Elchi boshchiligidagi GFR ishbilarmonlari Navoiy viloyatida
Foto: “Xalq so‘zi”
Tashrif doirasida mehmonlar dastlab Navoiy viloyati hokimi v. B. Normat Tursunov tomonidan qabul qilinib, ularga viloyatning iqtisodiy salohiyati va investitsiyaviy jozibadorligi xususida batafsil maʼlumot berildi.
Viloyat hokimligi axborot xizmati taqdim etgan maʼlumotga ko‘ra, viloyat rahbari Germaniya yirik ishbilarmon doiralari vakillarining hududga tashrifidan mamnunligini taʼkidlab, O‘zbekistonning yirik sanoat markazi sifatida viloyat mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutishiga eʼtibor qaratdi. Xususan, hudud tabiiy resurslarga boy bo‘lib, oltin, volfram, fosforitlar, kvars qumi, sement xomashyosi, ohaktosh va boshqa ko‘plab yer osti va usti qazilma boyliklari mavjud 100 dan ortiq mineral-xomashyo bazasi va 2,8 mingdan ortiq karyerlarga ega.
O‘z navbatida GFRning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi t. Klinner so‘nggi yillardagi O‘zbekistonning ochiqlik siyosati, mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dunyo hamjamiyati, jumladan, germaniyalik ekspertlar tomonidan ham yuksak baholanayotganini eʼtirof etdi.
Muzokaralarda, shuningdek, Germaniya iqtisodiyotining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari Xovsep Voskanyan GFR va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari ko‘lami kengayib borayotgani haqida to‘xtaldi.
- Germaniyaning “Kommersbank”, “Rolandtecnic Import & Export GmbH”, “TAKRAF GmbH”, “ABM Anlagenbau und Maschinentechnik GmbH”, “B- Tec”, “Linde Gas” kabi moliya institutlari va kompaniyalarining bosh ofislari hamda Markaziy Osiyodagi filiallari menejerlari ishtirokidagi tashrif doirasida Navoiy kon-metallurgiya kombinati va “Navoiyazot” kabi yirik korxonalarda, shuningdek, Zarafshon shahridagi “Zarafshon oyna” MCHJda uchrashuv va taqdimotlar o‘tkazish rejalashtirilgan, - dedi janob x. Voskanyan. – O‘ylaymizki, tashrif davomida erishilgan kelishuvlar har ikkala tomon uchun ham samarali va manfaatli bo‘ladi.
Maʼlumot o‘rnida qayd etish joizki, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik faol rivojlanmoqda. Xususan, joriy yilda Navoiy viloyatining Navbahor tumanida Germaniyaning "ONS FRANKFURT" kompaniyasi hamkorligida "VIK Engineering" xorijiy korxonasi tashkil etilib, qiymati 2,1 million AQSH dollariga teng burg‘ilash texnikalarining ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladigan bo‘ldi. Zarafshon shahrida esa “Zarafshon oyna” MCHJ tomonidan qiymati 97 million yevroga teng flot texnologiyasi asosida keng assortimentdagi oyna ishlab chiqarishga kirishildi. “Mazkur loyihaning texnologik uskunalari “Kommersbank”ning 55 million yevro kredit mablag‘lari hisobidan Germaniyadan keltirilib, o‘rnatildi”, deyiladi viloyat hokimligi axborot xizmati xabarida.
Temur ESHBOYEV, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring