Ertaga Gulistonda III Xalqaro baxshichilik festivali boshlanadi

14:49 05 May 2023 Madaniyat
755 0

Foto: «Xalq so‘zi»

Garchi III Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining ochilishi 6 mayda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan bo‘lsa-da, mana bir necha kundirki, Guliston shahrida ushbu ulkan madaniy-musiqiy bayram shukuhi kezmoqda. Viloyat musiqali drama teatri, “Bilimdonlar maskani” maydonlarida o‘z manzilgohlarini tashkil qilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan kelgan baxshilar, jirovlar,folklor-etonografik jamoalarining chiqishlari bir-biriga ulanib, tongdan tungacha davom etmoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, bugun Sirdaryo viloyati markazida tom ma’noda xalqimiz xalq og‘zaki ijodining turfa chechaklari jamlangan go‘zal guldasta jamlandi.

Yurtimizning har bir hududi vakillari festivalga katta tayyorgalik bilan keldi. Masalan, Surxondaryo viloyati jamoasi tarkibida o‘ndan ziyod taniqli va iste’dodli yosh baxshilar bo‘lishi barobarida, mazkur hududning paviloniga qo‘yilgan so‘zana, quroq va tuya jo‘nidan to‘qilgan gilam tomoshabinlar e’tibori va e’trofiga sazavor bo‘layotir.Gap shundaki, ushbu milliy buyumlardan birining uzunligi 33 metr bo‘lsa, boshqasi 25 metr atrofida.
 
- Ushbu festival nafaqat dunyo baxshichilik san’atining namoyishi, balki xalqimizning hamjihatligini mustahkamlaydigan, bir-biri bilan ijodiy hamkorlik qilish imkoniyatini ham beradigan, bir-biridan o‘rganadigan maydon hamdir,-deydi Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatri bosh rejissyori Umrbek Bekto‘rg‘anov.-Masalan, bizning boloman deb nomlangan musiqiy asbobimiz qo‘pchilikda qiziqish o‘yg‘otmoqda.Uning yoqimli ohanglari barchaning e’tiborini tortmoqda.

 O‘zbekiston xalq baxshisi Shoberdi baxshi Boltayevning kenja shogirdi,Surxondaryodan kelgan A’zam Allayev “ Biz yosh baxshilar qancha faxrlansak arziydi. Negaki, bir vaqtlar ne-ne baxshilarimiz orzu qilgan mana shunday jahon sahnasida, katta festivalda do‘mbira chertib, termalar, dostonlar aytishdek imkoniyatga egamiz ” deydi. Xivalik O‘rinboy baxshi Yusufov esa baxshichilik bo‘yicha ham tegishli ta’lim muassasalarida maxsus yo‘nalishlar tashkil etilganligi xalqimizning mazkur ulkan madaniy boyligini asrab-avaylash, yanada rivojlantirishga xizmat qilishini minnatdorlik bilan e’tirof etdi.

 Aytish lozimki, Gulistonda 6-8 may kunlari bo‘lib o‘tadigan baxshichilik festivaliga jami 1500 nafardan ortiq ijodkorlar jalb etilgan bo‘lib, tadbirning tantanali ochilish marosimiga alohida dastur asosida tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Baxshichilik san’atining aynan Guliston shahrida tashkil etilishining ramziy ma’nosi bor. Ya’ni, joriy yilda Sirdaryo viloyati tashkil etilganining 60 yilligi ham keng miqyosda nishonlanmoqda va ushbu sanaga bag‘ishlangan ko‘plab madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Ayni paytga kelib, mazkur anjumanda ishtirok etish istagini bildirgan 30 dan ziyod xorijiy davlatlardan baxshichilik san’atiga doir musiqa ijrochilari,taniqli madaniyat va san’at vakillari hamda ko‘plab ommaviy axborot vositalari vakillar, faxriy mehmonlar kelishi kutilmoqda.

Festival doirasida baxshichilik va dostonchilik san’atini rivojlantirish, baxshi-shoir, oqin va jirovlar ijodining sharq madaniyati va san’atidagi o‘rni hamda ahamiyatini yanada oshirish va boshqa masalalarga oid “Zamonaviy baxshichilik san’ati: oltin merosning yangi ohanglari”mavzuidagi halqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.Xorijiy va O‘zbekiston baxshichilik san’ati ustalarining yakkaxon konsertlari va dostonchilik kechalari,baxshi-shoir, oqin va jirovlar hamda folklor jamoalarining xalqaro ko‘rik-tanlovi,sayillar tashkil etiladi. Mamlakatimizning dunyoga mashhur shaxslari hayoti va ijodiy faoliyati haqida zamonaviy usulda sahnalashtirilgan dastur namoyishlari bo‘lib o‘tadi.Shuningdek,baxshichilik san’ati tarixiga oid ko‘rgazma, o‘zbek, fors, arab, ingliz va rus tillarida nashr etilgan ilmiy-tadqiqot asarlari hamda ilmiy-ma’rifiy adabiyotlar namoyishi ham bo‘ladi.

Festival ko‘rik-tanlovning g‘oliblari va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi va gala-konsert bilan yakunlanadi.

Ahmadali SHЕRNAZAROV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер