Fargʻona davlat universitetida Respublika oʻquv seminari: “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyatini oʻrganamiz

14:39 26 Fevral 2022 Jamiyat
1426 0

Foto: Халқ сўзи

Yoshlar yurtning kelajagini, uning ertangi taqdirini hal qiluvchi katta kuchdir. Shu bois mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatining aniq ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi. Ular bilan tizimli ishlash boʻyicha yangi oʻziga xos tartib va mexanizmlar joriy etildi. Fargʻona viloyatidagi oliy oʻquv yurtlarida bu borada keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Fargʻona davlat universitetida yoshlar bilan ishlash, tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va muammolarini hal etishda ilgʻor tajribalar yaratilgan. Mazkur oliy oʻquv yurti yon-atrofidagi mahallalar uchun maʼnaviyat markazi, madaniyat oʻchogʻi boʻlib xizmat qilyapti. Davlatimiz rahbarining “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori yoshlar bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish kabi maqsadlarga xizmat qiladi. Mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi va vazifalari belgilab berildi.

Fargʻona davlat universitetida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Viloyat hokimligi hamkorligida oliy taʼlim muassasalarining yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektorlari ishtirokida boʻlib oʻtgan bir kunlik Respublika seminari ham aynan ushbu qaror mazmun-mohiyati, uning targʻibot-tashviqotiga bagʻishlandi.

Ushbu treningga Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Viloyat hokimligidan, Respublika hududlaridan tashrif buyurgan mehmonlar, Oliy taʼlim muassasalaridan kelgan yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektorlari - yangi taʼmirdan chiqarilgan Pedagogika va psixologiya fakulteti binosining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdilar. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi sadolari ostida hilpirayotgan yurtimiz bayrogʻi universitet uzra baland koʻtarildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining axborot texnologiyalari va yoshlar boʻyicha oʻrinbosari Yusuf Absoatov, Maʼnaviy-axloqiy tarbiya boshqarmasi boshligʻi, Norim Raxmonov, Fargʻona viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Fayzulla Qosimovlar qatnashdilar.

Ishtirokchilar va mehmonlar yangi oʻquv binosi bilan tanishar ekanlar, bu joyda faoliyat olib borayotgan universitet Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkiloti kengashi xonasida boʻldilar va yoshlar bilan samimiy suhbat oʻtkazdilar.

Bu jarayonda tadbir ishtirokchilari oʻquv binosidagi dars mashgʻulotlari, Gimnastika zali bilan tanishishdilar va bunda “Ustoz-shogird” asosida ish olib borayotgan talabalarning koʻrgazmali chiqishlarini tomosha qildilar. Bu yerda qaror ijrosiga kirishgan holda, unda belgilangan sogʻlom turmush tarzi va sportni ommalashtirish borasida — mini-futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, velosport, yugurish, shaxmat, shashka, badminton, kamondan otish boʻyicha musobaqalarni tashkil etish rejalari taqdimotlar orqali koʻrsatib oʻtildi.

Seminar ishtirokchilariga yuqori kayfiyat ulashish maqsadida “Nilufar” talabalar teatr studiyasida tashkillangan Fargʻonacha askiya bazmi va yoshlarning spektakl namoyishi tadbirga oʻzgacha shukuh bagʻishladi. Fargʻonalik mashhur kulgi ustalari tomonidan samimiy hazilga yoʻgʻrilgan mutoyibalar, latifa va askiyalar barchaga oʻzgacha hush kayfiyat ulashdi. Tadbir ishtirokchilari Fargʻona payrovlari va askiyalaridan bahramand boʻldilar.

Ular mintaqada yagona boʻlgan yangi amaliy tajribalar maskani - Fargʻona davlat universitetining “Gender tenglik masalalari” tadqiqot markazi va “Bolajon” innovatsion markazi faoliyatini ham oʻrganib, ish jarayoni bilan qiziqdilar. Qarorda qayd etilgan yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, isteʼdodi va tashabbuslarini ragʻbatlantirish hamda hayotda oʻz oʻrnini topishlariga koʻmaklashish, ayniqsa, bu borada yosh onalar bilan alohida ishlash yuzasidan qilingan ishlar taqdim qilindi.

Maʼlumki, oliygohning mazkur “Gender tenglik masalalari” tadqiqot markazi xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini yanada oshirish, ilmiy salohiyatlarini kuchaytirish va mavqeyini yuksaltirish, huquqlarini har tomonlama himoyalash, ijtimoiy muhofaza qilish, intilish va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. “Bolajon” innovatsion markazi esa oilali, yosh farzandlari bor boʻlgan talaba-qizlarning taʼlim olishida ularga qulaylik yaratish, shuningdek butun universitet jamoasi xotin-qizlari farzandlari tarbiyasiga koʻmaklashish, talabalarning amaliyoti, oʻquv laboratoriya mashgʻulotlarini amalga oshirish kabi muhim yoʻnalishlarni amalga oshiradi.

Seminar avvalida Fargʻona davlat universiteti bilan tanishuv davom etar ekan, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash doirasida oliygohda amalga oshirilayotgan ishlar ham oʻrganildi. Bu borada harbiy va jismoniy taʼlim yoʻnalishidagi oʻquv binolarida yoshlarga yaratilgan sharoitlar koʻzdan kechirildi. Harbiy taʼlim fakultetining talaba-yoshlari tomonidan saf tayyorgarligi, qoʻl jangi, qurol oʻynatish mashqlari namoyish etildi. Fakultetda tashkil qilingan “Amir Temur”, “Iqtidorli talabalar”, “Vatan aziz - jasorat mangu” burchaklari seminar ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi, harbiy-taktik amaliyot, oʻquv jarayonlari ham mehmonlar diqqat-eʼtiborida boʻldi. Oʻqotar qurollardan foydalanishni oʻrganish, ularni yigʻish va sochish, nishonga olish kabi muhim amaliyotlar oʻtkaziluvchi tir mashgʻulotlari xonasida ishtirokchilar oʻz jangovar holatlarini sinovdan oʻtkazdilar. Fotoelektronika oʻquv-simmulyator xonasi, Harbiy boks, Harbiy qoʻshinlarni kundalik faoliyatini boshqarish xonasi ham ishtirokchilar nigohida boʻldi. Prezidentimiz qabul qilgan yangi qaror boʻyicha yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va huquqiy savodxonlikni oshirish borasida — “Yosh chegarachi”, “Yosh qutqaruvchi”, “Quvnoq startlar”, “Temurbeklar”, “Toʻmaris malikalari”, “Shunqorlar”, “Men ham askar boʻlaman” aksiyalari va harbiy qismlarga sayohatlar aynan shu Harbiy taʼlim fakulteti jamoasi boshchiligida tashkillanayotgani eʼtirof etildi.

Oliy taʼlim muassasalari vakillarining navbatdagi tashrifi - universitet sport majmuasidagi suv havzasi, voleybol hamda kurash musobaqalari maydoni boʻldi.

Seminar dasturi doirasida tadbirlar davom etar ekan, ishtirokchilar uchun tashkillangan madaniy dastur, vodiyning mashhur xonandalari ijrosidagi diltortar kuy va qoʻshiqlar Fargʻona davlat universitetiga bahoriy nafas, Navroʻzi ayyom tarovatini olib kirdi.

Yoshlarimiz - Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning markaziy manbaidir.

Shu bois, Respublika seminari doirasida Fargʻona davlat universiteti professor-oʻqituvchilari tomonidan Muhtaram Prezidentimizning “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi” Qarori, uning chuqur mazmun-mohiyati va ijtimoiy ahamiyati oliygoh talaba-yoshlariga tushuntirib, taqdimotlar, amaliy va hayotiy misollar orqali yoritib berildi. Bunda qarorda keltirilgan asosiy vazifalardan - mahallalarda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy xalq oʻyinlari va sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, besh muhim tashabbusni amalga oshirish boʻyicha kelgusi loyihalar namoyish etildi.

Shu kuni talaba-yoshlarning ilmiy, ijodiy, badiiy hamda kasbiy mahoratlari aks etgan koʻrgazma materiallari, rang-tasvir sanʼati namunalari, ularning oʻz qoʻllari bilan tayyorlangan, oʻzbekona milliy qadriyatlarimizni namoyon etguvchi hunarmandchilik buyumlari, duradgorlik mahsulotlari ham koʻpchilik eʼtiborida boʻldi.

Shuningdek, Zooinjeneriya: asalarichilik, anorchilik tuproqshunoslik, dorivor oʻsimliklar yetishtirish kabi sohalarda, fizika-texnika, matematika-informatika, tabiiy fanlar yoʻnalishlarida ilmiy-amaliy tadqiqot ishlari olib borayotgan talabalar, magistrlar faoliyati ham mehmonlar eʼtiborini tortdi.

Tadbirlar doirasida oliygohda bunyod etilgan “BOOK CAFE” binosining ham ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Mazkur maskan talabalar va universitet jamoasining erkin va mustaqil tarzda oʻz ustida ishlashlari, bir piyola choy ustida ijodiy mulohazalar yuritishlari, badiiy va adabiy asarlar mutolaa qilishlari, shuningdek, bepul WIFI zonasi yordamida internet manbalaridan foydalanishlari uchun qulay sharoit yaratadi. Endilikda "BOOK CAFE“da davlatimiz rahbari qarori ijrosi doirasida axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish borasida — «Bir million dasturchi”, “Dasturlashga birinchi qadam” loyihalarini amalga oshiriladi, shuningdek, kibersport chempionati va “Axborot texnologiyalari bilimdoni” tanlovi ham oʻtkazib boriladi.

Ochilish marosimidan soʻng seminar qatnashchilari issiqqina qahva va shirinliklar ustida fikr almashdilar.

Navbatdagi tadbirda mehmonlar universitetning zukko talabalaridan iborat guruhlarning “Zakovat” intellektual oʻyinini tomosha qildilar. Davlatimiz rahbarining “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi” Qarorida yoshlar yetakchisining asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilangan - yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularning intellektual jihatdan kamol topishini, maʼnaviy rivojlanishini taʼminlashda bu kabi oʻyinlarni oʻrni beqiyos, albatta.

Mazkur oʻyinni universitet rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Bahodirjon Shermuhammadov ochib berar ekan, oʻz nutqida mamlakatimizda Muhtaram Prezidentimiz tomonidan “Zakovat” oʻyinini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor haqida gapirib oʻtdi va yoshlarga aql jangida omadlar tiladi.

Shuningdek, tadbirda soʻz olgan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari Yusuf Absoatov aql va zakovatning kuchi, ilm va maʼrifatning inson hayotidagi oʻrni xususida, Fargʻona zaminidan yetishib chiqqan zakiy olimlar, buyuk donishmandlar, ziyokorlar tarixi toʻgʻrisida alohida toʻxtalib oʻtdi. “Zakovat” bellashuvlarida Respublika OTMlaridan tashrif buyurgan prorektorlar ham ishtirok etib, bir jamoa safida oʻyinga qoʻshildilar.

Shundan soʻng oliygoh mehmonlari universitet axborot-resurs markazida boʻlib, talabalar oʻrtasida oʻtkazilayotgan “Eng yaxshi kitobxon” koʻrik-tanlovi bosqichlarini kuzatdilar. Kitob va kitobxonlikning samarasi, bu borada ustozlarning kitobsevarlikka daʼvati, badiiy adabiyotning yoshlar tarbiyasidagi oʻrni haqida ham fikr-mulohazalar bildirildi.

Universitet tuzilmasidagi “Qatagʻon qurbonlari” muzeyi ham seminar ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan oʻrganildi. Ular muzeyda qatagʻon davrida millatga maʼrifat ulashib, jasorat koʻrsatgan jadidchi ajdodlarimiz, xalqimiz boshidagi tushgan “paxta ishi”ning asl tarixi, “quloq” siyosati, Fargʻona viloyati va uning aholisi taqdirida muhim oʻrin tutgan davlat va jamoat arboblari, mintaqa madaniyati, adabiy muhiti haqida toʻliq, qimmatli maʼlumotlarga ega boʻldilar.

Kunning ikkinchi yarmida seminarning asosiy maqsadiga – yaʼni - Prezidentimizning “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyatini oʻrganishga kirishildi.

Bunda Fargʻona davlat universiteti tajribasi misolida oliygoh va mahalla hamkorligi, “mahallabay” va «talababay» ishlash tizimi, bu borada yoshlar yetakchisini har tomonlama yetuk mutaxassisga aylantirish, ota-onalar va mahalla faollari, mahalliy tadbirkorlar bilan ishlash metodlari, yoshlar manfaatlariga xizmat qiluvchi tashkilotlardan unumli foydalanish, qarorda belgilangan “Yoshlar balansi”ni shakllantirish, yoshlar toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritilishi, ular bilan samarali ish tashkil qilishni oʻrganish kabi masalalar muhokama markazida boʻldi.

Seminar-treningda ishtirok etayotgan OTMlarning yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektorlari chiqishlari ham munozaralarga boy boʻldi. Ular tomonidan mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish borasida bildirilgan takliflar va tavsiyalar oʻzaro bahslarda, mulohazalarda yanada rivojlantirilib, tajribalar oʻrtoqlashildi. Bunda talabalarni qarorda koʻrsatilgan tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlovchi — “Oʻzbekiston uchun 100 gʻoya” va “Mahallaning ishbilarmon tadbirkori” tanlovlari, “Biznesga birinchi qadam” grant loyihasi hamda muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar bilan uchrashuvlarini tashkil etish chora-tadbirlari kelishib olindi.

Ishtirokchilar treningda oʻzlashtirgan bilim va koʻnikmalari xususida fikr bildirar ekanlar, Fargʻona davlat universitetida oʻtkazilgan seminar oʻz maqsadlariga erishganligi muzokaralarda namoyon boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?