FAO Oʻzbekistonda “AkvaKrop” sugʻorish modelini joriy qilishga koʻmaklashmoqda

18:20 15 Aprel 2024 Jamiyat
247 0

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Buxoroda ekinlarni sugʻorishni yanada maqbullashtirish maqsadida “AkvaKrop” modelini joriy etish boʻyicha oʻquv seminari tashkil etildi.

Seminar Ispaniyaning Kordoba universiteti, Barqaror qishloq xoʻjaligi instituti, Belgiyaning Leven katolik universiteti xalqaro ekspertlari tomonidan olib borilgan mazkur seminarda Oʻzbekistonning tegishli vazirlik va idoralari mutaxassislari, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Suv xoʻjaligi vazirligi, Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti, “Oʻzgidromet” agentligi xodimlari, shuningdek, BMTTD va Shvetsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligining “Oʻzbekistonda suv resurslarini boshqarish Milliy loyihasi” vakillari ishtirok etdi. Tadbir Global Ekologik Jamgʻarma (GEF) tomonidan moliyalashtirilayotgan FAOning “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi doirasida tashkil etildi.

Taʼkidlash joizki, yaqin kunlarda loyiha doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Suv xoʻjaligi vazirliklari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida “AkvaKrop” oʻquv markazini ochish ham rejalashtirilgan. Yangi markaz Oʻzbekistonda “AkvaKrop” modelini yanada keng tatbiq qilish va suv sarfini maqbullashtirish, shuningdek, ushbu sohadagi mahalliy mutaxassislar salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Seminarda qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishni rejalashtirishda tabiiy-iqlim omillarini hisobga olish masalasi koʻrildi. Bunda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, atrof-muhit sharoitlari va resurslarni boshqarishning ekinlar hosildorligiga taʼsirini baholash maqsadida FAOning Yer va suv resurslari boʻlimi tomonidan ishlab chiqilgan “AkvaKrop” modelidan foydalanish taklif etiladi. Dastur tuproq va iqlim omillari asosida oʻsimliklarning oʻsishini kompyuter simulyatsiyasini yaratadi va hosildorlikni maksimal darajada oshirish uchun zarur boʻlgan suv miqdorini hisoblash imkonini beradi. Shunday qilib, “AkvaKrop” suv isteʼmoliga qarab oʻsimliklarning hosildorligini prognoz qiladi. Bu, ayniqsa, qurgʻoqchilik xavfi boʻlgan hududlarda juda muhimdir.

“FAOning suv masalalari boʻyicha olib borayotgan ishlari qishloq xoʻjaligida suvdan samarali va ekologik xavfsiz foydalanishga qaratilgan. Biz suv resurslari va ularga bogʻliq ekotizimlar holatiga zarar yetkazmasdan ishlab chiqarishni taʼminlashga intilamiz. “AkvaKrop” modelining amalda qoʻllanilishi qishloq xoʻjaligi ekinlari turlarini maqbullashtirish va ularning hosildorligini oshirish, shu bilan birga, suv resurslarini sezilarli darajada tejash imkonini beradi. Bu qurgʻoqchilikka moyil hududlarda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan loyihamizning maqsad va vazifalariga toʻla javob beradi”, — dedi CACILM-2 milliy loyiha boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov.

Seminarda Buxoro viloyatida sugʻorma dehqonchilikning oʻziga xos xususiyatlari koʻrib chiqilib, paxta, bugʻdoy va beda yetishtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Qurgʻoqchilik va shoʻrlanish xavfiga qarshi kurashish, sugʻorish texnologiyalarini takomillashtirishga oid alohida taqdimotlar oʻtkazildi.

Seminarning amaliy qismida ishtirokchilar Buxoro viloyatida “AkvaKrop” modelini sinovdan oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻldilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?