Doʻstlik va birodarlik rishtalari mustahkamlanmoqda

18:23 08 Fevral 2023 Jamiyat
864 0

Foto: Xalq so‘zi

Sharqda bir hikmat bor: uzoqdagi qarindoshdan, yaqindagi qoʻshni yaxshi.

Darhaqiqat, yon qoʻshni-jon qoʻshni boʻlgan oʻzbek va turkman xalqlarini mushtarak madaniyat va qadriyatlar, urf-odatlardagi oʻxshashlik va teran tarixiy ildizlar bogʻlab turadi. Ikki qardosh el azaldan bir-birining madaniyatini boyitib, savdo-sotiq qilib kelgan, bir daryodan suv ichgan. Tili, dili va dini bir boʻlgan bu ikki xalq asrlar davomida yonma – yon yashab, quda-anda boʻlib ketgan.

Shunga mos ravishda keyingi yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar ham tamomila yangi, sifat jihatdan yanada yuqori bosqichga koʻtarilgani quvonarlidir. Har ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlari yaqin qoʻshnichilik, oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganining 30 yilligi arafasida azaldan yaqin qardoshlik rishtalaridan kelib chiqib va oʻzaro hurmat belgisi sifatida mamlakatlarimiz oʻrtasida doʻstona yordam almashildi – Turkmanistondan yurtimizga suyultirilgan gaz yetkazildi, oʻz navbatida Oʻzbekistondan qoʻshni davlatga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 20 dona “Wolkswagen Caddy” rusumli tez tibbiy yordam mashinalari joʻnatildi.

Shu munosabat bilan Xorazm viloyatidagi «Shovot-Toshovuz» oʻtkazish punktida keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, ikki xalqning yaqin qoʻshnichilik munosabatlarida chindan ham yangi davr boshlanmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2022-yil 20-21-oktyabr kunlari Turkmanistonga davlat tashrifi davomida ikki mamlakatning chegaradosh hududida «Xorazm – Toshovuz» chegaraoldi savdo zonasi qurilishiga tamal toshi qoʻyildi. Uning umumiy maydoni 20 gektarni tashkil etib, hududda savdo rastalari, omborxonalar, konteynerlar uchun maydonchalar va tadbirkorlar uchun ish joylaridan iborat zamonaviy infratuzilma yaratiladi. Ushbu savdo hududi ikki mamlakat oʻrtasida oʻzaro savdo hajmining oshishiga, biznes aloqalarning faollashishiga turtki beradi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar shular xususida toʻxtalar ekan, ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari asrlar davomida shakllangan doʻstlik va birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlashga zamin yaratishini eʼtirof etdilar.

Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер