Buxoro va Surxondaryoda daraxtlar kesilishi haqidagi xabarlarga izoh berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida qurilish ishlari munosabati bilan koʻp sonli daraxt va butalarning kesilayotgani haqida xabar tarqaldi.
27-iyul kuni AOKA binosida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi rahbariyati ushbu dolzarb masalalar yuzasidan fikr bildirdi.
2023-yil 6-iyul kuni Buxoro viloyati hokimligi A-380 avtomobil yoʻlining 150-228 km uzunlikdagi «Gʻuzor-Buxoro-Nukus-Beyneu» qismini rekonstruksiya qilish loyihasini tasdiqlash uchun Ekologiya vazirligiga yuborgan. Loyihada 31 371 ta daraxt va butalarni yaqin atrofdagi boʻsh joylarga koʻchirib oʻtkazish koʻzda tutilgan.
Shu bilan birga, joriy yilning 7-iyul kuni Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan 4R-100 “Mangʻuzor-Jarqoʻrgʻon-Bandixon-Oltinsoy-Denov” avtomobil yoʻlining 128-174 km va 4R-105 “Darband-Boysun-Elbayon” avtomobil yoʻlining 5-70 km qismlarini rekonstruksiya qilish loyihasi yuzasidan 21 803 dona daraxtni belgilangan tartibda koʻchirib oʻtkazishda amaliy yordam soʻrab murojaat qilingan.
Maʼlumot uchun: Bosh vazir oʻrinbosari J. A. Xodjayev tomonidan imzolangan Hukumat komissiyasining 2023-yil 21-iyuldagi 58-son bayonnomasiga muvofiq, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga bir hafta muddatda daraxtlarni atrof-muhitga zarar yetkazmasdan koʻchirish boʻyicha Hukumat komissiyasiga xulosa berish va tegishli takliflar kiritish topshirilgan.
Bir qator nashrlarda Hukumat komissiyasining bayonnomasiga havola qilingan maʼlumotlar (“...52 ming daraxt kesish koʻrsatmasi”, “Anomal issiqda 70 mingga yaqin daraxt kesilishi”, “Abduhakimovga 53 174 tup daraxtni oʻldirishga xulosa berish topshirilgan”) toʻgʻri emas. Hukumat komissiyasining 2023-yil 21-iyuldagi 58-sonli bayonnomasiga toʻgʻridan-toʻgʻri tayanib (bu haqda jurnalistlar va blogerlarning oʻzlari aytib oʻtgan) taʼkidlaymizki, ushbu hujjatda daraxtlarni kesish haqida birorta ham soʻz, shuningdek, bunday issiq mavsumda yashil maydonlar bilan biron bir chora koʻrish boʻyicha koʻrsatmalar yoʻq.
Taʼkidlash joizki, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi ushbu murojaatlarga javoban oʻsimlik dunyosi obyektlarini nobud qilish yoki ularga shikast yetkazish bilan bogʻliq jinoyatlar ogʻir jinoyatlar toifasiga kiritilishi, shuningdek, respublikamiz boʻylab kuzatilayotgan chang-toʻzon va qum boʻronlari taʼsirini kamaytirishda ushbu daraxt va butalarning oʻrni muhim ekanligini eslatgan holda rad javobini bergan (xatlarning nusxalari ilova qilingan).
Hokimliklarga yuborilgan rasmiy javoblardan soʻng Buxoro viloyatidan qurilish kompaniyasi vakillari vazirlikka tashrif buyurib, daraxt va butalarga zarar yetkazmagan holda loyihaga oʻzgartirishlar kiritishlari haqida maʼlumot berishgan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishlari vaziri Aziz Abduhakimov tashabbusi bilan daraxtlarni kesish yoki koʻchat oʻtqazish masalalari boʻyicha manfaatdor ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik faollari, shuningdek, mahalliy aholi ishtirokida “jamoatchilik muhokamasi” tashkil etish orqali bunday murojaatlarni koʻrib chiqishning yangi mexanizmi joriy etilgan edi.
Qolaversa, turli investitsiya loyihalarini koʻrib chiqishda bunday soʻrovlar kamdan-kam uchrab turishini taʼkidlash lozim. Tabiiyki, loyiha tashabbuskorlari oʻz manfaatlaridan kelib chiqqan holda taklif bildirsa, oʻz navbatida Ekologiya vazirligi ham atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy muvozanatni saqlash manfaatlaridan kelib chiqqan holda oʻz xulosasini beradi.
Shu bilan birga, vazirlik ommaviy axborot vositalari vakillarining daraxtlarni asrash va ekologik muvozanatni saqlash borasidagi faol pozitsiyasi uchun minnatdorlik bildiradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring