Yevropaning Ukrainaga “sovgʻa”si, Gʻazodagi urush va kelishuvga umid (+video)

22:23 09 Avgust 2024 Dunyo
231 0

Vositachilar Isroil va HAMASni oʻt ochishni toʻxtatishga chaqirmoqda

Qatar, Misr hamda Qoʻshma Shtatlar Isroil va HAMASni Gʻazo sektorida oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha muzokaralarni qayta boshlashga chaqirdi. Chunki Isroilning davom etayotgan bombardimonlari 40 mingga yaqin falastinlikning hayotiga zomin boʻldi.

Payshanba kuni eʼlon qilingan qoʻshma bayonotda uch davlat Isroil va HAMASni Doha yoki Qohirada shoshilinch muhokamani qayta boshlashga va kechiktirmasdan bitimni amalga oshirishga chaqirdi.

“Otashkesim kelishuvini tuzish, garovga olinganlar va mahbuslarni ozod qilish vaqti keldi. Biz kelishuvga erishish uchun bir necha oy ishladik va u hozir stolda, faqat amalga oshirish uchun tafsilotlar yetarli emas”, degan vositachilar.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuning idorasi chaqiruvga tezda javob berib, Isroil kelasi hafta tafsilotlarni yakunlash va kelishuvini amalga oshirish uchun muzokaralarda qatnashish uchun delegatsiya yuborishini aytdi. Falastin tomoni hozircha javob bermagan.

“Al Jazeera”ning siyosiy tahlilchisi Marvan Bisharning aytishicha, payshanba kuni eʼlon qilingan bayonot vositachilarning sabr-kosasi toʻlayotganini koʻrsatadi. “AQSH kengroq mintaqaviy urush xavfi tufayli koʻproq bosim oʻtkazishga majbur qilinmoqda”, deb tushuntirdi Bishar.

Ukraina NATOdan olgan “F-16” qiruvchi samolyotlarini namoyish qildi

Ukraina NATO ittifoqchilaridan oʻzining birinchi F-16 qiruvchi samolyotlarini oldi va bu mamlakatning mudofaa qobiliyatini sezilarli darajada oshirganini koʻrsatadi.

Maʼlum boʻlishicha, prezident Vladimir Zelenskiy qiruvchi samolyotlarni namoyish qilib, ularning Ukrainaning Rossiya bilan davom etayotgan mojarosida ahamiyatini naqadar katta ekanligini bildirgan. “F-16”larni Belgiya, Daniya, Niderlandiya va Norvegiya kabi davlatlar Ukrainaga sovgʻa sifatida joʻnatishgan.

Zelenskiy bu samolyotlar Ukrainaning urush boshlanganidan beri muhim ehtiyoj boʻlgan havo mudofaa tizimini kuchaytirishini bildirdi. 50-yildan beri xizmat qilgan va NATO tomonidan keng qoʻllanilayotgan “F-16” samolyotlari endi Ukraina harbiy arsenalining asosiy qismiga aylanadi.

Qiruvchi samolyotlarning namoyishkorona parvozlari ehtimoliy Rossiya hujumlaridan himoya qilish uchun xavfsiz joyda oʻtkazildi. Zelenskiy, shuningdek, Kiyev Moskvaning aerodromlarga qilishi mumkin boʻlgan hujumlaridan himoyalanish uchun samolyotlarning bir qismini xorijiy harbiy bazalarda saqlashi mumkinligini ham tan olgan.

Ukraina qoʻshni davlatlar bilan oʻz mudofaasini yanada mustahkamlash ustida ishlamoqda va NATO—Ukraina kengashi gʻoyasini taklif qilgan. Ushbu kengash NATO mamlakatlariga Ukrainani raketa hujumlaridan himoya qilish uchun koalitsiya tuzish imkoniyatini muhokama qilish imkonini beradi.

Xalqaro tahlilchilarga koʻra, Rossiya Ukrainada NATO davlatlarining harbiy qiruvchi samolyotlaridan foydalanish boshlansa, Moskva NATO obyektlarini nishonga olishi mumkin. “F-16” qiruvchi samolyotlarining Kiyevga olib kelinishi mamlakatning ushbu kurashdagi yangi sahifasining ochilganini anglatadi.

Shuningdek, Ukraina AQSHdan Kursk viloyatining bosib olingan hududlarini himoya qilish uchun ATACMS tizimidan foydalanish uchun ruxsat soʻragan. Raketalar Ukraina armiyasi pozitsiyalarini bombardimon qilayotgan Rossiya samolyotlari joylashgan aerodromlarga zarba berishda qoʻllash rejalashtirilgan. Bu haqda “The Washington Post”ga Zelenskiyning ismi sir saqlanishini soʻragan maslahatchisi xabar bergan.

“Ukraina oʻz suveren hududini qaytarib olish va jang maydonida muvaffaqiyatga erishish uchun zarur boʻlgan ishni qilmoqda”, deya Kurskdagi vaziyatga munosabat bildirdi Pentagon tomoni.

Rossiya va Xitoy 30-yil ichida birinchi marta ayirboshlash (barter) usulida savdo qilishga oʻtishi mumkin

Bu banklar orqali amalga oshiriladigan tranzaksiyalarga muqobil boʻlishi mumkin. AQSH tomonidan qoʻyilgan sanksiyalar tufayli Xitoy banklari Rossiya bilan tranzaksiyalarni toʻxtatmoqda yoki bunga turli cheklovlar kiritmoqda. Agentlik manbalarining qayd etishicha, Rossiya allaqachon barter savdosi qoidalarini ishlab chiqish harakatida va Xitoy ham shunday qilmoqda.

Vladimir Putinning may oyida Xitoyga tashrifi chogʻida tomonlar Xitoy banklari orqali toʻlovlarni kechiktirish masalasini muhokama qilishgan. Bundan oldin AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Pekinni Xitoy kompaniyalari Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qoʻllab-quvvatlasa, ularga qarshi ikkilamchi sanksiyalar joriy etilishi haqida ogohlantirgan edi.

“Reuters” agentligiga koʻra, Xitoy moliya sohasida Vashington tomonidan faoliyati nazorat qilinishi qiyinroq boʻlgan mintaqaviy banklarda faolroq ishtirok eta boshlagan. Shunga qaramay, hali ham bir qator qiyinchiliklar mavjud.

Shu sababli oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish orqali Rossiya bilan savdo qilish imkoniyatlari muhokama qilinmoqda. Agentlikning yozishicha, ushbu modelga asoslangan birinchi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdosi toʻgʻrisidagi bitimlar kuzda tuzilishi mumkin.

Moskva va Pekin oʻrtasidagi ayirboshlash usulida savdo toʻgʻrisidagi bitim Sovet Ittifoqi parchalanishidan oldin tuzilgan va 1990-yillarning oxirlariga qadar amal qilgan.

Isroilning Gʻazodagi bombardimoni kuchaydi

Isroil askarlari Gʻazo boʻylab hujumlarini kuchaytirmoqda. Isroilliklar oʻtgan kun ichida Gʻazodagi 60 ta nishonga zarba berganini daʼvo qildi. Harbiy obyektlar va qurol-yarogʻlarning katta qismi yoʻq qilingan. Shuningdek, Rafah hamda Gʻazo markazida oʻnlab jangchilar qatorida tinch aholi halok boʻlgan.

Yahudiy davlati kuchlari Jabaliya lageri yaqinidagi uyga zarba berib, 18 kishini yaraladi. Bir kishi qurbon boʻlgan.

Xon Yunisda ham jangovar operatsiyalar boshlangan. Isroil harbiylari bir qancha mahallalarni evakuatsiya qilishga buyurgan. Havo kuchlari HAMAS nishonlariga 30 dan ortiq zarba bergan. Gʻazo shahridagi bir nechta maktablardan boshpana topgan ayollar va bolalarni oʻz ichiga olgan koʻplab tinch aholi vakillari oʻldirildi.

Shuningdek, 9-iyun kuni ertalab Nuseyrat qochqinlar lageri yaqinida aholi turar-joyi nishonga olingan. Yarador va qurbonlar bor.

Xon Yunisda faoliyat yuritayotgan HAMAS askarlari jang maydonida portlamay qolgan Isroil bombalaridan qoʻlbola portlovchi moddalar tayyorlayotgani aytilmoqda. Dushanba kuni HAMAS jangchilari Isroilning F-16 qiruvchi samolyotidan tiklangan bombani Xon Yunis sharqida isroillik kuchlarga hujum qilish uchun ishlatganliklarini aytishdi. Isroilliklar hududlarda tozalash operatsiyasini olib borish maqsadida aholini evakuatsiya qilishga chaqirgan.

Yevropa Ittifoqi Falastin maʼmuriyatiga ishgʻol qilingan Gʻarbiy Sohilda maosh va pensiyalarni toʻlashda yordam berish uchun 43 million yevro ajratdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер