Elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanib yarim milliard soʻmlik zarar yetkazgan shaxslar aniqlandi

10:52 09 Iyul 2024 Jamiyat
286 0

Foto: Xalq so`zi kollaj

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon, Jarqoʻrgʻon, Rishton va Margʻilon boʻlimlari jami qiymati 683,5 million soʻmlik zarar yetkazgan tadbirkorlar va fermer xoʻjaliklari aniqlandi. Bu haqda Departamentning matbuot xizmati xabar bergan.

Maʼlum boʻlishicha, «K.D.» MCHJ masʼul shaxslari va boshqalar “Sultonobod” MFY hududida joylashgan ushbu MCHJga qarashli savdoni tashkil qilish uchun maydonlarini ijaraga berish faoliyatini amalga oshirish davomida umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga oʻrnatilgan elektr energiyasini hisobga olish uskunasiga qasddan tashqi taʼsir koʻrsatib, jami 269 million soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Shu kabi yana bir holat Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon tumanida sodir etilgan. Qayd etilishicha, J.P. “Oqtepa” mahallasidagi ekin yer maydonida elektr suv nasosni umumiy foydalanishdagi tarmoqqa ulab, jami 227,8 million soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.

Departamentning Rishton tumani va Margʻilon shahri boʻlimlari tomonidan ETK xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda “B-M.” fermer xoʻjaligi va «М.М.» xususiy korxonasi rahbarlari elektr hisoblagich koʻrsatkichlarini oʻzgartirish uchun tashqi taʼsir oʻtkazib, tijorat maqsadida 186,7 million soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari uchun javobgarlikka tortiladi.

“Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda”, deyiladi xabarda.

Avvalroq, Alisher Qodirov daromadi 5 milliondan yuqori qatlamga imtiyozli narxdagi 200 kVt norma qoʻllanilmasligini soʻrab chiqqan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?