Ey muhabbat, chindan sen sehrkorsan
24-dekabr — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, bolalar shoiri Poʻlat Moʻmin tavallud topgan kun. Sana munosabati bilan shoirning bir turkum sheʼrlaridan eʼtiboringizga havola etamiz.
KULDI XIYOL, INDAMADI
Ey goʻzal, noming na deb, berdim savol indamadi,
Mahliyo etdi tamom oftobjamol, indamadi.
Bogʻida tanho oʻzi gulmi terar tong chogʻida?
Guldayin kulgan chiroy boʻldimi lol, indamadi?
Bogʻini qilgan ekan sanʼatidan gulga makon,
Kokilin asta silab oʻtsa shamol, indamadi.
Qoʻlida guldastasin menga berar deb oʻylasam,
Bagʻriga bosdi gulin, kuldi xiyol, indamadi.
Der edim men oʻzima: “Behudaga tashlama gap”,
Bilmadim, ul kim ila aylar visol, indamadi.
Yorini taʼrif etib kuylar edi koʻnglida ul,
Javdirar erdi koʻzi, surdi xayol, indamadi.
Koʻnglida boshqa birov, sevgi vafodori yashar,
Shu sabab Moʻmin soʻzim keldi malol, indamadi.
EY, MUHABBAT
(Xonanda Faxriddin Umarovga)
Ey, muhabbat, shunchalar fusunkorsan,
Ey, muhabbat, orombaxsh begʻuborsan,
Ey, muhabbat, gohida dilozorsan,
Ey, muhabbat, qalbimda mudom borsan.
Mushtoqdirman doimo mehringga men,
Har yurakka tushirgan muhringga men,
Lol qolganman koʻrsatgan sehringga men,
Ey, muhabbat, chindan sen sehrkorsan.
Oʻylamagan yurakni oʻylatasan,
Oʻynamagan yurakni oʻynatasan,
Soʻylamagan tilni ham soʻylatasan,
Ey, muhabbat, umrimda bir bahorsan.
Yoʻl qoʻyasan baʼzida xatoga ham,
Barobarsan gado-yu podshoga ham,
Ne kulfatlar solmading Layloga ham,
Ey, muhabbat, sen misli hukmdorsan,
Istardim men, dillarni kuydirmasang,
Hijronlarga aslo yoʻl qoʻydirmasang,
Oshiqni ham jonidan toʻydirmasang,
Ey, muhabbat, malham-u shifokorsan.
Bitilganmi birorta qonun senga,
Etay taʼzim yurt uchun har kun senga,
Davrim bergan yangicha mazmun senga,
Ey, muhabbat, Moʻminga madadkorsan.
MEN SEVAMAN, SEN…
Men sevaman, sen sevasanmi?
Meni yoʻqlab bogʻ kezasanmi?
Soʻzlarimdan yo bezasanmi?
Yuragimni hech sezasanmi, —
Men sevaman, sen sevasanmi?
Maftunlikda oʻzim boʻlib koʻr,
Jamolingni koʻzim boʻlib koʻr,
Dilimdagi soʻzim boʻlib koʻr,
Yuragimni hech sezasanmi, —
Men sevaman, sen sevasanmi?
Olib ketar har yon xayolim,
Qanday tushdi senga savolim?
Gar sevmasang ne kechar holim?
Yuragimni hech sezasanmi, —
Men sevaman, sen sevasanmi?
Har kim uzar yoqtirgan guldan,
Suv ichadi koʻngil koʻngildan,
Yurgin vafo koʻrsatgan yoʻldan,
Yuragimni hech sezasanmi, —
Men sevaman, sen sevasanmi?
Jonon, senga faqat zorim bor,
Zorim boru qoʻlda torim bor.
Vafo degan dil qarorim bor,
Yuragimni hech sezasanmi, —
Men sevaman, sen sevasanmi?
Koʻngling boʻlsa tutmagil pinhon,
Mayli etgil ming bor imtihon,
Oʻylab koʻrgin, oʻylab koʻr, jonon,
Yuragimni hech sezasanmi, —
Men sevaman, sen sevasanmi?
SIZGA TAʼZIM
Ona yurtim aʼlolari, sizga taʼzim,
Jononlari, momolari, sizga taʼzim,
Sanʼatimiz shaydolari, sizga taʼzim,
Yurak torim oshnolari, sizga taʼzim.
Qoʻshiqlarim gulin teray izingizdan,
Ilhomlandim salomingiz, soʻzingizdan,
Oʻqib oldim maʼnolarni koʻzingizdan,
Chamanzorim raʼnolari, sizga taʼzim.
Baxtiyorsiz, bu baxtingiz etsin davom,
Mamnundirman baxsh etolsam zavq-u orom,
Qayda boʻlsa oʻzingizga etursiz rom,
Oʻlkam koʻzi shahlolari, sizga taʼzim.
Qoʻshiqlarim ijodkori asli sizlar,
Sevishganlar — mard yigitlar, jonon qizlar,
Qalbingizdan Moʻmin doim qoʻshiq izlar,
Davronimiz donolari, sizga taʼzim.
ONADIR UL, ONADIR…
Onalar bor olam qoʻshiqxonadir,
Onalarni maqtasa dil qonadir,
Farzand uchun kim quvonib yonadir?
Onadir ul, onadir ul, onadir.
Yuragidan yangi yurak koʻchirgan,
Oq sutiga mehrin qoʻshib ichirgan,
Gunoh qilsa eng birinchi kechirgan
Onadir ul, onadir ul, onadir.
Kulgan chogʻda gullarni ham kuldirgan,
Yoʻqlaganda daryolarni toʻldirgan,
Hech qandayin boʻlmaganni boʻldirgan —
Onadir ul, onadir ul, onadir.
“Ortimda qol”, degan ulugʻ duoda,
Farzand uchun yashaguvchi dunyoda,
Jahonlarni keza olgan piyoda —
Onadir ul, onadir ul, onadir.
Odamlarning davrasida tabarruk,
Tabarruklar davrasida eng buyuk,
Eng buyuklar davrasida eng suyuk —
Onadir ul, onadir ul, onadir.
Farzandimga olam oltin olmagan,
Farzand uchun charchamagan-tolmagan,
Farzand uchun ne kunlarga qolmagan…
Onadir ul, onadir ul, onadir.
Ona kabi yurtimiz ham bagʻri keng,
Ona mehri quyoshlarga kelar teng,
Moʻminga ham kimlar ilhom berdi deng?
Onadir ul, onadir ul, onadir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring