Dunyoni zabt etgan “Andijon Polkasi”

16:01 08 Oktyabr 2025 Jamiyat
273 0

Sevimli kuylarimizdan biri “Andijon polkasi”ga raqsga tushmagan birorta inson topilmasa kerak. Ayniqsa, yigitlar raqsga tushganda davralarga fayz kiradi. Xorijiy davlatlarda yangraganda ham koʻz oldingizda shoʻx va shodon oʻzbek yigitlari gavdalanadi. Qolaversa, sogʻlom insongina raqsga tushadi.

Xalqimiz orasida “Orif garmon” nomi bilan mashhur sozanda va bastakor Orifjon Toshmatov milliy ramzimizga aylangan “Andijon polkasi” kuyining muallifidir. Maʼlumki, garmon sozi asrlar davomida asosan Xorazm vohasi musiqiy hayotida yetakchi oʻrin tutgan. Andijonda bu sozdan foydalanish anʼanasi boʻlmagan. Orifjon Toshmatov garmon chalishni oʻz togʻasidan oʻrganib, uning sirlarini puxta oʻzlashtirdi. Ilk bor Andijondagi konsert dasturlariga kiritib ijro etdi. Garmon ovozining oʻziga xos jozibasi, yangi nafas bilan yangrashi tomoshabinlarni hayratga soldi. Shundan keyin bastakorni hamma “Orif garmon” deya boshladi. Andijon shahridagi madaniyat va istirohat bogʻi (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi bogʻ) har kuni oqshom chogʻi shinavandalar bilan gavjum boʻlardi. Sahnada kuy va qoʻshiqlar yangrar, ammo ularning koʻpchiligi xorij musiqalariga moslashtirilgani sezilib turardi. Bularni tinglab Orif garmon oʻylanib qoladi: “Nega bizda barcha imkoniyat boʻla turib, oʻz kuyimiz yoʻq? Biz oʻz yurtimiz ohangini yaratmaymiz?”

Shu ilhom bilan u yangi, shoʻx va xalq ruhini ifoda etuvchi kuyni bastaladi. 1922-yilda u birinchi marta aynan, shu bogʻ sahnasida yangradi. Unga “Andijon polkasi” nomi beriladi. Kuyning ohangi shunchalik taʼsirli chiqadiki, qisqa vaqtda nafaqat mamlakat boʻylab, balki qoʻshni davlatlarda ham keng tarqaldi. “Andijon polkasi” xalq qalbidan joy olgach, tez orada raqs koʻrinishida ham ishlandi. 1957-yilda shu nomli mahoratli raqs ansambli tashkil etiladi. Bu jamoa qisqa fursatda Moskva, Kiyev, Boku, Minsk va Tbilisida boʻlgan madaniyat kunlarida “Andijon polkasi” bilan ishtirok etib, tomoshabinlar qalbini zabt etdi. Shu tariqa ushbu kuy va raqs oʻzbek sanʼatining xazinalaridan biriga aylandi. Samarqandlik sayohatchi Otabek Ismoilov Gruziyaga qilgan safarida qiziq voqeaga duch kelganini hikoya qiladi: “Biz Gruziyada yurganimizda tasodifan “Andijanskaya polka” deb yozilgan restoranni koʻrib qoldik. Tabiiyki, bu oʻzbekistonliklarga tegishli restoran, deb oʻyladik. Hayratlanarlisi, ishchi-xodimlar gruzinlar ekan. Soʻrasak, bu restoran necha yillar oldin ochilgan boʻlib, oʻsha paytlarda “Andijon polkasi” kuyi juda mashhur boʻlganidan shunday nom berilgan. Hatto hozirgacha har kecha mijozlar uning ijrosiga raqsga tusharkan...” Bu voqea milliy musiqa madaniyatimizning chegara bilmas taʼsirini yana bir bor koʻrsatadi.

2022-yilda “Andijon polkasi” yaratilganiga 100-yil toʻldi. Shu munosabat bilan Andijon viloyati hokimligi tashabbusi bilan maxsus “Andijon polkasi oyligi” eʼlon qilindi. Har yili ushbu kuy asosida oʻtkaziladigan koʻrik-tanlovlarda minglab yoshlar ishtirok etadi. Ular garmon, doira, rubob va qoʻshiq orqali ushbu madaniy merosni zamonaviy ijroda qayta yangratishga harakat qilishadi. Bu nafaqat musiqiy anʼanani davom ettirish, balki milliy gʻurur va madaniyatni asrash hamdir. “Andijon polkasi” xalq qalbidan chiqqan, xalq bilan birga yashaydigan kuydir. U nafaqat musiqa, balki oʻzlikni anglash, milliy gʻurur va yaratuvchanlik ramzidir. Orif garmon yaratgan bu ohangda xalqning shodlik hissi, mehnat zavqi va hayotga muhabbati mujassam. Yuz yil oʻtsa ham hanuz barchamizni raqsga chorlab, Vatan ohangini dillarimizda yangratmoqda.

Saminjon HUSANOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер