Yetuk mutaxassislar— xorijiy mehnat bozoridagi katta ehtiyoj

12:26 02 Dekabr 2025 Jamiyat
397 0

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda fuqarolarni chet elga tartibli joʻnatish asosida mehnat bozori diversifikatsiya qilinmoqda, yuqori maoshli ish oʻrinlarida ishlash uchun xorijga ketayotgan soni ham ortib boryapti. Natijada 2016-yilga nisbatan chet elda ishlayotgan fuqarolarning soni kamaygan boʻlsa-da, ular tomonidan yuborilgan mablagʻ 3,8 milliard dollardan 2025-yilning yanvar- okyabr oylari yakunida 15,8 milliard dollardan oshdi. Bu haqda 18-noyabr kuni Prezidentimiz rahbarligida oʻtkazilgan yigʻilishda taʼkidlandi. Taqdimotda chet el mehnat bozorida 140 mingdan ortiq malakali mutaxassislarga talab borligi, ammo xorijiy tilni bilish va kasbiy malaka boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash borasida muammolar mavjudligi aytib oʻtildi. Koʻpincha malakali mutaxassis chet tilini bilmaydi, til bilganning esa qoʻlida hunari yoʻq. Agar bu muammo oʻz yechimini topsa, yakuniy natija yanada yuqori boʻladi.

—Eʼtibor beryapsizmi, — deydi mazkur yigʻilishni kuzatgan Norin tumani hokimining Changitma MFYdagi yordamchisi Shaxboz Qoraboyev.—Davlatimiz rahbari yoshlarni ilm olishga, chet tilini oʻrganishga, hunarli boʻlishga daʼvat etyapti. Shu yerdami, chet eldami, bolalarimiz qiynalmasin, deyaptilar. Bugunning eng muhim muammosi ham shu. Aytaylik, bizni Changitma MFYda 4 550 nafar aholi yashasa, shularning 120 nafari Qozogʻistonga yo Rossiyaga borib ishlaydi, kimdir olti oy, yana kimdir bir necha yil. Ularning aksariyati yosh boʻlsa-da, ammo qoʻlida hunari yoʻq — achchiq boʻlsa-da, aytay—qora ishchi. Koreyaga ketganlar 6 kishi, Yevropaga esa 15 nafar. Koʻrib turganingizdek, oʻqimishli va qoʻlida yuqori maoshga loyiq hunari bor odamlarimiz juda kam. Ana shu sababli Prezidentimiz oʻtkazgan yigʻilishni jon-quloq boʻlib kuzatdim. Yoshlarni “pultopar” kasb egasi boʻlish qatori chet tillarni puxta bilishga undashim kerak, degan xulosaga keldim.

Yigʻilishda Prezidentimiz xorijiy mehnat bozori va migratsiya bilan bogʻliq barcha jarayonlarni “yagona darcha” tamoyili asosida birlashtirish vazifasi qoʻydi. Kelgusida Uchtepa tumanida “Xorijga ishga tayyorlash markazi”, Termiz shahrida “Yagona migratsiya xizmatlari” markazi tashkil etiladi. Poytaxtning Yashnobod tumanida esa xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda nemis va yapon tillariga oʻqitish maktablari ish boshlaydi.

Shuningdek, xorijiy davlatlardagi elchixonalarimizda migratsiya boʻyicha attashe lavozimi joriy etiladi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalarini koʻpaytirish, mamlakatimiz hududlarida esa viza markazlarining koʻchma ofislarini ochish koʻzlanmoqda.

—Siyosatchi emasmanu, ammo bu juda kerak, juda, — deydi Daniyada ham ishlab ham malaka oshirayotgan qoraqalpogʻistonlik yigit Yusufjon Hasanboyev.— Chunki Yevropaning Oʻzbekistonga qiziqishi beqiyos. Buni shu yil Prezidentimizning Yevropa Ittifoqi rahbarlari tomonidan iliq kutib olingani, Samarqandda muttasil xalqaro anjumanlari oʻtkazilayotgani jarayonida ham yaqqol koʻryapmiz. Aslida uch yil avval tengdoshlarim qatori men ham Rossiyaga ishlashga ketmoqchi yedim. Urushga aralashib qolishdan choʻchidim, bormadim. Shu orada qoʻshnim Rossiyadan qaytdi. Ikki yil ishlagan,uch-toʻrt soʻm topgan, ammo u oyogʻini sovuqqa oldirib nogiron boʻlib qoldi. Koʻngil soʻrashga chiqib, Rossiyaga ketmaganimdan quvondim. Soʻng universitetga oʻqishga kirgach, “Dairysoft”kompaniyasi rahbari Bahodir Tillaboyev bilan tanishdim. Uning yuzlab shogirdlari qatori olti oydirki, rasman Daniyadaman. 1200 boshdan ortiq sogʻin sigirlar parvarish qilinayotgan fermada vetvrach yordamchisi boʻlib ishlayapman. Maoshim 3 ming yevro. Jamoadoshlarim orasida Afrika, Ruminiya, Ukraina va Daniyaning oʻzidan ishchilar bor.

Yusufjonning aytishicha, bu yerda ishlagan odam vaqtning qadriga yetadigan insonga aylanadi. Ish vaqti haftasiga 36 soat, shundan oshdimi, oʻzingiz istamasangiz sizni hech kim mehnatga majburlay olmaydi. Bu boradagi qonun talabi qatʼiy. Ishdan soʻng dam olasizmi, sayr qilasizmi, bemalol.

—Daniya qatori Yevropaning oʻnlab shaharlarini kezdim, ammo hech bir moʻjiza ona yurtimchalik, kindik qonim toʻkilgan qishlogʻim, jonajon universitetim, ustozlarim singari meni oʻziga rom etmadi. Oʻzing tugʻilgan vatanning bir siqim tuprogʻi har qancha boylikdan ming chandon ustun ekan, —deydi Yusufjon.

—Vetvrachlik kasbini tanlab adashmagan ekanman, shu soha meni qishlogʻimdan olisda — Yevropaning chorvachilik rivoj topgan davlatida oʻz oʻrnimni topishimga madad berdi, — deydi xazorasplik yana bir yosh mutaxassis Diyorbek Eshchonov.— Oʻtgan yil 20-aprel kuni Kopengagen aeroportidan chiqayotgan chogʻ internet orqali otam va onamga video-qoʻngʻiroq qildim. “Oʻgʻlim aeroport koʻrinishini, shahar manzarasini tasvirga olib tashlagin,” dedi otam. Sezyapmanki, u oʻgʻlining chet elga yetib borganidan behad mamnun, xuddi oʻzi samolyotda uchganu Daniyaga kelgan.

Diyorbek koʻplab yangi doʻstlar orttirganidan, ingliz tilini mukammal oʻrganib olganidan xursand.

—Ishxona ham yashash joyimiz ham juda qulay. Daniya qishloq xoʻjalik tizimida sunʼiy intellekt xuddi odamdek harakat qiladi, uning taʼsir doirasi oshib boryapti. Buni nasib etsa, Oʻzbekistonga qaytgach, oʻz korxonamizni ochib albatta qoʻllaymiz. Eng katta orzuyim shu,— deydi Diyorbek.

Prezident ishtirokidagi taqdimotda migratsiya xizmatlarini raqamlashtirish masalasi ham koʻrib chiqildi. “Xorijda ish” platformasida 25 turdagi xizmat taqdim etilmoqda, joriy yil boshidan buyon 524 ming fuqaro onlayn xizmatlardan foydalangan. Lekin xizmatlarning barchasi ham raqamlashmagan. Prezidentimiz tizimga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali xizmat koʻrsatish jarayonlarini yanada takomillashtirish zarurligini qayd etdi. Platformada biometrik identifikatsiya, xorijdagi ish oʻrinlarini real vaqt rejimida kuzatish, fuqarolarga masofaviy maslahat berishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha rejalar haqida axborot berildi. Migratsiya agentligida fuqarolarga tunu kun tezkor yordam beradigan situatsion markaz tashkil etish taklif qilindi. Shuningdek noqonuniy migratsiya va konsalting xizmatlari koʻrsatishda firibgarlik holatlari koʻpayib borayotgani koʻrsatib oʻtildi. Shu munosabat bilan mehnat migrantlarining huquqiy savodxonligini oshirish juda muhim. Ana shu maqsadda xalqaro aeroportlarda interaktiv migratsiya infokiosklarini oʻrnatish, litsenziyasiz faoliyatni amalga oshirgan konsalting tashkilotlari uchun jarima miqdorini oshirish taklif qilindi. Jinoyat kodeksiga noqonuniy migratsiyani tashkil etish va koʻmaklashish uchun javobgarlik kiritish masalasini oʻrganish topshirildi. Bularning barchasi tizimli yanada samarali ishlashiga va xorijda ishlovchilar orasida yuqori malakali mutaxassislarni yanada koʻpaytirish, ularning huquqiy manfaatlarini toʻla-toʻkis himoya qilish imkoniyatlarini yaratadi.

Abdunabi Aliqulov,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?