Yechim — illatning oʻzi bilan emas, sababi bilan kurashishda
Prezidentimiz tomonidan Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllangan Murojaatnoma hayotiy taklif hamda mulohazalarga boy boʻldi. Davlatimiz rahbari murojaat davomida korrupsiya masalasiga alohida toʻxtalib oʻtdi va “Xalqimiz bizdan korrupsiyani yoʻq qilishni kutmoqda”, deya taʼkidladi.
Darhaqiqat, korrupsiya davlat tuzumini ichidan yemiradigan, ijtimoiy barqarorlik kushandasidir. Zang temirni yemirgani kabi ushbu illat jamiyatni yemiradi, chiritadi. Shuni ham unutmaslik kerakki, bugungi davrda hech bir davlat korrupsiyadan xoli emas. Ammo unga qarshi kurashmaslik falokatga eltishi tayin. BMT Taraqqiyot dasturida jahon iqtisodiyoti aynan korrupsiya holatlari tufayli yiliga 2,6 trillion AQSH dollari miqdorida mablagʻ yoʻqotayotganini, jamiyat ravnaqining eng xavfli kushandasiga aylangan bu illatga qarshi faqat birgalikda kurash olib borishgina kutilgan samarani berishi taʼkidlangan.
Demak, korrupsiya balosi dunyodagi koʻplab mamlakatlarni qamrab olgan, hozir jahonda poraxoʻrlik tugatilganligi bilan maqtana oladigan biror davlatning oʻzi yoʻq. Dunyo demokratiyasining qoʻrgʻoni hisoblangan Yevropaning rivojlangan davlatlari ham bunday illatdan xoli emas.
Yevropa aksilkorrupsiya agentligi (OLAF) va Yevroittifoq adliya direktorati birgalikda tayyorlagan qoʻshma maʼruzada aytilishicha, YEI mamlakatlaridagi korrupsiya holatlari tashvishlanarli. Agar ilgari Yevropa fondlaridan oʻgʻrilangan mablagʻlar hajmi millionlab yevro hisoblangan boʻlsa, endilikda u milliardlarni tashkil etmoqda. YEI mamlakatlari korrupsiya balosidan 323 milliard yevro yoʻqotadi. Tashkilotning oʻzi korrupsion zararni 120 milliardga teng baholayotgan boʻlsa-da bu summa Qatar kabi boy davlatning yillik byudjeti bilan barobar. Achinarlisi, pora berishning, korrupsiyaning turlari ham koʻpayib ketdi. Hozirgi kunda jinoyatni yashirish uchun naqd toʻlov vositasi boʻlmagan kriptovalyutalarda “haq berish” avj oldi. Koʻrinib turganidek, dunyoda korrupsiyaviy holat ogʻir boʻlib, u har qanday davlatdan bu jirkanch ofatga qarshi ayovsiz kurashni talab qiladi.
Har yili xalqaro tashkilotlar korrupsiyaga qarshi kurash borasida dunyo davlatlarining vaziyatini tahlildan oʻtkazib boradi. Ana shunday tashkilotlardan biri hisoblangan “Transparenci Internashional”ning 2021-yil uchun chiqargan Korrupsiya indeksidan maʼlum boʻlishicha, dunyo mamlakatlarining 86 foizi oxirgi 10 yilda korrupsiyaga qarshi kurashda biror ijobiy siljishga erishmagan. 154 davlatda vaziyat yomonlashgan yoki hech qanday ijobiy oʻzgarish yuz bermagan. Korrupsiyaga qarshi kurashda vaziyat ijobiy tomonga oʻzgargan mamlakatlar ham mavjud. Ular orasida Markaziy Osiyodan Oʻzbekiston bor. Hisobotga koʻra Oʻzbekiston oxirgi yillarda korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha oʻz reytingini yaxshilab bormoqda. 2012-yildan beri mamlakatimizning indeksdagi koʻrsatkichi 11 ballga oʻsgan. Demokratlashtirish jarayonini jadallashtirib, shuningdek, hukumat idoralarida korrupsiyaga qarshi kurashni jonlantirib Oʻzbekiston mintaqada boshqalar uchun namuna boʻlmoqda.
Bu Oʻzbekistonda korrupsiya bilan bogʻliq muammolar yoʻq degani emas. Mamlakatimizda ochiqlik siyosati olib borilmoqda, korrupsiyaga qarshi kurash mavzusi OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilyapti. Taʼsirchan jamoatchilik nazorati yoʻlga qoʻyilyapti. Sirasini aytganda, korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy va moliyaviy mexanizmlarining takomillashtirilayotgani, bu jarayonga jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini jalb qilish hamda korrupsiyaning oldini olish boʻyicha idoralararo hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlar, albatta, oʻz natijasini beradi.
Keyingi yillarda Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Ushbu illatga qarshi kurash har qachongidan ham kuchaydi. Davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etildi. Ayniqsa, sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirishga jiddiy eʼtibor qaratilayotir. Jumladan, yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish natijadorligini oshirishga qaratilgan koʻplab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Prezidentlikka saylangach ilk imzo chekkan hujjatlardan biri “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun edi. Prezidentimiz tashabbusi bilan “elektron hukumat” tizimidan keng foydalanilmoqda. Ushbu tizimning joriy etilishi va imkoniyatlarini toʻliq ishga solish korrupsiyaga qarshi kurashishda samarali vosita hisoblanadi. AQSH, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Singapur, Norvegiya, Koreya Respublikasi kabi mamlakatlar “elektron hukumat”ni yaratish orqali korrupsiyaga qarshi kurashishda yuqori natijalarga erishgan. Yuqoridagi davlatlarning tajribalaridan xulosa chiqarish mumkinki, “elektron hukumat”ni joriy qilish davlat boshqaruvi organlari faoliyatida oshkoralikni taʼminlashga katta yordam beradi.
Taʼkidlash joizki, korrupsiyaga qarshi kurashishning eng asosiy yoʻli — davlat organlari faoliyati va ish jarayonlari shaffofligini oshirish, ishga qabul qilish, davlat xaridlari, ruxsatnoma va litsenziyalar berish kabi jarayonlarda ochiq-oshkoralikni taʼminlash. Albatta, bularni uddalash oson boʻlmaydi. Lekin oʻtgan olti yil davomida bu borada katta tajriba toʻplandi. Unga barham berishda eng samarali vosita illatning oʻzi bilan emas, balki sababi bilan kurashish ekanini koʻrsatdi.
Korrupsiyaning oldini olishda kompleks yondashuv zarur, sababi busiz ushbu illatni yengib boʻlmaydi. Duch kelgan bitta sohani tanlab kurashadigan boʻlsak, korrupsiya zanjirini uzish qiyin. Shu bois davlatimiz rahbari Murojaatnomada parlament aʼzolari va mahalliy Kengashlar deputatlarini ham bong urib, aniq sohalarni tahlil qilib, korrupsiyani bartaraf etish boʻyicha faol boʻlishga chaqirdi, buning uchun ularda yetarli vakolat ham, shijoat ham borligini taʼkidladi.
Shuningdek, Prezident tomonidan sunʼiy monopoliya, yopiq sxemalar, umuman, korrupsiyaga imkon beruvchi barcha boʻshliqlarga barham berilishi lozimligi qayd etildi. Boisi ushbu illatlar jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligiga sabab boʻlmoqda. Bu, oʻz navbatida, islohotlarning natijasiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Shu bilan birga, qonun ishlashi, samara berishi, korrupsiyaga qarshi kurash natijadorligi sizu bizga, barchamizga, aholining huquqiy ongi va madaniyati yuksalishiga ham bogʻliq. Yuqorida taʼkidlangan Qonunning 3-bobi “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish” deb nomlanadi. Unda aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, taʼlim muassasalarida huquqiy taʼlim va tarbiya masalalari ustuvor vazifa ekanligi belgilangan.
Umuman olganda, fuqarolarda ushbu illatga qarshi kurashishda huquqiy ong hamda madaniyatning yetarli darajada emasligi jamiyatda adolat mezonining buzilishini koʻpaytiradi. Shuningdek, “Jamiyatda poraxoʻrlik illatini yengib boʻlmaydi”, degan fikrning yoshlar ongida shakllanib qolgani katta kamchiligimizdir. Bu borada siljish qilinmasa ushbu illat ortimizdan soyadek ergashib yuraveradi. Toki oila, bogʻcha, maktabda tamagirlik, poraxoʻrlik yomon illatgina emas, balki u jamiyat tanazzuli sababchisi ekanligi haqida koʻproq tarbiyaviy va targʻibot ishlarini olib bormas ekanmiz, maqsadga erishishimiz qiyin kechadi.
Shuningdek, jamiyatning barcha aʼzosi “halollik vaksinasi” bilan emlanishi, har birimiz korrupsiyaga qarshi kurash masalasida hushyorlikni qoʻldan boy bermasligimiz zarur. Befarq, loqayd boʻlar ekanmiz taraqqiyotga toʻgʻanoq bu illatdan xalos boʻlolmaymiz.
Korrupsiya muqarrar falokatdir. U odamlarda kelajakka ishonch, umid ruhini soʻndiradi. Jamiyatda ruhsiz va kayfiyatsiz insonlarning koʻpayishiga, oʻgʻrilik, kazzoblik kabi illatlarning urchishiga sabab boʻladi.
Muxtasar aytganda, Murojaatnomada taʼkidlab oʻtilgan korrupsiya illatiga barham berishga qarshi kurash mamlakatimizning yaqin va uzoq yillar uchun belgilab olingan Taraqqiyot strategiyasini toʻliq amalga oshirishga xizmat qiladi.
Akramjon YOʻLDOSHEV,
Andijon davlat universiteti rektori, biologiya fanlari doktori, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring