Egasini kutayotgan muzey

Samarqand viloyatida faoliyat olib borayotgan 80 ta madaniyat markazidan 18 tasi oʻz binosiga ega emas. Achinarli jihati shundaki, ulardan aksariyatining moddiy-texnika bazasi haminqadar. Kattaqoʻrgʻon tumani madaniyat boʻlimi faoliyati bilan tanishib, bunga yana bir amin boʻldik.
Tumandagi 5 ta madaniyat markazida tashkil etilgan toʻgaraklarda 58 nafar xodim 600 nafardan ziyod havaskorga musiqa va sanʼat sirlarini oʻrgatib kelmoqda.
— Madaniyat tizimida 20-yildan buyon ishlayman, — deydi Kattaqoʻrgʻon tumani madaniyat boʻlimi boshligʻi vazifasini bajaruvchi Ilhom Fayziyev. — Rosti, keyingi paytda sohaga eʼtibor oshdi. Biroq uzoq yillar davomida tizimda hal etilmayotgan muammolar bor. 27-madaniyat markazi binosi avariya holatida, 28, 29-madaniyat markazlari oʻz binosiga ega emas. Xodimlarning maoshi kam, madaniyat markazlarining moddiy-texnika bazasi yomon holatda. Masalan, ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlari oʻtkazish uchun ovoz kuchaytirish moslamalari, media apparatlar, dekoratsiyalar uchun koʻrgazmali vositalar kerak boʻlsa, madaniyat xodimlariga bunday tadbirlarga jalb etilgani uchun haq toʻlanishi zarur. Shu kabi muammolar tufayli koʻpchilik xodimlar ishdan boʻshab ketgan. Hozir sohada mehnat qilayotgan xodimlarning bor-yoʻgʻi 12 nafari oliy maʼlumotli.
Kattaqoʻrgʻonda 50 dan ziyod arxitektura va arxeologiya obyekti bor. Shundan 30 tasi qoniqarsiz, 4 tasi esa avariya holatida.
Payshanba shaharchasidagi 1791-yilda qurilgan Muhammad Amiri Naqibbek madrasasi 1928-yilgacha faoliyat yuritgan. Keyin omborxonaga aylantirilib, qariyb bir asrdan beri qarovsiz qoldirilgan. Ushbu tarixiy obidada taʼmirlash ishlari olib borilib, oʻlkashunoslik muzeyi tashkil etilgan. Davlat muhofazasiga olingan obidadagi muzey ayni paytda faoliyat koʻrsatmaydi.
— Madrasa hovlisiga peshtoqli darvozadan kirib boriladi. Hovlida baland ayvon, masjid va 16 ta xona mavjud, — deydi Ilhom Fayziyev. — 2015-yildan buyon tarixiy obidani saqlab qolish, taʼmirlash va kelajak avlodga yetkazish uchun harakat qilyapmiz. Tumanimizda yashovchi bir guruh ziyolilar, mehnat faxriylari madrasa binosini asrash maqsadida maʼnaviyat va maʼrifat markaziga aylantirish tashabbusi bilan chiqdi. Bu taklif viloyat hokimligi tomonidan maʼqullandi. Madrasa negizida tarixiy oʻlkashunoslik muzeyi tashkil etish boʻyicha qaror qabul qilindi. 2019-yilda mahalliy byudjet hisobidan 500 million soʻm mablagʻ ajratildi. Majmuada taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, zarur jihozlar va tarixiy ashyolar keltirildi, qadimiylik va zamonaviylik uygʻunligida bezatilib, 2022-yil yakunida foydalanishga topshirildi. Ayni paytda muzeyda 3,5 mingta eksponat saqlanadi. Afsuski, muzeyda ushbu tarixiy ashyolarni asrab-avaylaydigan, kelajak avlodga oʻz holicha yetkazadigan hech kim yoʻq. Shu paytgacha shtat birligi ajratilmagan. Bu borada tegishli tashkilotlarga bir necha marta murojaat qildik. Biroq foydasi boʻlmadi. Nahotki, oʻtmishimiz, oʻzligimiz aks etgan dargoh, ota-bobolarimizdan meros muqaddas qadamjo hech kimga kerak boʻlmasa?
Tarixsiz kelajak yoʻq, madaniyatsiz jamiyat rivojlanmaydi. Kattaqoʻrgʻon tumani hokimligi, Samarqand viloyati madaniyat va madaniy meros boshqarmalari masʼullari sohadagi mavjud muammolarni hal etishga kirishadi, degan umiddamiz.
Fazliddin ROʻZIBOYEV,
jurnalist.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring