Fargʻona davlat universiteti yutuqlari

22:27 11 Sentyabr 2023 Jamiyat
1203 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Fargʻona davlat universiteti nafaqat mamlakatimizda, balki xorijiy davlatlarda ham talabalarga puxta bilim beruvchi oliy taʼlim muassasasi sifatida yaxshi tanilgan.

Tahlillarga asoslanib aytish mumkinki, Fargʻona davlat universitetida 2016-yilda 27 ta taʼlim yoʻnalishi hamda 15 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlangan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich qariyb 3 barobarga ortib, 60 ta taʼlim yoʻnalishi va 34 ta magistratura mutaxassisliklarini tashkil etmoqda.

Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasiga koʻra, universitetda kredit-modul tizimida oʻquv rejalari va dasturlari yetakchi xorijiy tajriba hamda kadrlar buyurtmachilari ehtiyojlari asosida takomillashtirilmoqda.

Kutubxona fondidagi oʻquv va ilmiy adabiyotlarni toʻliq elektron shaklga oʻtkazish hamda yagona “Elektron kutubxona” platformasini ishga tushirish borasida ijobiy natijalarga erishildi.

Axborot-resurs markazi raqamli kutubxona dasturiy taʼminoti asosida mavjud 5 ta boʻlimning barchasi avtomatlashtirildi. ARM fondidagi barcha adabiyotlarni yangi oʻquv yiliga toʻliq elektron shaklga oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. 2016-yilda ARMda umumiy 150 oʻrinli oʻquv zallari mavjud boʻlsa, bugungi kunda bu koʻrsatkich 600 oʻrinni tashkil etmoqda.

Universitetda inklyuziv taʼlim shaklini joriy etish va rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Yosh olimlarning ilmiy izlanishlari har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda. Emin-erkin ilmiy izlanishlar olib borishlari uchun zamonaviy laboratoriyalar ochilib, moddiy-texnika bazasi yil sayin mustahkamlanmoqda. Bugungi kunga kelib, bu taʼlim dargohida 362 nafar ilmiy darajaga ega boʻlgan olim mehnat qilmoqda. Ularning 61 nafari fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega.

Prezidentimiz tomonidan OTM tizimini tubdan isloh qilish, sohaga yangi shukuh olib kirish, korrupsiyadan mutlaqo xoli, shaffof taʼlimni rivojlantirish, har bir hududning muammolarini hal etishga qaratilgan ilmiy ishlanmalarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan Farmon va qarorlari ijrosi bugun dastlabki mevalarini bera boshladi.

Jumladan, FarDU rektorati, professor-oʻqituvchilari jamoasi ham bu borada rejali ishlanmalar asosida faoliyat yuritib tegishli yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda. Jumladan, ilmiy loyiha va ishlanmalar salmogʻi ortib, byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan umumiy qiymati 2 836,0 mlrd. soʻmga teng boʻlgan 16 ta ilmiy loyiha, 500 mln. soʻmlik 1 ta “Drayver” loyiha hamda 2 ta innovatsion akademik korxona tashkil etildi.

Universitetning “Doʻstlik” oʻquv-tajriba hududida “Asalarichilik kovorking markazini tashkil etish” ilmiy loyihasi hamda “Dori-darmon uchun ekologik toza asalari zahari va asalari ona suti xom-ashyosini ishlab chiqarish” drayver loyihasi ham amalga oshirilib, hozirda asalari oilalari 100 taga yetkazilgan.

“Chorvachilik kovorking” markazini tashkil etish natijasida 40 ga yaqin qoʻy-qoʻzilar, 10 ta naslli mollar, parrandalar hamda baliq xovuzida hosildor baliq chavoqlari parvarish qilinyapti.

Quyosh energiyasi asosida ishlaydigan avtonom aerator ishlab chiqilib, baliq hovuzlarida foydalanilmoqda. Kaliforniya qizil chuvalchangi yordamida organik chiqindilardan biologik toza gumus olish texnologiyasini ishlab chiqish loyihasi ham yuqori samara bermoqda. Mazkur loyihada ishtirok etayotgan yosh olimlar organik mahsulot ishlab chiqarish orqali moʻmay daromad topish bilan birga gulchilik, limonchilik, koʻchatchilik sohalarini organik oʻgʻit bilan taʼminlashga ham xizmat qilmoqda.

Yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini oshirish hamda talabalarni yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida soʻnggi yillarda yangi oʻquv binolari va talabalar turarjoylari qurish borasida ham faolllik yaqqol koʻzga tashlanadi.

Shu oʻrinda raqamlarga murojaat qilamiz. 2017-yilda 1 ta 600 oʻrinli, 2023-yilda 1 ta 1200 oʻrinli yangi oʻquv binolari qurildi.

2017 — 2023-yillarda esa 6300 oʻringa moʻljallangan 7 ta oʻquv binosi mukammal taʼmirlandi. Barcha oʻquv binolari zamonaviy moddiy-texnika jihozlar bilan taʼminlanib, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, interaktiv panellar, kuzatuv kameralari bilan jihozlandi.

Shuningdek, talabalar turarjoylari sigʻimini oshirish maqsadida Fargʻona davlat universitetida 2022 — 2025-yillar davomida 7 ta jami 2 800 oʻrinli talabalar turarjoyi qurish rejalashtirilgan.

                                       

Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?