Elektron sigaretalarning tashqi koʻrinishi aldamchi boʻladi

15:50 17 Fevral 2024 Jamiyat
227 0

Elektron sigaretalar ommalashib borayotganiga uning zamonaviy koʻrinishi ham sabab boʻlmoqda. Afsuski, bunga aldanib, organizmini zaharlashga odatlanib qolayotgan yoshlar talaygina.

— Baʼzi elektron sigaretalar odatiy tamaki mahsulotlariga oʻxshasada, ularning ayrimlari bolalar va oʻsmirlarni oʻziga jalb qilish uchun kundalik ishlatiladigan buyumlar, masalan, bolalar multfilmlaridagi suratlar tushirilgan ruchkalar, USB-flesh kartalar shaklida ishlab chiqarilmoqda, — deydi Sogʻliqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish boʻyicha bosh konsultanti Shuhrat Shukurov.

— Bunday marketing yondashuvi elektron sigaretalarni, ayniqsa, yoshlar orasida ommalashishiga sabab boʻlyapti.

Batareykalar quvvati va elektron sxemalaridagi har xillik tufayli bunday mahsulotlar bir-biridan jiddiy farq qilishi mumkin.

Ulardagi nikotinning organizmga soʻrilishi tutunni tortish davomiyligi, nafas olish va foydalanish chastotasi, shuningdek boshqa omillarga ham bogʻliq.

Baʼzi chekuvchilar nikotin yoki boshqa narkotik moddalarning organizmga soʻrilishini yaxshilash maqsadida elektron sigaretalarning konstruksiyasini oʻzgartirishi, masalan, akkumulyator quvvatini oshirishlari kuzatiladi. Bu esa sogʻliq uchun jiddiy xavf tugʻdiradi.

Bir marta foydalaniladigan elektron sigaretalar nikotinli suyuqlikni almashtirib yoki qaytadan toʻldirib boʻlmaydigan sigʻimda boʻladi.

Qurilmadagi bugʻlatgich va bir marta foydalaniladigan batareya suyuqlik tugagandan soʻng tashlab yuboriladi.

Bir martalik elektron sigareta 300 va undan koʻp marta tortishga moʻljallangan. Unda nikotin miqdori 1 millilitrda 60 milligrammni tashkil etadi. Bu odatdagi 3 ta quti sigaretadagi nikotin miqdoriga teng.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?