Energetik tejamkorlik farovonlik garovi
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Shiddatkor zamonamizda elektr energiyasi taraqqiyotning muhim tayanchi hisoblanadi. “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJda keyingi yillarda amalga oshirilgan investitsion loyihalar tufayli zamonaviy boshqaruv tizimi yaratildi. Eski texnologiyada 1 kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun oʻrtacha 365,08 gramm shartli yoqilgʻi sarflangan boʻlsa, zamonaviy bugʻ-gaz qurilmalarida bu koʻrsatkich 220-235 grammni tashkil qilmoqda.
Shu kunlarda stansiyada Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation”, “Mitsubishi Power Ltd.” kompaniyalari konsorsiumi shuningdek, Turkiyaning “Çalik Enerji” kompaniyasi va “Oʻzbekenergotaʼmir” AJ pudratchiligida uchinchi bugʻ-gaz qurilmasini “loyiha kalitini taqdim qilish” xalqaro kontrakt shartnomasi boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Ushbu loyiha 650 megavatt qoʻshimcha elektr energiyasi olish imkonini beradi.
— Elektr energiyasi ishlab chiqarishning anʼanaviy texnologiyalarida foydali ish unumi odatda 40 foiz atrofida boʻladi. Korxonamizdagi birinchi bugʻ-gaz qurilmasida bu koʻrsatkich 57 foizni tashkil etgan boʻlsa, ikkinchisida 61 foizga teng. Uchinchi bugʻ-gaz qurilmasida bundan oshishi kutilmoqda, — deydi “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Akmal Fayziyev. — Davr energiya resurslarini tejash vazifasini qoʻyarkan, Prezidentimiz bu borada eʼtiborni uzoq istiqbolga qaratish, modernizatsiyaning har bir bosqichida texnik va maʼnan eskirgan barcha energoqurilmalarini ixcham, tejamkor zamonaviy texnologiyalarga asoslangan bugʻ-gaz qurilmalariga almashtirish vazifalarini belgiladi.
Bugʻ-gaz qurilmasining ishga tushirilishi natijasida korxonamizda yiliga 4,8 milliard kilovatt soat elektr va 932 Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Shu bilan birga, unda 347 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Loyiha 2026-yilning yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi. Bugun mazkur loyihaning qurilish maydonida 420 nafar mahalliy va 50 nafar xorijlik mutaxassislar mehnat qilmoqda. Toʻqsondan ortiq turli texnika va mexanizmlar jalb etilgan.
— Korxonamizda dastlabki bugʻ-gaz qurilmasini oʻrnatishda orttirilgan tajriba inobatga olinib, Yurtboshimiz dastlabki tashrif chogʻidayoq mamlakatimiz energetika tizimidagi boshqa stansiyalar uchun ham mutaxassis-xodimlar tayyorlash vazifasini qoʻygan edi, — deya davom etadi bosh direktor A.Fayziyev. — Shu asosda keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilib, eng zamonaviy oʻquv metodik qoʻllanmalar hamda texnologiyalar bilan taʼminlangan markaz faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Shu kunga qadar markazimizda nainki korxonamiz, balki respublikamizdagi turdosh energetika quvvatlari uchun ham bugʻ-gaz qurilmalari uchun malakali kadrlar tayyorgarlikdan oʻtmoqda.
Taʼkidlash joiz, elektr energiyasi nafaqat sanoat va xalq xoʻjaligi tarmoqlarini harakatlantiruvchi quvvat, balki har bir mamlakat aholisining turmush farovonligini taʼminlovchi va belgilovchi asosiy omildir. Shu bois mamlakatimiz energetikasi tizimidagi barqarorlik ertangi kunga ishonchini orttirib, koʻngillariga bugungi yangilanishlardan mamnunlik hissini uygʻotadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring