Eron matbuoti mamlakat milliy jamoasining “CAFA National Cup” finalidagi magʻlubiyatini ogʻir qabul qildi

20:29 11 Sentyabr 2025 Sport
215 0

Yaxshi bilasiz, joriy yilning 29-avgustidan 8-sentyabriga qadar Oʻzbekiston va Tojikiston mamlakatlarida Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi tomonidan “CAFA National Cup” musobaqasi oʻtkazildi.

8-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan final oʻyinida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi musobaqaning amaldagi chempioni Eron Islom Respublikasi terma jamoasi bilan bellashdi. Uchrashuv 1:0 hisobida terma jamoamizning gʻalabasi bilan yakunlandi.

Taʼkidlash kerakki, bu Oʻzbekiston milliy terma jamoasining Eron ustidan Toshkentda qozonilgan birinchi gʻalabasi boʻldi. Bungacha ushbu jamoalar oʻzaro 16 bor toʻqnash kelishgan va ushbu bahslarning faqatgina 1 tasi “oq boʻrilar”ning gʻalabasi bilan yakunlangan.

Tabiiyki, FIFA reytingida Oʻzbekiston terma jamoasidan 35 pogʻona balandda turgan Eron milliy jamoasining finalda yutqazishi mahalliy jurnalistlarning jiddiy eʼtirozlariga sabab boʻldi.

Jumladan, tarmoqlarda juda faol postlari bilan mashhur boʻlgan “Total Fut Plus” portalida quyidagi gaplar yozildi:

“Oʻyin juda yomon oʻtdi. Ariya Yusufi yoʻq joydan ehtiyotsizligi evaziga qizil kartochka ishlab oldi. Birinchi taymda Ali Neʼmati jamoamizning asosiy zaif nuqtasi boʻldi. Uning sust oʻyini tufayli Oʻzbekiston milliy jamoasi juda yaxshi imkoniyatlarga ega boʻldi.

Ikkinchi taymda ham ushbu ssenariy davom etdi. Faqatgina bir vaziyatda Saman Goddos pas berib Ramin Rizayonni birga-bir vaziyatga chiqarib yuborishi mumkin boʻlgan holatda uzatma bermay xato qildi. Bu vaziyat amalda oʻyin taqdirini oʻzgartirishi mumkin edi.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 120 daqiqa mobaynida darvozamiz oldida harakat qildi. Agar bugun omadimiz kelmaganida 3–4 ta gol oʻtkazib yuborishimiz ham mumkin edi. Afsuski, himoyamiz juda zaif.

Jahon chempionati saralashida Turkiya kabi tarkibida Yevropa TOP-5 chempionatlarida oʻynaydigan futbolchilari bor jamoa Ispaniyaga 0:6 hisobida magʻlub boʻldi. Endi oʻylab koʻring, jahon chempionatida ushbu jamoa biz kabi himoyasi dabdala jamoalarga nechtadan gol urar ekan?”

Eronning mahalliy “Football 360” teledasturi tahlilida esa Ali Galenoiy Eron termasi ustozi boʻlganidan beri jamoa mudofaasi yaxshigina zaiflashgani haqida gapirildi:

“Amir Galenoiy terma jamoani qabul qilib olganidan soʻng, 37 ta oʻyinda 29 ta gol oʻtkazdik. Bu umuman normal holat emas. Boisi bizga gol urgan jamoalar qatorida Tojikiston, Afgʻoniston, Qirgʻiz Respublikasi, Shimoliy Koreya, Gonkong, Falastin, Burkina-Faso kabi mamlakatlar bor.

Terma jamoamiz jahon chempionati saralashining soʻnggi bosqichida 10 ta oʻyinda 8 ta gol oʻtkazdi. Bu futbolimiz tarixidagi eng yomon koʻrsatkichlardan biri.

Umuman, Galenoiy Eronga bosh murabbiy boʻlganidan beri jamoamizning 60 foiz oʻyinida darvozamiz daxlsizligi saqlanib qolayotgani yoʻq”.

Eron davlat televideniyesidagi chiqishlari orqali millionlar muxlislarga ega boʻlgan sharhlovchi va jurnalist Adel Ferdosipur esa terma jamoa bosh murabbiyi Ali Galenoiyni jamoani yoshartirmayotganlikda aybladi.

“Galenoiy yoshlarni jamoaga jalb etib, jasorat koʻrsata olmaydi.

Jamoamizning oʻrtacha yoshi 29,4 ni tashkil etmoqda. Bu Eron chempionatidagi istalgan jamoadan yuqoriroq yosh degani. U 23 yoshdan kichik futbolchilarga umuman ahamiyat bermaydi.

Bugun dunyoda 18 yoshli futbolchiga yosh futbolchi sifatida qaralmaydi. Ammo biz 23 yosh futbolchini yosh deb atalmoqdamiz”, deb fikr bildirgan Adel Ferdosipur.

Erondagi eng mashhur axborot manbalaridan biri “Tarafdori” saytida eʼlon qilingan maqolada esa federatsiya oʻyindagi magʻlubiyatga hakamlikni koʻrsatgan holda, bosh murabbiyga imkoniyat berishda davom etishini tanqid qildi.

Eron futbol federatsiyasi Oʻzbekistondan CAFA finalida magʻlub boʻlganiga qaramay, milliy jamoa bosh murabbiyi loyihasini davom ettirishga qaror qilganini eʼlon qildi.

“Terma jamoamiz butunlay keraksiz turnirdagi magʻlubiyatdan soʻng, Ali Galenoiy bilan ishlashda davom etmoqchi.

Federatsiya rahbari Mehdi Toj oʻyindagi magʻlubiyatga hakamlarning Oʻzbekiston foydasiga chiqargan qarorlari sabab boʻlganini aytdi. Ammo, bosh murabbiy Galenoiyning xatolari haqida hech qanday fikr aytilmadi.

Mutaxassislarning tahliliga koʻra, baʼzi vaziyatlarda hakamlar Eron zarariga qaror qabul qilishgan boʻlishi mumkin. Ammo, magʻlubiyatning asosiy sababi bu emas”, deyiladi maqola mazmunida.

“Football 360” dasturidagi tahlilida, shuningdek, Eron futbol federatsiyasi Amir Galenoiyning Eron terma jamoasini Jahon chempionatiga olib chiqqanligini “katta yutuq” deb koʻrsatayotganligi, lekin bu narsa umuman katta yutuq emasligi qayd etildi.

“Biz jahon chempionatiga Galenoiy boshchiligida chiqdik, toʻgʻri. Ammo, bu katta natija emas. Ayniqsa bu yil.

Sababi bu safar Osiyo mintaqasiga mundial uchun 8,5 ta kvota berildi. Saralashning soʻnggi bosqichi 2 ta emas, 3 guruhda boʻlib oʻtdi. Shu bois Janubiy Koreya, Yaponiya yoki Avstraliya kabi jiddiy raqiblar bilan oʻynamadik. Oʻrtamiyona mutaxassislar ham bunday qulay saralash bosqichini muvaffaqiyat bilan tugatishlari mumkin edi”, deyiladi tahlilda.

Xullas, “CAFA National Cup” musobaqasidagi magʻlubiyatda Eron nashrlarining asosiy qismi hakamlikni emas, bosh murabbiy Ali Galenoiyni aybdor qilmoqda.

Hattoki, mahalliy “Karzar.net” saytida Galenoiyni ishdan boʻshatish toʻgʻrisida petitsiya eʼlon qilindi. Hozirga kelib, ushbu petitsiyaga imzo chekkan muxlislar soni 50 mingdan oshgani aytilmoqda.

Endi Eron futbol federatsiyasi qanday qarorga keladi? Yaqin kunlarda bilib olamiz.

Muhammadamin Zuhriddinov,

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер