Fargʻona vodiysidagi “zapravka”larga 2 kun gaz berilmaydi

10:32 04 Sentyabr 2025 Jamiyat
81 0

Joriy yilning 5–6-sentyabr kunlari Fargʻona vodiysining togʻli hududidan oʻtuvchi qismida qurilgan yangi magistral gaz quvurini tarmoqqa ulash ishlari olib boriladi. Shu bois vodiy viloyatlarida joylashgan avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh) hamda yirik isteʼmolchilar gaz taʼminotidan vaqtincha uziladi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Fargʻona vodiysi isteʼmolchilarini tabiiy gaz bilan taʼminlovchi “Ohangaron–Pungon” magistral gaz quvurining togʻli hududdan oʻtuvchi qismida qariyb 22 km qoʻshimcha quvur qurilishi yakuniga yetkazilgan. Mazkur quvurning ishga tushirilishi vodiy viloyatlari isteʼmolchilarining tabiiy gaz taʼminoti ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi.

Ushbu yangi quvurni tarmoqqa ulash boʻyicha montaj ishlari olib borilishi munosabati bilan 2025-yil 5-sentyabr kuni soat 12:00 dan boshlab 36 soat davomida “Ohangaron–Pungon” magistral gaz quvuri orqali tabiiy gaz uzatish vaqtincha toʻxtatiladi.

Mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda taʼmirlash ishlari vaqtida (5–6-sentyabr kunlari) Fargʻona vodiysi viloyatlaridagi avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh) hamda yirik isteʼmolchilarning gaz taʼminotiga vaqtincha cheklov kiritiladi.

Qayd etilishicha, yuqoridagilarni hisobga olgan holda vodiy viloyatlari isteʼmolchilari uchun avtobenzin yoqilgʻisining sotuvga chiqarish hajmi oshiriladi.

Shuningdek, ushbu qurilish-montaj ishlari davomida aholi isteʼmolchilarini tabiiy gaz bilan barqaror taʼminlash boʻyicha barcha zaruriy choralar koʻrilishi taʼkidlangan. “Keltirilgan noqulayliklar uchun isteʼmolchilardan uzr soʻraymiz”, deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер