Elektron hukumat – jamiyat erkinlashuvi omili
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev davlat va jamiyat munosabatlarini yana-da mustahkamlash, ularning taʼsirchanligini oshirishning samarali mexanizm va uslublarini joriy etishga jiddiy kirishdi. Rivojlangan davlatlarda boʻlganidek, fuqarolar huquq va erkinligini taʼminlashning samarador mexanizmini yaratish, ularning farovonligini va ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatidan qanoatlanish darajasini yana-da oshirishga qaratilgan bunday katta miqyosdagi chora-tadbirlar respublikamiz tarixida ilk marta amalga oshirila boshlandi. mamlakatimizda 2017-yilning yanvaridan boshlab barcha hududlarda Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalarini tashkil etish orqali odamlarning yillar mobaynida toʻplangan muammolari, dardi va tashvishlari eshitildi, rahbarlar xalq ichiga olib kirildi va imkon qadar koʻmak berildi. Buning natijasida davlatimizning obroʻ-eʼtibori ancha oshdi. Birgina 2017-yil mobaynida 1,5 milliondan ortiq fuqarolarimiz oʻz oilalari va jamiyatda yigʻilib qolgan muammolar yuzasidan qabulxonalarga murojaat etib, dolzarb va kundalik muammolarini hal qilishga erishdilar.
Oʻzbekistonda 2017-yilga kelib, davlat va jamiyatning oʻzaro aloqasini mustahkamlash, xalqning intilishi va ehtiyojini taʼminlash uchun axborot kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) tizimini rivojlantirishga katta zarurat tugʻildi. Jamiyat bilan davlat munosabatida bu istiqbolli soha yetakchi rol oʻynay boshladi. Soʻnggi yillarda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatida ochiqlik, shaffoflik koʻzga tashlanib, turli aloqa va axborot xizmatlari, ommaviy axborot vositalari (televideniye, radio, internet, gazeta, jurnal va boshqalar) orqali oʻz faoliyati haqidagi haqqoniy maʼlumotlarni oshkora tarqatishi jarayonini kuzatmoqdamiz. Davlat boshqaruv organlari va mahalliy hokimiyatlarning jamiyat bilan oʻzaro munosabatlarida “ikki tomonlama simmetrik” xizmat modelidan foydalanish jamiyat uchun oʻzaro maqbul qarorlarni qabul qilishga yordam bermoqda.
Siyosatshunoslik ilmiga koʻra, davlat xizmatining jamiyat bilan oʻzaro muloqoti quyidagi qoidalarga asoslanadi: jamiyatni davlat siyosati haqida xabardor qilib borilishi, maʼlumotlarni har bir fuqaroga yetib borishi; jamiyat bilan munosabatlar jarayonidagi tadbirlarning rang-barang boʻlishi; maʼlumotlarni toʻgʻri va toʻliq yetkazilishi; jamiyat uchun yoʻnaltirilgan maʼlumot sodda va tushunarli shaklda boʻlishi; muloqot yuqori etika darajasida tashkil etilishi. Oʻzbekistonda 2017-2021-yillarda aholining elektron hukumat tizimi yordamida mahalliy boshqaruv faoliyatida ishtirok etishi hukumatni bir guruh kishilar qoʻlida boʻlib qolish va korrupsiyalashish imkoniyatini yoʻqqa chiqarmoqda. Fuqarolar oʻzlarining yangi gʻoya, fikrlarini boshqa fuqarolarga zarar yetkazmagan, milliy xavfsizlikka yoki jamoat tartibiga xavf tugʻdirmagan holda, ommaviy tarzda ifoda qilish xuquqlariga ega boʻlmoqda. “Elektron hukumat” deganda davlat hukumati organlari oldida turgan vazifalarni yechish usullarini oʻzgartirish uchun yaratilayotgan axborot tuzilmasi tushuniladi. Masalan, davlat sektorlari oldin axborot texnologiyalarini alohida departament va tashkilotlarda ichki foydalanish uchun qoʻllagan boʻlsa, endilikda axborot texnologiyalari katta qimmatga ega boʻlib, “tezkor, yaxshi, arzon, murojaat etish mumkin boʻlgan” tamoyillariga asoslangan holda faoliyat yuritmoqda.
Davlat va jamiyat tizimida modernizatsiyalash elektron hukumatga koʻp tomonlama bogʻliq jarayon boʻlib, davlat organlari faoliyatida aholi uchun AKTni joriy etilishi baravarida davlat boshqaruvida yangi imkoniyat yaratiladi. Elektron hukumat ikki muhim vazifani bajaradi: birinchisi, hukumat va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlarni yaxshilaydi; ikkinchisi, turli darajadagi davlat tashkilotlari (markaziy, hududiy, mahalliy) va turli sohalardagi (qonunchilik, ijro, sud hokimiyati) idoralar oʻrtasidagi ichki munosabatlarni mustahkamlaydi. Chindan ham, elektron hukumat shakllangan 200 dan ziyod davlat xizmatlari turlari haqidagi maʼlumot va xizmatlarni aholiga, bank, biznes va davlat organlari shaxobchalariga, idora va tashkilot rahbarlariga yetkazish, axborot texnologiyalaridan yuqori darajada foydalanib, buyurtmachi va davlat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar masofasini qisqartirish vazifasini yaxshi ado etmoqda.
Bizga maʼlumki, davlat boshqaruvida elektron hujjatning aylanishi tizimi boʻlgan Elektron hukumat mamlakat miqyosida barcha boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirishga asoslanadi. U davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish maqsadida jamiyat aʼzolari uchun ijtimoiy kommunikatsiya tarmoqlarini tashkil etmoqda, jamiyat boshqaruvining umumdavlat tarmoqlangan hujjatlarini boshqarish va qayta ishlash jarayonlariga bogʻliq bir qator masalalar majmuasini shakllantirmoqda.
Shuni taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-son “Oʻzbekiston Respublikasini yana-da rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmonining davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan birinchi yoʻnalishida mamlakatimizni modernizatsiya qilishda “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish, davlat xizmatlari sifati va samarasini oshirish vazifasi aniq belgilab berilgan edi. Demak, hukumatning mazkur tizimni yoʻlga qoʻyishidan koʻzlangan maqsad: aholi va tijoratga hukumat tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlarni optimallashtirish; barcha saylovchilarning davlatni boshqarish va rahbarlik jarayonidagi ishtiroki darajasini oshirish; fuqarolarning oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini kengaytirish; fuqarolarning texnologik taʼminlanganligini koʻtarish; davlat boshqaruvida sarf xarajatlarni kamaytirish, siyosiy tizimning samaradorligini oshirish va raqobatbardoshlikni taʼminlashdan iborat. Ushbu masalalarning yechimi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari samaradorligini oshirib, ularga bogʻliq sarf-xarajatlarni 5-6 baravar kamaytiribgina qolmasdan, jamiyat bilan hukumat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni tubdan yaxshilamoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bu, oʻz navbatida, jamiyatni siyosiy modernizatsiyalashuvi va davlatimizning xalq oldidagi masʼuliyatini yuqori pogʻonaga koʻtarilayotganidan darak beradi. Ilmiy tahlillar shundan dalolat bermoqdaki, Oʻzbekistonda 2015-yillardan boshlab elektron hukumat tizimi shakllanishi natijasida davlat va jamiyat munosabatlarini muvofiqlashtirish, oʻzaro elektron muloqot va kelishuvlar tufayli siyosiy qarama-qarshiliklarni barham toptirish, hukumatga boʻlgan xalq noroziligini kamaytirish imkoniyati yaratildi. Bu esa mustaqillik yillarida ijtimoiy-siyosiy sohada erishilgan eng yaxshi yutuqlarimiz sirasiga kiradi.
Bizga maʼlumki, mamlakatimizda davlat va jamiyat tuzilmalari faoliyatida elektron hukumat uchta bosqichda joriy etildi:
Birinchi bosqichda AKT vositasi davlat organlari axborotlariga tashkilot, korxona va fuqarolarning murojaatini koʻrishni tezlashtirdi va aniq manzilini belgiladi. Uni amalga oshirish uchun davlat organlari oʻz veb-saytlarini yaratishdi, saytlar reytingi eʼlon qilindi, ularga qonunchilik va boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, kerakli shakllar, statistik va iqtisodiy maʼlumotlar kiritib borildi. Bu bosqichning asosiy elementi maʼlumotlarning tez yangilanishi hamda barcha davlat axborot resurslarini jamlab, “Yagona darcha” orqali murojaatni taʼminlovchi davlat veb-portalining mavjudligi hisoblanadi.
Ikkinchi bosqichda davlat xizmatlari (koʻchmas mulk va yer maydonlarini roʻyxatga olish, soliq deklaratsiyalarini toʻldirish, ruxsatnoma olish uchun arizalar berish va boshqalar) onlayn rejimida taqdim etildi. Mazkur bosqichga oʻtish byurokratik toʻsiqlarga barham berdi, murakkab jarayonlar soddalashdi, tashkilot rahbarlari bilan bevosita muloqotlar paydo boʻldi. Bu bosqichda hukumat organlariga elektron shaklda (e-servises) “Yagona oyna” orqali haftaning 7 kuni va kunning 24 soati mobaynida xizmat koʻrsatiladigan boʻldi.
Uchinchi bosqichda davlat siyosatini ishlab chiqishning jamiki jarayonlarida oddiy fuqarolar va firmalar rahbarlarining siyosatchilar va rahbarlar bilan interaktiv munosabatlari taʼminlandi. Bu ishlar asosan veb-forumlar orqali amalga oshirilib, qonunchilik dalolatnomalari va meʼyoriy-huquqiy hujjatlar loyihalari, taklif va tavsiyalar jamlanib, qizgʻin muhokama etildi.
Siyosatshunos va iqtisodchi olimlar, soha mutaxassislari elektron hukumat xizmatini ikki maʼnoda talqin qilishadi: birinchisi, yangi axborot texnologiyalari asosida davlat boshqaruv faoliyatini takomillashtirish va aholiga samarali xizmat koʻrsatishni taʼminlash; ikkinchisi, idoralar, tashkilotlararo munosabatlar usulini modernizatsiyalash (zamonaviylashtirish), davlat boshqaruvining jamiyat bilan oʻzaro munosabatlarini toʻliq yoʻlga qoʻyishdir. Shu tariqa, davlat va hukumat elektron vositalar yordamida aholiga, biznes-tashkilotlariga samarali xizmat koʻrsatadi, vazirlik va idoralar oʻrtasidagi munosabatlar takomillashib boradi.
Haqiqatan ham, Oʻzbekistonda elektron hukumat tizimi jamiyat modernizatsiyalashuvining samarali kechishiga yaxshi xizmat qilmoqda. Jumladan, bu tizim aholiga va tadbirkorlarga qulay, tezkor xizmat koʻrsatish; fuqarolarning oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish jarayonlari izchilligini oshirish; ularning texnologik savodxonlik darajasini koʻtarish; saylovchilarning faolligi va ijtimoiylashuvini taʼminlash; fuqarolar geografik joylashuvi taʼsirini kamaytirish; hududlar aholisi siyosiy madaniyatidagi farqlarni kamaytirish singari qoʻshimcha imkoniyatlarni yaratib bermoqda.
Xoʻsh, bu tizim orqali biz nimalarga erishdik? Maʼmuriy boshqaruvning sarf-xarajati kamaydi va ijro hokimiyatining samaradorligi anchagina koʻrindi; jamiyat va hukumat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning mazmun- mohiyati va shakli ijobiy tomonga oʻzgardi; Demokratik jarayonlarni takomillashtirishga keng imkoniyatlar yaratildi va xalq oldida davlatning masʼuliyati, javobgarligi oshdi.
Biz maqolamiz soʻngida elektron hukumat tizimida oʻz yechimini kutayotgan ayrim muammolarni keltirib oʻtmoqchimiz. Bular: hukumat axborot tizimlari oʻzaro muvofiqligini, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining kompyuter tarmogʻiga keng doirada kira olishini taʼminlash; davlat axborot tizimlari integratsiyasiga erishish; maʼlumotlarga murojaatlarning meʼyoriy-huquqiy bazasini yaratish; axborot-maʼlumot tizimini rivojlantirish va davlat xizmatlarini taqdim etish jarayonida elektron kommunikatsiyani joriy etish; olingan natijalar asosida boshqaruv tizimini yana-da takomillashtirish.
Harakatlar strategiyasi – milliy taraqqiyotning takomillashgan konseptual modeliga aylanib ulgurdi. Bunday siyosiy modernizatsiyalash aslida anʼanaviy jamiyatni zamonaviylashtirish boʻlib, milliy rivojlanishda bir qadam olgʻa siljishni bildiradi. Xalqaro andozalar, jahon talablariga yetib olish maqsadida Oʻzbekistonda siyosiy modernizatsiyaning jadallashgan modeliga oʻtildi. Bizning nazarimizda, davlat boshqaruvida yangicha yondashuv va tamoyillarni ishlab chiqishga taraqqiyot yoʻlimizning chuqur tahlili, jahon bozori konyunkturasining keskin oʻzgarayotgani, globallashuv sharoitidagi tobora kuchayayotgan raqobat kabi omillar sabab boʻldi, albatta. Agar jiddiy tanishsangiz, ushbu tarixiy hujjatda yurtimizning salohiyat va imkoniyati xolis baholanishi bilan birga, xato va kamchiliklarimiz tanqidiy tahlil etilgan.
Siyosiy hokimiyatning asl maqsadi – yurtimizda xalq hokimiyatini nomiga emas, balki amalda joriy qilish mexanizmlarini mustahkamlashdir. Bunday keng miqyosdagi islohotlardan asl maqsad esa xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishiga erishishni koʻzlaydi.
Xulosa shuki, elektron hukumat tizimimiz jamiyat erkinlashuvi va fuqarolarimizning ijtimoiy faolligiga benazir xizmat qilmoqda.
Baxtiyor OMONOV, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori, siyosiy fanlar doktori
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring