Fargʻonada 20 ming tonnaga yaqin shaftoli eksport qilindi
Shu yilning oʻtgan davrida Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan 19,4 million dollarlik 19 ming tonnadan ortiq shaftoli eksporti rasmiylashtirildi.
Ayni paytda viloyatda qariyb 8 ming gektar shaftoli bogʻlari boʻlib, fargʻonalik mirishkorlar yil yakuniga qadar 68 ming tonna shaftoli eksport qilishni rejalashtirganlar.
— Meva-sabzavotlar eksportiga koʻmaklashish borasida bugungi kunda mutlaqo yangi tizim yaratildi, — deydi Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shavkatjon Sotvoldiyev. — Dastlab xavf belgilari boʻyicha “yashil” hamda “sariq” yoʻlakka yoʻnaltirilgan eksport mahsulotlariga bojxona koʻrigi bekor qilingan boʻlsa, keyingi bosqichda “yashil” yoʻlakka yoʻnaltirilgan eksport mahsulotlarini tanlov asosida, inson omilisiz avtomatlashtirilgan tarzda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish amaliyotga joriy etildi.
Ayni paytda Oltiariq tumanida viloyat bojxona boshqarmasining “Margʻilon”, “Vodiy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari tarkibidagi eksportga koʻmaklashish markazlari faoliyat olib bormoqda. Eksportga rasmiylashtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini shu hududning oʻzida bojxona nazorati hamda tovarga tegishli yuk kuzatuv hujjatlarining rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda. Markazlarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksportga rasmiylashtirish va sertifikatlashtirish idoralari faoliyati ham yoʻlga qoʻyilgan.
2022-yilning 29-iyun sanasidan boshlab amaliyotga yana bir yangilik joriy etildi. Unga koʻra “yashil” hamda “sariq” yoʻlakka yoʻnaltirilgan eksport mahsulotlari ortilgan yuk avtotrasport vositalarini majburiy maxsus bojxona plombalari bilan identifikatsiyalash tartibi bekor qilindi.
Shuningdek, eksportga yoʻnaltirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ortilgan yuk avtotransport vositalari chegara bojxona postlarida sababsiz tirbandliklarda qolib ketishining oldini olish maqsadida Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan shu yilning 14-iyul sanasidan sinov tariqasida “Ye-navbat” tizimi joriy etildi. Bu tizim orqali haydovchilar avtotransport vositalariga ortilgan eksport mahsulotlari boʻyicha bojxona rasmiylashtiruvi tugatilganidan soʻng oʻziga maʼqul kelgan vaqtni tanlagan holda navbat boʻlmagan chegara bojxona postlaridan oʻtishi taʼminlanadi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring