtomobillarga moʻljallangan 200 ming dona yuqori bosimli metan gaz ballonlari ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi. Hozirda korxonamizda 70 dan ziyod doimiy ish oʻrni ochilgan.

Buning samarasi oʻlaroq viloyatda ushbu turdagi mahsulotlarni mahalliylashtirish darajasi 50 foizga yetkaziladi. Aytish joiz, “Qoʻqon” EIZ davlatimiz rahbarining 2017-yildagi qarori asosida tashkil etilgan boʻlib, bu yerda mahalliy tadbirkorlar hamda xorijlik investorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgan.

Bugungi kunga qadar erkin iqtisodiy zonada umumiy qiymati 759,1 million dollar boʻlgan 135 ta investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Natijada 15 mingdan ortiq mahalliy yoshlar doimiy ish oʻrniga ega boʻldi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?