Eksport va tranzit salohiyatini oshirishga qaratilgan muhim hujjatlar imzolandi

19:37 25 Noyabr 2022 Siyosat
581 0

Foto: president.uz

25-noyabr kuni “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasini hamda Navoiy xalqaro aeroporti yuk terminalini boshqarish boʻyicha hujjatlar imzolandi.

Bu marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq soʻzladi.

— Bugun dunyodagi geosiyosiy vaziyat har bir davlatdan oʻz imkoniyat va resurslaridan toʻgʻri foydalanish, yangi savdo va logistika yoʻlaklarini yaratishni taqozo etmoqda. Bu borada jahonning nufuzli kompaniyalari bilan muzokaralar olib borib, eng maqbul takliflarni oʻrganayapmiz. Maqsadimiz – mamlakatimiz eksport salohiyatini 2030-yilgacha kamida 3-4 barobarga oshirish, — dedi davlat rahbari.

“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi hamda Navoiy xalqaro aeroporti sanoat va logistika boʻyicha ulkan imkoniyatlarga ega. Ularda zarur infratuzilma va tizim yaratilgan. Bundan samarali foydalanish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklarining “DP World” kompaniyasi bilan “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasini boshqarish boʻyicha kelishuv, “Terminals Holding” kompaniyasi bilan Navoiy aeroporti yuk terminalini boshqarish boʻyicha shartnoma imzolandi.

“DP World” “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida xorijiy investorlar talablariga javob beradigan xalqaro huquq normalarini joriy qilib, yirik ishlab chiqaruvchilarni jalb etadi.

“Terminals Holding” kompaniyasi Navoiy xalqaro aeroportining yuk aylanmasini keskin oshirish va uni yirik kargo xablari bilan bogʻlash bilan shugʻullanadi. Bu hamkorlik Oʻzbekistonning asosiy xalqaro transport yoʻlaklariga integratsiya boʻlishi va tranzit hajmini kamida oʻn barobarga oshirishiga salmoqli hissa qoʻshadi.

Umuman, ushbu ikki kelishuv mamlakatimizda innovatsion va yuqori texnologik xizmatlar koʻpayishi, iqtisodiyotimiz uchun eng muhim boʻlgan transport kommunikatsiyalari rivojlanishiga xizmat qiladi.

— Bu ikki kompaniyaning Oʻzbekistondagi biznesi jadal rivojlanishiga tilakdoshman. Mazkur loyihalar davlatlarimiz oʻrtasidagi yaqin hamkorlik miqyosini yanada oshirishiga ishonaman, — dedi soʻzining yakunida Prezidentimiz.

Marosimda “DP World” va “Terminals Holding” kompaniyalari rahbarlari kelishuvlardan mamnun ekanini bildirib, bu ikki tomon uchun katta imkoniyatlar ochishini taʼkidladi.

Shu bilan davlatimiz rahbari Navoiy viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер