Fargʻonada «20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi ijrosiga kirishildi
Foto: Xalq soʻzi
Bu yildan boshlab mamlakatimizda kambagʻallikka qarshi kurashish jarayonini yangi bosqichga olib chiqish, bu ishlarga tadbirkorlik subyektlarini manfaatli hamkorlik asosida jalb qilish va ularga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida ezgu tashabbus hayotga tatbiq etilmoqda.
Ayni jarayonda davlatimiz rahbarining 2023-yil 12-iyun kungi “Kambagʻallikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Farmoni ijrosi doirasida «20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturini Fargʻona viloyatida ham izchil amalga oshirishga kirishildi.
— Hozirgacha «20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” Dasturi asosida viloyatda 531 nafar tadbirkor 5,2 trillion soʻmlik loyihani ishga tushirish va bu orqali qariyb 44 mingga ish oʻrni yaratish boʻyicha tashabbus bilan chiqdi,—deydi Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Fargʻona hududiy boshqarmasi boshligʻi Shokirjon Ahmedov, — Shu tariqa 450 nafarga yaqin tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlik shartnomasi imzolanib, ularga dasturda ishtirok etayotganligini tasdiqlovchi sertifikatlar taqdim etildi. Respublika boʻyicha bugungi kunga qadar hamkorlik shartnomalari imzolangan tadbirkorlik subyektlari soni 4478 tani tashkil etmoqda.
Dastur doirasida oʻz loyihasini taqdim etgan Fargʻona shahridagi “Posco textile” qoʻshma korxonasi tomonidan tashkil etilayotgan 650 ta yangi ish oʻrinlariga malakali xodimlarni tayyorlash maqsadida yangi ishga kirgan ishchilarni ip yigiruvchi, toʻquvchilik, tikuvchilik kabi yoʻnalishlarda korxonaning oʻzida kasbga oʻqitish tizimida yoʻlga qoʻyiladi. Buning uchun korxonada 150 oʻrinli alohida oʻquv kompleksi tashkil etilmoqda. Shuningdek, Qoʻshtepa tumanida “Global Textile Infinity” MCHJ tomonidan 1100 hamda Rishton tumanida “Rusoʼzbekteks” MCHJ tomonidan 1000 ta ish oʻrin yaratishga qaratilgan loyihalar ham eʼtiborga sazovordir.
Aytish joiz, dasturda ishtirok etayotgan tadbirkorlarga ishsiz fuqarolarni kasbga oʻrgatish va oʻz ishchilarining malakasini oshirish boʻyicha oʻquv markazlarini qurish va jihozlash xarajatlari Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 100 foiz qoplab beriladi. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolar ishga qabul qilinganda ularning sonidan kelib chiqib tabaqalashgan miqdorlarda soliq imtiyozlari taqdim etiladi.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari faoliyati uchun zarur mablagʻlar va infratuzilma bilan taʼminlashda ham imtiyoz hamda preferensiyalar berish koʻzda tutilgan. Oʻz navbatida dastur qatnashchilari soliq va bojxona sohasida ham imtiyozlardan foydalanadi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring