FAO Oʻzbekistonda qishloq aholisining daromadlarini oshirishga faol yordam bermoqda

23:00 12 Yanvar 2024 Iqtisodiyot
621 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Yangi yil Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Qashqadaryo, Xorazm viloyatlarining chekka hududlari qishloq aholisi uchun xushxabar bilan boshlandi. Gap shundaki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) ularni yangi agrosanoat uskunalari bilan taʼminlaydi, bu esa qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini sezilarli darajada oshiradi, shuningdek, uy xoʻjaliklari daromadlarini oshiradi.

Jumladan, Qoraqalpogʻistonning Qoraoʻzak va Beruniy, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz va Qamashi, Xorazm viloyatining Urganch va Yangibozor tumanlaridagi tomorqa xoʻjaliklari 30 ta issiqxona va 25 ta motokultivator oldilar.

Koʻmak Global ekologik jamgʻarma (GEF) tomonidan moliyalashtirilayotgan va FAO tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihasi doirasida koʻrsatildi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Yangi issiqxonalar loyiha hisobidan benefitsiarlarning tomorqa yer uchastkalariga oʻrnatildi. FAO mutaxassislari issiqxona egalariga sabzavot ekinlarini ekish boʻyicha tavsiyalar berishdi. Chunki, issiqxonalarda toʻgʻri tashkil etilgan ish butun yil davomida yuqori va barqaror daromadning kalitidir. FAOning Oʻzbekistonda boshqa loyihalarini amalga oshirish doirasida ham tomorqa xoʻjaliklariga issiqxonalar qurib berilgan boʻlib, amaliyotning koʻrsatishicha, ushbu issiqxonalar biznesi yiliga 10 million soʻmdan 30 million soʻmgacha daromad keltirishi mumkin.

Oʻz navbatida, yer uchastkalarini ishlov berishda motokultivatorlar katta yordam bermoqda. Ular ishni ancha osonlashtiradi va tuproqqa ishlov berish hamda ekish uchun tayyorlashda mehnatini yengillashtirmoqda.

“Issiqxonalarni va qishloq xoʻjaligi texnikalarini topshirish orqali biz qishloq aholisining daromadlarini barqaror oshirish, ularga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va oʻzini oziq-ovqat bilan taʼminlash uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishga harakat qilmoqdamiz”, — deydi FAO loyihasi milliy koordinatori Aziz Nurbekov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер