Fargʻona viloyatida patronaj va tez tibbiy yordam xizmati xodimlari zamonaviy planshetlar bilan taʼminlanmoqda

10:18 13 Yanvar 2026 Jamiyat
195 0

Ayni paytda Fargʻona viloyatida jahon andozalariga mos tibbiy xizmat koʻrsatish koʻlamini yanada kengaytirish maqsadida izchil saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish va raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan xizmat xodimlari uchun raqamli texnologiyalardan samarali foydalanishga qaratilgan qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bugungi kunga qadar viloyatda tez tibbiy yordam xizmati xodimlarini planshetlar bilan taʼminlash ishlari deyarli toʻliq yakunlandi. Ayni paytda patronaj hamshiralarini ham ana shunday zamonaviy texnik vositalar bilan taʼminlash ishlari bosqichma-bosqich davom etmoqda.

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad aholiga koʻrsatilayotgan birlamchi tibbiy xizmat sifatini zamon talablari va real ehtiyojlar asosida isloh qilish, tibbiy xizmatlarning tezkorligi va samaradorligini oshirishdan iborat.

Kuni kecha Fargʻona viloyati hokimligi hamda viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi masʼullari ishtirokida soha xodimlari uchun yana 1300 dona yangi planshet tantanali tarzda topshirildi. Tadbirda sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan amaliyotga joriy etilayotgan ushbu loyiha sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, kasalliklarni erta aniqlash va profilaktika qilish, shuningdek, xonadonbay ishlash tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

— Yaqin istiqbolda tibbiy xizmatlarni toʻliq raqamlashtirish rejalashtirilgan, — deydi Fargʻona viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Ramzbek Oʻtaboyev. — Ayni yoʻnalishda aholiga birlamchi tibbiy xizmat koʻrsatish boʻgʻini — tez tibbiy yordam va patronaj hamshiralarini barcha zarur texnik imkoniyatlar bilan taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Qayd etilishicha, mazkur texnik vositalar viloyatdagi davolash-profilaktika muassasalari oʻrtasida taqsimlanib, patronaj xizmatini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi. Bu esa hamshiralarga xonadonlarga tashriflari davomida aholi salomatligiga oid maʼlumotlarni elektron shaklda qayd etish, tahlil qilish va markazlashgan tizimga onlayn tarzda uzatish imkonini beradi.

Shu bilan birga, ushbu planshetlar oʻrta tibbiyot xodimlarining oʻziga biriktirilgan hududlarda profilaktik nazoratni kuchaytirish, aholi salomatligi bilan bogʻliq maʼlumotlarni tezkor va aniq tarzda qayta ishlash faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?