Dunyoni tan oldirish osonmi?

13:06 01 Oktyabr 2022 Jamiyat
1864 0

Illyustrativ foto

2022-yilning 28-sentyabrida AQSH Mehnat vazirligi Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan paxta va undan tayyorlangan mahsulotlarni AQSHga olib kirishga qoʻyilgan rasmiy cheklovlarni bekor qildi.

Bu mohiyatan mamlakatimiz yaqin yillarda erishgan ulkan gʻalabalardan biridir.

Siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning ­“Dunyoni tan oldirish osonmi?” maqolasida aynan oʻsha ­paxtamizga qoʻyilgan cheklovlar, uning alamli ­oqibatlari hamda yechilgan cheklovlarning ­iqtisodiy-siyosiy ahamiyati haqida soʻz boradi.

1

Qisman ritorika va iddao aralashgandek koʻringani bilan sarlavhaga chiqarilgan ushbu savolda aslo pisanda yoʻq. Negaki, paxta uzoq yillar bizning nafaqat madaniy, balki iqtisodiy-siyosiy identitetimizni ham belgilab keldi. Choynagimizda, piyolamizda, hatto osh yeydigan kosayu laganlarimizda ham iftixor ramzi sifatida aks etgan ushbu ziroatchilik ekini ijtimoiy hayotda goʻyoki ­etnomadaniy bir totemga aylanib ketgani, bor gap.

Ha, gap yana paxta — biz milliy boylik (baʼzi oʻrinlarda siyosiy oʻzlik) darajasiga koʻtargan, ammo undan mudom uqubat koʻrgan PAXTA SIYOSATI haqida ketmoqda.

Joriy yil boshlarida “Cotton Campaign” koalitsiyasi Oʻzbekiston paxtasiga boykotni bekor qildi. Mazkur qaror 2021-yilda mamlakatimizda paxta yigʻim-terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yoʻl qoʻyilmagani munosabati bilan qabul qilindi. 2009-yilda oʻzbek paxtasiga eʼlon qilingan boykot aytish mumkin boʻlsa, YAIM katta qismi paxtaga qaram boʻlgan mamlakatimiz iqtiso­diyotiga temir tushovdek oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Albatta, ushbu milliy darajadagi iqtisodiy-siyosiy nafs (ambitsiya)ning ogʻziga urilgan jilovning ­boshqa sabablari ham boʻlgan. Biroq eng asosiy sabab butun bir mamlakat aholisi, ayniqsa, bolalarni majburiy mehnatdan ozod qilishga qaratilgan edi.

Mehnat va inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar, sarmoyadorlar, nufuzli firma va kompaniyalarni oʻz safiga jamlagan mazkur xalqaro koalitsiya oʻz qarori bilan oʻzbek paxtasi uchun yopilgan koʻplab eshiklarni ochdi. Xususan, 2009-yilda “Cotton Campaign” oʻzbek paxtasiga boykot eʼlon qilgani sababli 331 ta brend va riteyler kompaniyalari, jumladan, “Adidas”, “Zara”, “C&A”, “Gap Inc.”, H&M, “Levi Strauss & Co.”, “Tesco” va “Walmart” kabilar oʻzbek paxtasiga nisbatan boykotga amal qilish majburiyatini olganligini hisobda tutsak, naqadar burchakka tiqilganimiz, xonanishin boʻlib oʻz yogʻimizga oʻzimiz qovrilib yotganimizni yaxshiroq tushunamiz.

Kuni kecha esa dunyo matbuoti ayni mazmundagi yana bir yangilikni eʼlon qildi. Unga koʻra Oʻzbekistonning tizimli majburiy mehnatga toʻliq barham berish boʻyicha erishgan muvaffaqiyatlarini hisobga olib, AQSH Mehnat vazirligi ham mamlakatimizda yetishtirilgan paxta hosilini “Bolalar va majburiy mehnatdan foydalangan holda ishlab chiqariladigan mahsulotlar roʻyxati”dan chiqarilishini eʼlon qildi. Ushbu qaror Oʻzbekistonda ­ishlab chiqarilgan paxta va undan tayyorlangan mahsulotlarni AQSHga olib kirishga qoʻyilgan rasmiy cheklovlarni bekor qiladi va shu orqali mahalliy toʻqimachilik mahsulotlarini eksport qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Bu yorqin gʻalabami, yoʻqmi?! Koʻnglida ozgina Vatanga, shu millatga mehri boʻlgan odam bugun buni tan oladi, faxrlanadi, albatta! Men ushbu xushxabarni olis Yevropada xizmat safarida eshitdim. Oʻzbekistonni, bizni yaqindan biladigan hamkorlarimiz bu olamshumul gʻalaba bilan meni qoʻlimni siqib qutlaganida, ochigʻi, koʻzlarimdan yosh chiqib ketdi.

Vatandan olisda, begonalar orasida sening xalqing, millating erishgan muvaffaqiyatlar haqida eshitish koʻngilni juda yuksaklarga koʻtararkan. Holbuki, bu davrada katta biznes vakillari, xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari, siyosatchilar borligi Oʻzbekistonimiz erishgan ushbu gʻalabaning naqadar jiddiy ekanini urgʻulaydi.

Xoʻsh, biz aslida xursand boʻlishimiz kerak boʻlgan xushxabarning mohiyatida nima yotadi, oʻzi?

Albatta, bu muhim savol. Maʼlumki, shu hafta AQSH Mehnat vazirligi dunyoda majburiy mehnat bilan bogʻliq vaziyat boʻyicha oʻz hisobotlarini eʼlon qildi. Bolalar mehnati eng yomon shakllari toʻgʻrisidagi hisobotda (“TDA Report”) Oʻzbekiston 2011-yildan beri birinchi marta bolalar mehnati eng yomon shakllarini bartaraf etishga qaratilgan saʼy-harakatlar samaradorligi boʻyicha “sezilarli taraqqiyot”ning eng yaxshi toifasiga kirdi.

Taqqos uchun aytadigan boʻlsak, Oʻzbekiston 2011-yilda “bolalar mehnatiga barham berish boʻyicha davlat tomonidan hech qanday muhim saʼy-harakatlar qabul qilinmagan” 4-toifaga kiritilgan edi.

Hisobotga koʻra, bu yil 131 davlat ichida Oʻzbekiston “sezilarli taraqqiyot” maqomiga sazovor boʻlgan 9 ta davlat qatoridan joy oldi. Albatta, bu oʻz-oʻzidan erishiladigan ish emas. Yoki bugungi kunda dunyoning “birinchi qudrati”ligiga daʼvo qilayotgan global kuchni aniq natijalarsiz tan oldirishning mutlaqo imkoni ham yoʻq.

Erishilgan gʻalaba, hech shubhasiz, Prezidentimiz ish boshlagan kunlaridanoq odamlar ogʻirini yengil qilish, jaydari gap bilan aytganda, shu mehnatkash va tanti xalqning «oʻmgani»ni koʻtarish yoʻlida olib borgan siyosatining yorqin samarasi, desam, adashmagan boʻlaman. Axir oʻzingiz oʻylang, oʻtgan shu besh-olti yil ichida aynan paxtachilik sohasi, unga boʻlgan siyosatni oʻzgartirish boʻyicha qancha Farmonu qarorlar chiqdi, necha-necha yigʻilishu anjumanlar boʻlib oʻtdi, sanab sanogʻiga yeta olasizmi?

Mazkur hisobotning baholash mezonlari bolalar mehnati eng yomon shakllarini taqiqlovchi qonunlar va meʼyoriy hujjatlar, shikoyatlarni koʻrib chiqish va bunday huquqbuzarliklarni tekshirish huquqni muhofaza qiluvchi va institutsional mexanizmlari, bolalar mehnatning eng ogʻir shakllariga jalb etilishining oldini olishga qaratilgan ijtimoiy dasturlar amalga oshirilishiga, ushbu yoʻnalishdagi davlat siyosati samaradorligiga asoslangani bilan gʻoyat ahamiyatlidir. Bundan koʻrinadiki, mamlakatimiz shu qisqa davrda ayni majburiyatlarni uddalagan, tushunarliroq qilib aytganda, yuz yillardan buyon xalqimizning sillasini quritib kelayotgan mustabid siyosat — paxta monokulturasiga barham bera olgan.

AQSH Mehnat vazirligi hisobotiga koʻra, oʻzbek paxtasining ushbu roʻyxatdan chiqarilishi sabablari Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatni xorijiy sarmoyadorlar uchun jozibali manzil ­sifatida koʻrsatib, iqtisodiy islohotlarni olgʻa sura boshlagan 2017-yildan buyon Oʻzbekistonda paxta sano­atidagi jiddiy oʻzgarishlar bilan bogʻliq.

Hujjatda alohida taʼkidlanganidek, hukumat butun ­ishlab chiqarish zanjirini mexanizatsiyalashga, ishchi kuchidan foydalanishga boʻlgan ehtiyojni kamaytiradigan yoʻnalishni davom ettirmoqda. Soʻzma-soʻz aytganimizda esa “Majburiy mehnat holatlarining qisqarishi majburiy paxta terimini bekor qilish va ishchilarni yollashda majburlashni taqiqlovchi va bunday huquqbuzarliklar uchun qatʼiy jazolarni nazarda tutuvchi yangi siyosatni joriy etish orqali majburiy mehnatga barham berish boʻyicha hukumatning birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasidir”.

Shu oʻrinda men yaqinda ­Prezidentimiz Toshkent viloyatida oʻtgan sessiyada aytgan gaplarini eslamoqchiman. Yigʻilishda Shavkat Miromonovich shunday degan edi: “Men shaxsan Prezident boʻlib, paxta hozir necha foiz bajarilganini bilmayman. Chunki manfaat boʻlsa, fermerlar, klasterlar oʻzi bajaraveradi. Oldin qanday edi, yilning 3-4 oyi egilib paxta terish bilan oʻtardi. Oʻqituvchi ham, shifokor ham, ziyoli ham dalada boʻlardi. Yaqinda yirik bir davlat rahbari paxtamizni eksport qilishni soʻradi. «Eksportga paxta yoʻq, toʻliq qayta ishlayapmiz” desam ishonmadi. Chunki oldin eksportimiz asosi paxta bilan gaz boʻlardi. Hozir esa paxtani ham, gazni ham eksport qilmayapmiz. Hatto gazni chetdan sotib ham olyapmiz. Sababi sanoatimiz rivojlanyapti. Ana shunday ikki asosiy mahsulot chetga sotilmasa ham eksportimiz hajmi 2016-yilga nisbatan 5-6 barobar oshdi».

Bu yuz yillardan buyon erta kuzdan to qora qishgacha butun mamlakatning katta-kichigi paxta dalasiga sochilib ketadigan, siyosat ham, maʼnaviyat ham, vatanparvarligu xalqparvarlik ham egatlar orasidan “izlanadigan” yurt odamlari uchun xuddi ertakday gap, aslida.

2

Oʻzini bugungi Oʻzbekiston hukumati, xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyevga muxolif sanovchilar bir savolni juda koʻp beradi: xoʻsh, oʻtgan olti yilda mamlakatda nima oʻzgardi?

Aslida bu savolga misollar keltirsak, juda koʻp. Ammo bugungi mavzumiz — xalqaro eʼtirofu “soʻrov”larga yoʻllaydigan javoblarning eng zalvarlisi va haqqoniysi boʻlishi mumkin. Chunki paxta, paxtachilik siyosati nima ekanini oʻsha qochirma iddaolardan pona urishni xush koʻradiganlarning oʻzlari ham juda yaxshi biladi. Zotan, ularning tillari ham shu paykallar ichida chiqqan. Aynan shuning uchun hozir eʼtiboringizni yana bir jihatga qaratmoqchiman. Bu quruq gap emas, statistika!

Esingizda bor, atigi besh-olti yil ilgari paxtamizni nafaqat yetishtirish, hatto ­sotish ham ming mashaqqat edi. Turli davlatlardan kompaniyalarni “otang yaxshi, onang yaxshi” qabilida chorlab, kerak boʻlsa, katta ziyofatlar evaziga past narxlarga boʻlsada, mahsulotimizni «oʻtkazgani­miz»ga qarsak chalardik. Sababi bugun bekor qilingan boykotlar u paytlar baravj edi. Oʻsha vaqtdayam Oʻzbekiston rahbari “paxtamizga cheklov bor”, deb qarab oʻtirmagan. Xalqaro majburiyatlarni bajarish yoʻlida sobit harakatlar bilan birga, qishloq xoʻjaligi, ayniqsa, paxtachilik sohasini tubdan modernizatsiya qilish yoʻllarini qidirgan va uni uddalagan edi. Bu, eng avvalo, paxtani rasman eʼlon qilinmagan siyosiy statusdan chiqarish va sohaga zamonaviy uslubiyatni olib kirish, toʻqimachilik sanoatiga yengilliklar berishda oʻz aksini topdi. “Paxta klasterlari”, “toʻqimachilik sanoati” degan atamalarning tilimizda koʻp aylanishi nafaqat gurung sifatida, balki hayotimizda real voqelik tarzida namoyon boʻ­layotgani bilan ham bugun eʼtirofga loyiq.

Bir eʼtibor qiling, Oʻzbekiston hech zamonda paxta importi bilan shugʻullanganmi? Aslida masalani ichidan bilmaydigan odam uchun bu savol sarlavhadagi soʻrovdan koʻra ham ritorikroq tuyulishi mumkin. Biroq haqiqat shundaki, bir paytlar paxtasini oʻtkazish uchun sovuq oʻlkalarning korxonalari ayonlariga osh damlab, turshak-mayiz tashib yurgan oʻzbek dehqonining paxtasi bugun oʻzidan ortmayotir; mamlakatda jonlanib qolgan tekstilchilar, hatto qoʻshni ­davlatlar paxtasiga buyurtma berayotir.

Bu, aytish mumkin boʻlsa, Oʻzbekiston tarixidagi eng quvonchli yana bir yangilik. Oʻzbek iqtisodiyotida bunday holat hech qachon boʻlmagan. Bu — sensatsiya!

Soʻzimiz isbotsiz boʻlmasligi uchun manbaga murojaat qilamiz: Yaqinda Tojikistonning “Asia-Plus” nashri xabar qilishicha, paxta Oʻzbekistonga Tojikistondan import qilinadigan birinchi raqamli tovarga aylandi. Xususan, oʻtgan 6 oyda Oʻzbekistonga 17,3 million dollarlik 6,6 ming tonna paxta eksport qilingan. Bu oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan 3,3 barobar koʻp.

Paxta eksporti hajmi qoʻshnilarning Oʻzbekistonga eksport tovarlari orasida elektr va sementni ham ortda qoldirgan. Bu oʻzbek tekstilchilari va klasterlarining kengayib borayotgan biznesi uchun oʻz paxtamiz yetishmayotgani, davlatimiz endi paxtani arzimagan chaqaga eksport qiladigan emas, undan tayyor mahsulot yetishtirib oʻn chandon qimmatroqqa sotadigan mamlakatga, qolaversa, mintaqa va jahonda tekstil sohasida gigant bir iqtisodiyotga ayla­nayotganini anglatadi.

Ekspertlarning fikricha, yaqin ­orada Oʻzbekiston Markaziy Osiyo paxtasi uchun kurashda, asosan, Bangladesh va ­Xitoy kompaniyalari bilan raqobatlasha oladigan qudratga ega boʻla oladi...

Garchi baʼzilar oʻtgan olti yilda nima boʻldi, hech narsa oʻzgargan emasku, deya chapanilarcha oyoq tirasada, shukrki, dunyoning mehvari ularning kayfiyatiga bogʻliq emas. Bugun dunyo ham, odamlar ham Oʻzbekis­tonda nimalar boʻlayotganini, Oʻzbekiston qanday yuksak marralarni egallayotganini koʻrib, eʼtirof etib turibdi.

Yaqinda Samarqandda oʻtgan SHHT sammiti va uning jahon siyosatiga sezilarli taʼsiri Oʻzbekistonimizning dunyo geoiqtisodiy va geosiyosiy hayotida tobora yetakchi aktorga aylanib borayotganligini koʻrsatdi.

Dunyoning 14 mamlakati ­rahbarini oʻz bagʻrida jamlagan Samarqand oʻsha kunlari qadimiy qudrati va shuhratini yana namoyish etishga shaylangandek taassurot qoldirdi barcha­mizda.

Bugungi notinch va tahlikali zamonda nafaqat doʻst, balki hamkor topish, oʻzingga ishontirish, ortingdan ergashtira olish oson ish emasligini hammamiz juda yaxshi bilamiz. Biroq oʻz qilayotgan ishingga, boshlagan tashabbuslaringga ­dunyoni xayrixoh qila olish uchun juda katta mehnat, siyosiy iroda talab qiladi.

Shu maʼnoda aytadigan boʻlsak, biz xursand boʻlishimiz kerakki, bugun xalqning bagʻriga shamol tegishi uchun ishlaydigan, uning qadr-qimmati va or-nomusi uchun kurashadigan, soʻralgan joy va vaziyatda turib bera oladigan mamlakat rahbari­ bilan ishlash qismatimizga tushdi.

Bu — Oʻzbekistonimizning omadi, xalqimizning soʻnmas iqboli!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?