Yevropa davlatlari Isroil va Erondan fuqarolarini evakuatsiya qilishga kirishdi

Yaqin Sharqda keskinlashgan harbiy vaziyat Yevropadagi koʻplab davlatlarni favqulodda choralar koʻrishga majbur qilmoqda. Isroil va Eron oʻrtasidagi tanglik ortidan Germaniya, Chexiya, Slovakiya, Polsha, Rossiya kabi davlatlar bu mamlakatlarda qolayotgan oʻz fuqarolarini xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish boʻyicha harakatni boshlab yubordi.
Germaniya Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Isroildan evakuatsiya qilinishi rejalashtirilgan fuqarolar soni deyarli 4 ming, Erondan esa qariyb 1 ming nafarni tashkil etadi. Ushbu raqamlar ELEFAND inqiroz tizimida roʻyxatga olinganlar asosida hisoblangan. TIV vakillari barcha Germaniya fuqarolarini tizimga roʻyxatdan oʻtishga chaqirdi.
Evakuatsiya ishlari boshqa Yevropa davlatlarida ham boshlangan. Chexiya hukumati Isroildan 80 nafar fuqarosini avtoulovlar orqali qoʻshni davlatlardan biriga olib chiqib, u yerdan hukumat samolyoti bilan Pragaga olib ketdi. Biroq xavfsizlik nuqtayi nazaridan bu davlat nomi eʼlon qilinmadi. Slovakiya hukumati ham ikki hukumat samolyotini mintaqaga yuborib, evakuatsiya ishlarini boshlab yuborgan. TIV bayonotiga koʻra, birinchi bort 16-iyun oqshomida Bratislavaga yetib kelgan.
Polsha esa fuqarolarini Iordaniya orqali olib chiqmoqchi. TIV rahbarining oʻrinbosari Xenrika Yoanna Mossiskaya-Dendisning aytishicha, fuqarolar quruqlik orqali Amman shahriga olib borilib, u yerdan maxsus reys bilan Polshaga qaytariladi. Taxminan 200 nafar polshalik ayni damda Isroilda qisqa muddatli tashrif yoki sayohat maqsadida boʻlib turibdi.
AQSH elchixonasi ham Isroildagi ayrim diplomatlar va ularning oila aʼzolarini evakuatsiya qilmoqda. Amerikaga chiqib ketishni istagan fuqarolariga esa Iordaniya orqali mamlakatni tark etish tavsiya etilgan.
Rossiya elchixonasi esa Erondagi rossiyaliklarga Eron–Ozarbayjon chegarasidagi “Astara” nazorat-oʻtkazish punkti orqali chiqib ketishni maslahat berdi. Ushbu chegara orqali 88 nafarlik va 225 nafarlik ikki guruh Rossiya va boshqa davlatlar fuqarolari olib chiqilgan. Evakuatsiya qilinganlar orasida kinorejissyor Fedor Bondarchukning surʼatga olish jamoasi, diplomatlar oilalari hamda taniqli simfonik orkestr aʼzolari ham bor.
Ozarbayjon rasmiylari esa soʻnggi kunlarda Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Finlyandiya, Portugaliya va Filippin fuqarolari Eron orqali ularning hududiga kirganini tasdiqladi. Ushbu fuqarolar “Astara” punktidan oʻtkazilib, Boku shahriga yetkazilgan.
Mazkur holat Yaqin Sharqda yuzaga kelgan beqarorlik Yevropa davlatlarini oʻz fuqarolarini himoya qilishga chorlayotganini koʻrsatmoqda. Evakuatsiya tadbirlari davomida xalqaro hamkorlik, xavfsizlik choralari va logistika masalalari dolzarb boʻlib qolmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring