Fargʻonada aholini sportga ommaviy jalb etish koʻrsatkichi oshib bormoqda

17:22 17 Mart 2023 Jamiyat
833 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona shahridagi «Samo» sport majmuasida Maktabgacha va maktab taʼlimi, Yoshlar siyosati va sport vazirliklari, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamkorligida «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida Kasaba uyushmasi kubogi sport musobaqalarining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi.

Unda stol tennisi, shaxmat, shashka, mini futbol, voleybol sport turlari boʻyicha eng yaxshi ishtirokchilar aniqlandi. Har bir sport turi yoʻnalishida gʻolib ishtirokchilar alohida nominatsiyalar boʻyicha ragʻbatlantirildi.

Murosasiz bahslar yakunida barcha nominatsiyalarda eng yuqori koʻrsatkichlarga erishgan Rishton tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi jamoasi viloyat bosqichi gʻolibi sifatida eʼtirof etildi. Gʻolib jamoaga 30 million soʻm pul mukofoti hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.

— Aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etishda quvonarli yutuqlarga erishilyapti, — deydi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati Kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev. — Buning samarasi sifatida mahallalarda zamonaviy sport maydonchalari, piyodalar va yugurish yoʻlaklari tashkil etilib, yildan-yilga aholi, ayniqsa, yoshlar hamda xotin-qizlarni ommaviy ravishda sportga jalb etish koʻrsatkichi oshib bormoqda. Bunda «Besh tashabbus olimpiadasi» singari keng qamrovli loyihalarning ahamiyati katta boʻlayotganini taʼkidlamoq joizdir.

 

Botir MADIYOROV, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?