Dunyoda bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlash koʻrsatkichi soʻnggi oʻttiz yildagi eng past darajaga tushdi

18:38 16 Iyul 2022 Dunyo
1467 0

Foto: Illustrativ foto

Kecha JSST va UNICEF dunyoda bolalar salomatligini jiddiy xavf ostida qoldirayotgan xavotirli holat haqida qoʻshma bayonotni eʼlon qildi.

Unda keltirilishicha, pandemiya davrida oʻgʻil-qizlarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlash koʻrsatkichlari sezilarli darajada pasayib bormoqda. Xususan, oʻtgan yili bu borada soʻnggi oʻttiz yildagi eng kam koʻrsatkich qayd etilgan.

Masalan, 2021-yilda jahon miqyosida 25 million oʻgʻil-qiz emlanishdan chetda qolgan. Ulardan 18 millioni koʻkyoʻtalga qarshi vaksina olmagan boʻlib, bu borada Hindiston, Nigeriya, Indoneziya, Efiopiya va Filippin davlatlari yetakchilik qildi.

Odam papilloma virusiga qarshi emlash qamrovi esa 2019-yilda erishilgan natijadan chorak qismga kam.

Difteriya, qoqshol va koʻkyoʻtalga qarshi uch dozada, yaʼni toʻliq bosqichda vaksina olganlar soni 2019–2021-yillar davomida 5 foizga pasaygan.

Binobarin, oʻtgan yili qizamiqqa qarshi vaksinaning birinchi dozasi bilan qamrov darajasi ham 81 foizga tushib ketdi. Oqibatda 24,7 million bola mazkur yuqumli kasallikka chalinish xavfi ostida qoldi. Bu 2008-yildan beri kuzatilgan eng past koʻrsatkichdir.

Xuddi shunday, poliomiyelitga qarshi uchinchi bosqichda emlanmagan bolalar soni 2019-yilga solishtirganda 6,7 million nafarga koʻpaygan. 3,5 million nafar qiz esa bachadon boʻyni saratoni xastaligining oldini oluvchi vaksinalarning hech bir dozasini olmagan.

Ushbu raqam 2020-yilga nisbatan 2 million, 2019-yilga taqqoslaganda esa 6 million nafarga koʻpdir.

«Bu kelajak avlod salomatligi uchun katta tahdid, — deydi UNICEFning ijrochi direktori Ketrin Rassel. — Toʻgʻri, pandemiya oqibatlari, karantin cheklovlari pasayish tendensiyasiga katta taʼsir koʻrsatdi. Ammo hozir avvalgidek koronavirusdan himoyalanish uchun uyda ihotalanayotganimiz yoʻq. Demak, COVID-19 pandemiyasi farzandlarimiz sogʻligʻi, taqdirini xatar ostida qoldirishimiz uchun bahona boʻla olmaydi.

Hozir bu masalaga eʼtiborsiz qarasak, kelgusida yanada ogʻirroq epidemiyalar va ularning xavfli asoratlariga roʻbaroʻ kelishimiz muqarrar».

Eslatib oʻtamiz, yurtimizda soʻnggi yillarda boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlashlar bilan qamrov darajasi 95-98 foizni tashkil etyapti. Mamlakatimizda 2003-yildan buyon emlashdan soʻng nojoʻya holatlar roʻyxatga olingani yoʻq.

Immunizatsiya tadbirlarining muntazam va samarali olib borilishi natijasida 1996-yildan buyon respublikamizda poliomiyelit kasalligi tugatilgan va Oʻzbekiston 2002-yilda “Poliomiyelitdan holi hudud”, 2017-yilda esa “Qizamiq va qizilchaning 36 oylik eliminatsiyasiga erishgan hudud” nomli xalqaro sertifikatlarni olishga muvaffaq boʻlgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер