Elektromobilda taksichilik qiladiganlarga bir qator imtiyozlar beriladi

13:30 26 Dekabr 2025 Siyosat
139 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida beshinchi ustuvor yoʻnalish – ekologik muvozanatni taʼminlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish ekanini taʼkidladi.

Yirik korxonalarga filtr, tozalash inshooti va havoga chiqariladigan zararli moddalar tashlanmalarini monitoring qilish stansiyasi oʻrnatish uchun 100 million dollarlik kredit liniyasi ochiladi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 2 mingga yaqin koʻmir va gazda isitiladigan issiqxona bor. Endi filtrsiz koʻmirda ishlaydigan qozonxonalardan voz kechiladi. Ular poytaxt atrofidan koʻchirilib, hamma joyda markazlashgan qozonxonalar orqali isitish yoʻlga qoʻyiladi.

Shu maqsadda 200 gektardan kam boʻlmagan agroklasterlar tashkil etiladi, ularning tarkibiga oʻtmoqchi boʻlgan issiqxonalarga alohida subsidiya beriladi.

Avtomobillarga ekologik stikerlar berish tizimi joriy qilinadi

Shaharlardagi tirbandliklar nafaqat odamlar hayotini qiyinlashtirmoqda, balki ekologiyaga ham jiddiy zarar yetkazayotgani qayd etildi.

Shu bois, dunyo tajribasidan kelib chiqib, avtomobillar chiqarayotgan zararli moddalar darajasiga qarab ekologik stikerlar berish tizimi joriy etiladi.

Katta miqdorda zararli moddalar chiqaradigan avtomashinalarning poytaxt va viloyat markazlari hamda shaharlarga kirishi cheklanadi.

Bunday transport vositalarini yangisiga almashtirish yoki ularga filtr oʻrnatish uchun davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari koʻriladi. Buning uchun alohida jamgʻarma tashkil qilinadi.

Eski mashinasini almashtiraman deganlarga avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi. Filtr oʻrnatib, zararni kamaytirishga tayyor boʻlgan haydovchilar uchun xarajatlarining bir qismi boʻyicha subsidiya ajratiladi.

Poytaxtimiz va yirik shaharlarda jamoat transportini rivojlantirish ustuvor vazifa boʻladi. Shahar koʻchalarida avtobus va taksilar uchun maxsus yoʻlaklar koʻpaytiriladi. Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida transport harakatini intellektual svetoforlar orqali boshqarish tizimi joriy etiladi.

Elektromobillardan foydalanishni kengaytirish yanada ragʻbatlantiriladi

Ekologik avtomobillarni koʻpaytirish boʻyicha besh yillik dastur amalga oshiriladi. Bunda mahalliy elektromobillarga 12 foizli, xorijiy elektromobillarga esa 16 foizli avtokreditlar ajratiladi.

Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini tashkil qilish uchun tadbirkorlarga 10 foizli imtiyozli kreditlar beriladi, yerlarni auksiondan 2 karra arzon narxda sotib olish imkoniyati yaratiladi.

Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida avtomobillarni zaryadlashda 1 kilovatt-soat elektr energiyasi narxining 300 soʻmdan oshgan qismi davlat byudjetidan qoplab beriladi. Elektromobilda taksi xizmati koʻrsatadigan fuqarolarga ham bir qator imtiyozlar beriladi.

Chang-toʻzonlarning oldini olish uchun Surxondaryoda 10 ming gektarda “yashil makon” va Sirdaryoda 84 kilometrli “yashil devor” barpo etiladi.

Qoraqalpogʻiston, Xorazm, Buxoro va Navoiyda jami 250 ming gektar, jumladan, Orolning qurigan tubida 115 ming gektar yerda daraxt va butalar ekiladi.

Har bir hududda botanika va dendrologiya bogʻlari hamda 20 tadan soya-salqin sayr koʻchalari barpo qilinadi.

Korxonalarda ekostandartlarni joriy qilish uchun kelgusi besh yilda kamida 30 ming nafar ekologiya menejeriga talab paydo boʻladi. Shuning uchun 2026-yilda har bir hududda “yashil” texnikumlar tashkil etilib, dual taʼlim asosida yiliga 10 ming mutaxassis tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.

Yangi yilda Markaziy Osiyo Yashil universiteti faoliyati kengaytiriladi. Havo, suv va tuproq sifatini aniqlash imkonini beradigan kompleks laboratoriyalar tashkil etiladi. Shaharlarda tabiiy ventilyatsiyani kuchaytirishga qaratilgan tadqiqotlar oʻtkaziladi.

Umuman, ekologiya sohasiga 2026-yilda 1 trillion 900 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?