Yemirilishga chidamli va mustahkamlik darajasi yuqori

20:41 26 Fevral 2025 Iqtisodiyot
1079 0

Mamlakatimiz gidroenergetikasi rivoji yo‘lida mamlakatimizda bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Joriy yil foydalanishga topshirilishi belgilangan loyihalar orasida quvvati jihatidan eng yirigi bo‘lgan “Chotqol daryosida Quyi-Chotqol GES qurilishi” investitsiya loyihasi doirasida ilg‘or texnika va texnologiyalarning qo‘llanishi sohani diversifikatsiya qilish, mahalliy kadrlar malakasini oshirish va qurilish-montaj ishlarini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi, albatta.

Kuni kecha mazkur loyiha doirasida to‘g‘on yuvish galereyasida yemirilishga chidamli va mustahkamlik darajasi yuqori bo‘lgan (M800) beton quyish ishlari amalga oshirildi.

“Suv omboridan yillik qattiq oqimni (suvda erigan va tubda to‘plangan cho‘kindilar) yuvish jarayonida umumiy hajmi 1 mln.m³ bo‘lgan suv GES binosi va beton to‘g‘on ichida joylashgan yuvish galereyasi orqali o‘tkaziladi. Bu jarayonda yuvish galereyasi inshootining kontakt yuzasiga katta gidrostatik yuklama ta’sir qiladi.

Asosiy ishqalanish yuklamasi yuvish galereyasining tub qismiga va devorlarning o‘rtasigacha bo‘lgan qismiga tushadi. Yuvish galereyasining butun uzunligi bo‘ylab tub qismi quyma temir plitalar bilan qoplangan. Quyma temir — yemirilishga chidamli va uzoq muddat xizmat qiluvchi material bo‘lib, plitalarning konstruksiyasi eskirgan qismlarini yangilari bilan almashtirish imkonini beradi.

— Texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarga asosan, devorlarning yuqori qismi va yopma qismi yuqori yemirilishga chidamlilik va suv o‘tkazmaslik xususiyatlariga ega bo‘lgan maxsus yemirilishga chidamli beton bilan mustahkamlangan, — deydi “Gidroproyekt” AJ Loyiha bosh muhandisi Aleksandr Baglikov.

Ta’kidlash joizki, bu turdagi beton ishlarini qurilish jarayonida qo‘llash maxsus tayyorgarlik va laboratoriya sinovlarini o‘tkazish kabi tadbirlarni bajarish talab etadi. Mazkur tadbirlar Bosh loyiha tashkiloti — “Gidroproekt” AJ, Eronning loyiha tashkiloti — “U SUV ALAN” MCHJ, buyurtmachi — “Gidroqurilish buyurtmachi xizmati” MCHJ va Bosh pudratchi — “To‘palang HPD Holding” MCHJ mutaxassislari ishtirokida amalga oshirildi.

Betonning yemirilishga chidamliligini baholash maxsus laboratoriya usullari yordamida amalga oshiriladi:

— ishqalanishga chidamlilik sinovi – beton namunasining massasi yo‘qotilishini suv oqimi tarkibidagi qattiq zarralar ta’sirida o‘lchash;

— ishqalanish sharoitidagi mustahkamlik sinovi — qattiq zarrachalarning mexanik ta’siri orqali ekspluatatsiya sharoitlarini modellashtirish;

— betonning yemirilishga chidamlilik markasini aniqlash – standart sinovlarda massa yo‘qotilish darajasiga qarab tasniflash.

“Quyi-Chotqol GESning yuvish galereyasi uchun quyidagi parametrlarga ega bo‘lgan B60 sinfidagi og‘ir beton ishlab chiqildi:

— mustahkamlik — 77,06 MPa (786 kg/sm²);

— zichlik — 2500 kg/m³;

— aralashmaning harakatchanligi — P3-P4;

— muzga chidamlilik — F300<;

— suv o‘tkazmaslik — W18<.

— B60 betoni uchun komponentlar normativ hujjatlarga muvofiq tanlab olingan bo‘lib, bu uning yuqori mustahkamligi va ishqalanishga chidamliligini ta’minlaydi, — deydi “Gidroproyekt” AJ laboratoriyasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari G‘ayrat Nurimbetov.

Bosh pudratchi loyiha menejeri Valijon Ahmedovning aytishicha, “Gidrotexnik inshootlarning suv o‘tkazish konstruksiyalarini ekspluatatsiya qilish tajribasi shuni ko‘rsatadiki, suv oqimi bilan olib ketiladigan cho‘kindilarning ishqalanish ta’siri beton qoplamalarining sezilarli darajada yemirilishiga, ba’zi hollarda esa ularning butunlay yemirilishiga olib keladi. Bunday konstruksiyalarning uzoq muddatli xizmat qilishini ta’minlash uchun yuqori yemirilishga chidamlilikka ega maxsus beton tarkiblari ishlab chiqilgan. Hozirda bu kabi beton ishlarini bajarish uchun qurilish maydonida barcha zaruriy texnikalar, laboratoriya uskunalari va malakali kadrlar mavjud.

Yemirilishga chidamli betonlardan foydalanish gidrotexnik inshootlarning suv o‘tkazish inshootlarining xizmat muddatini sezilarli darajada uzaytiradi.

Umuman, B60 sinfidagi beton kabi maxsus tarkiblarni ishlab chiqish va joriy etish ekspluatatsiya xarajatlarini minimallashtirish hamda gidroinshootlarning ishonchliligini oshirish imkonini beradi.

Rahim SHERQULOV, "Xalq so‘zi".

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?