“Energetika xavfsizligi oyligi” doirasida seminar oʻtkazildi

17:25 12 Noyabr 2024 Jamiyat
252 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryo viloyatida kuz-qish mavsumida aholining energiya resurslariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash uchun zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Energetika vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzenergoinspeksiya” va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda “Yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish yuzasidan” qoʻshma qaror ishlab chiqilgan. Ushbu qarorga koʻra, 2024-yilning noyabr oyi “Energetika xavfsizligi oyligi” etib belgilandi.

Shu munosabat bilan aholi orasida elektr energiyasini va tabiiy gazni iqtisod qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish boʻyicha Termiz shahrida koʻrgazmali amaliy seminar oʻtkazildi.

Tadbirda tuman (shahar) prokurorlari, barcha tegishli korxona va tashkilotlar vakillari, kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar, yirik energiya isteʼmolchilari, Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiya universiteti olimlari ishtirok etdi.

Seminarda viloyatda elektr energiya va tabiiy gazni iqtisod qilish, energotejamkor uskunalarni keng joriy qilish, ijtimoiy soha obyektlari va aholi xonadonlarini qish mavsumiga shay holatga keltirish, mavsum davomida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan noxush holatlarning oldini olish hamda yongʻin xavfsizligi tadbirlarini yanada samarali tashkil etish hamda barcha zaruriy choralarni koʻrish lozimligi taʼkidlandi.

Koʻrgazmada tegishli mutaxassislar tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazni yetkazib berish tahlillari, quyosh panellarining afzalliklari, imtiyozlar, tadbirkorlik subyektlariga boʻlib toʻlash sharti bilan hamda aholi xonadonlariga kredit mablagʻlari hisobidan quyosh panellarini oʻrnatish boʻyicha tushuntirishlar berildi.

Xususan, seminar davomida “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali direktori oʻrinbosari A.Turdiyev tomonidan zamonaviy energiya tejamkor gaz yondirgichlari foydalanilgan tabiiy gazni taxminan 30-35 foizga iqtisod qilinishi va nafaqat gaz tejalishi, balki oila byudjetiga ham foyda ekanligini misollar bilan tushuntirib berdi.

— Isteʼmolchilarimiz uchun energiya tejamkor yondirgichlarning afzal tomonlari koʻp, — deydi A.Turdiyev. — Masalan, u xavfsiz hisoblanadi, yaʼni bosim pasayib-koʻtarilishi oqibatida gaz uzatish tarmoqlarida uzilishlar boʻlganda, avtomatik tarzda oʻchib, gaz oʻtkazishni toʻxtatadi. Hozir aholi xonadonlarida tuman va shahar gaz taʼminoti boʻlimlari xodimlari tomonidan oʻtkazilayotgan targʻibot tadbirlarimizda bu haqida tushunchalar berilmoqda.

Masʼullarga “Energetika xavfsizligi oyligi” doirasida talon-toroj qilish holatlarini fosh etishga qaratilgan reyd tadbirlarini kuchaytirilgan tartibda amalga oshirish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер