Eshitgandan koʻrgan, koʻrgan va oʻrganib qoʻllagan afzal
Keyingi yillarda yurtimizning yangilikka tashna fermerlari dehqonchilikda Xitoy texnologiyalarini qoʻllab yuqori natijaga erishmoqda. Paxtachilikda hosildorlik 90 sentnerga chiqdi, gʻalla va boshqa ekinlar borasidagi oʻzgarishlar salmogʻi ham 25-30 foizga yuqori. Tomchilatib sugʻorish, nav tanlash, hasharot va kasalliklarga, begona oʻtlarga qarshi kurash borasidagi zamonaviy texnologiyalarning qoʻllanilishi yonilgʻi va texnika ishlovi bilan bogʻliq xarajatlarni karrasiga qisqartirmoqda. Oʻz navbatida bu yakuniy natija — daromadni koʻpaytirmoqda. Axir mehnat qilishdan asosiy maqsad ham shu — hosildorlikni oshirish, koʻproq foydaga erishmoq. Davlatimiz rahbari har gal agrar sohadagi oʻzgarishlarni tahlil etar ekan, muammolar yechimiga ilmiy asosda xorij tajribasini qoʻllagan holda yondashuv zarurligini taʼkidlaydilar. Bu juda oʻrinli va hayotda oʻz isbotini topgan talab. Ana shunga mos ravishda yaqinda Oʻzbekiston fermerlari kengashi tashabbusi bilan respublikamizning 70 nafardan ziyod ilgʻor fermer xoʻjaliklari rahbarlari Xitoy davlatida boʻlishdi. Bu haqda Oʻzbekiston fermerlari kengashi raisi oʻrinbosari, Fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi ijrochi direktori Toʻlqin Sattorov quyidagilarni soʻzlab berdi:
— Safar natijasida fermerlarimiz yuz marta eshitgandan bir bora koʻrgan, oʻrganib qoʻllagan afzal degan gapga yana bir karra amin boʻlishdi. Paxtachilik va gʻallachilik yoʻnalishida erishilayotgan yutuqlar,qoʻllanilayotgan zamonaviy agrotexnologiyalar, yuqori hosildor va iqlimga mos navlar seleksiyasi, suv va resurslarni tejashga qaratilgan innovatsion yechimlar koʻz oldimizda namoyon boʻldi. Xitoy agrar tizimdagi raqamlashtirish, dron va sensor texnologiyalaridan foydalanish amaliyoti fermerlarimizda katta qiziqish uygʻotdi.
Pekin shahrida joylashgan Xitoy qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi hamda Pekin qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi fanlari akademiyasida tashkil etilgan maxsus oʻquv kurslarida ishtirok etdik. Shu jarayonda yuqori hosildor, kasalliklarga chidamli navlar, suv tanqisligi sharoitida samarali sugʻorish usullari, oʻgʻitlarni aniq meʼyorlarda qoʻllash, yer unumdorligini saqlash va oshirish hamda raqamli monitoring tizimlari keng yoritildi. Ayniqsa, Xitoyda ilmiy tadqiqot natijalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ishlab chiqarishga joriy etish mexanizmining mukammal yoʻlga qoʻyilgani fermerlarimiz tomonidan alohida eʼtirof etildi.
Delegatsiyamiz Shandun provinsiyasida ham boʻlib, ushbu hududda qishloq xoʻjaligi industrial asosda, yuqori texnologiyalar va eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish tizimi orqali rivojlanayotgani bilan yaqindan tanishdi. Zamonaviy traktor va kombaynlar, yuqori unumli yigʻim-terim texnikasi, sensor va dronlar orqali ekinlarni monitoring qilish, tomchilatib va mikro-sugʻorish tizimlarini joriy etish amaliyoti chuqur tahlil qilindi. Bu tajriba qishloq xoʻjaligida texnika va texnologiyalarni bir butunlikda joriy etish orqali hosildorlikni oshirish bilan birga ishlab chiqarish xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish mumkinligini yaqqol koʻrsatdi.
Fermerlarimiz bu tamoyilni oʻzimizda qoʻllash kerak, degan fikrni aytishdi. Chunki Shandun tajribasi, texnika va uskunalarni import qilish va kelgusida mahalliylashtirish qiyinchilik tugʻdirmaydi va xarajatlar qisqa fursatda hosildorlikni oshirish hisobidan hech bir moneliksiz qoplanadi.
Yana bir muhim jihat shundaki, safarimiz davomida Oʻzbekiston fermerlari kengashi bilan Xitoy Xalq Respublikasining bir qator davlat va xususiy tashkilotlari bilan hamkorlik shartnomalari imzolandi. Ushbu kelishuvlar qishloq xoʻjaligi texnikasi va uskunalarini yetkazib berish, innovatsion agrotexnologiyalarni joriy etish, tajriba almashish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan boʻlib, kelgusida amaliy natijalar berishi tayin.
Shuningdek, Oʻzbekiston fermerlari kengashining Xalqaro Ipak yoʻli iqtisodiy alyansiga aʼzo boʻlishi hamda mazkur tashkilot prezidiumi aʼzosi va hamraisi etib saylanishi Oʻzbekiston fermerlarining xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, tashqi bozorlarga chiqish, investitsiya va texnologiyalarni jalb etish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Bunga aslo shubha yoʻq. Qolaversa Chin oʻlkasiga qilingan bu galgi safar tez orada oʻz natijasini beradi Chunki biz koʻrgan—bilganlarimizni respublikamiz miqyosida oʻtkazilayotgan amaliy seminarlaru tadbirlarimizda, ijtimoiy tarmoqlarda keng targʻib etishga ham jiddiy kirishdik.
Saloxiddin USMONOV,
Maʼruf OʻROZOV, Fermer xoʻjaliklarini qoʻllab- quvvatlash jamgʻarmasi mutaxassislari
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Buyuk shoirning Samarqanddagi tabarruk izlari
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Urush, jasorat va sport: hafta davomida dunyo eʼtiborini tortgan 10 ta surat
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring