FAO Oʻzbekistonda ekinlarni sugʻorishni maqbullashtirishning yangi usullarini joriy qilishga koʻmaklashadi

12:55 26 Avgust 2023 Jamiyat
866 0

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) va Global Ekologik Jamgʻarmaning “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasini amalga oshirish doirasida FAOning yer va suv resurslari boʻyicha katta mutaxassisi Maxer Salmanning Oʻzbekistonga tashrifi tashkil etildi.

M. Salman Italiyaning Rim shahridagi FAOning Bosh vakolatxonasida suv resurslarini boshqarish guruhi ishiga rahbarlik qiladi. Tashrifning asosiy maqsadi Oʻzbekistonda ekinlarni sugʻorishni maqbullashtirish boʻyicha AquaCrop dasturining tizimli integratsiyasini qoʻllab-quvvatlashdan iborat.

AquaCrop — bu FAOning Yer va suv resurslari boʻlimi tomonidan oziq-ovqat xavfsizligi va atrof-muhit sharoitlari va boshqaruvining hosildorlikka taʼsirini baholash uchun ishlab chiqilgan “ekinlarni namlash” tizimining mahsuldorlik modeli. AquaCrop suvdan foydalanishga qarab ekinlarning hosildorligini bashorat qiladi, bu, ayniqsa, qurgʻoqchilik xavfi boʻlgan hududlar uchun dolzarb hisoblanadi.

“Dastur tuproq va iqlim omillarini hisobga olgan holda oʻsimliklarning oʻsish jarayonlarining kompyuter simulyatsiyasini yaratadi va maksimal hosil olish uchun sugʻorish suvining zarur miqdorini hisoblash imkonini beradi. Dasturning amalda qoʻllanilishi suv resurslarini sezilarli darajada tejab, tuproq unumdorligini oshirishga yordam beradi. Bu esa tabiiy resurslardan oqilona foydalanish orqali qurgʻoqchilikdan aziyat chekayotgan hududlarda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan loyihamizning maqsad va vazifalariga hamohangdir”, — dedi CACILM-2 loyihasi milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov.

Tashrif davomida Maxer Salman Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Suv xoʻjaligi vazirligida uchrashuvlar, shuningdek, Suv xoʻjaligi vazirligining Axborot-tahlil va resurs markazida seminar oʻtkazdi. Milliy hamkorlar bilan uchrashuvlarda suv resurslarini innovatsion va barqaror boshqarish masalalari, Oʻzbekistonda AquaCrop dasturining joriy qilinishi, qurgʻoqchilik va uning oqibatlarini oldini olish masalalari muhokama qilindi. FAO zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali suv tanqisligidan kelib chiqadigan muammolarni hal qilishda qanday yordam berishi mumkinligi muhokama qilindi.

Bundan tashqari, mutaxassis Buxoro viloyatidagi CACILM-2 loyihasining tajriba maydonlarida yer ostidan sugʻorish, yerga ishlov bermasdan ekish kabi usullar qoʻllanilayotgan loyiha maydonlarida erishilgan natijalar bilan tanishdi.

“Tajriba maydonlariga tashrif davomida biz anʼanaviy usullarga nisbatan iqtisodiy va texnik nuqtai nazardan tuproq ostidan sugʻorish va “nol” ishlov berishdan foydalanish samaradorligiga amin boʻldik. Buni ushbu usullarni kengaytirishdan manfaatdor boʻlgan fermerlarning oʻzlari ham tasdiqladilar”, — dedi FAOning yer va suv resurslari boʻyicha katta mutaxassisi Maxer Salman.

Maxer Salman Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish institutida ham uchrashuvlar oʻtkazdi, Samarqand viloyatida Agroinnovatsiyalar va ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan tanishdi hamda Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga tashrif buyurdi. Keyingi manzil Xorazm viloyati boʻlib, u yerda mutaxassis Chapqirgʻoq Amudaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi va Xorazm viloyati qishloq xoʻjaligi boshqarmasida uchrashuvlar oʻtkazdi.

Mutaxassisning fikricha, suv resurslari monitoringini yaxshilash uchun raqamli vositalar va platformalarni joriy etish, shuningdek, bu yoʻnalishda salohiyatni oshirish zarur. Maxer Salman taʼkidlaganidek, FAO tomonidan qoʻllab-quvvatlashning asosiy yoʻnalishlaridan biri suv taqsimlash uchun ishlatiladigan mavjud gidromodellarni yangilash boʻlishi mumkin, bunga RAP-MASSCOTE, AquaCrop va boshqa shu kabi FAO vositalaridan foydalanish orqali erishish mumkin.

Shuni taʼkidlash kerakki, AquaCrop modelining soʻnggi talqini (7.1) yaqinda ishlab chiqilgan boʻlib, ushbu havola orqali tanishish mumkin boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?