Dorivor o‘simliklarni yetishtirishning dolzarb masalalari yuzasidan parlament so‘rovi yuboriladi

Foto: Akmal Muhammadov, Davronbek Ernazarov / “Xalq so‘zi”
Senatning to‘qqizinchi yalpi majlisida dorivor o‘simliklarni yetishtirish, qayta ishlash, ularga kvota ajratish hamda sohada ilmiy tadqiqotlar olib borish yuzasidan Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri A.Abduxakimovga parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “bir tuman – bir mahsulot” tamoyili asosida dorivor o‘simliklar yetishtirishga ixtisoslashtirilgan 73 ta tumanda 2024 yilda 22,3 ming gektar maydonda 100 turdan ortiq dorivor o‘simliklar xomashyosi tayyorlangan.
Xitoy Xalq Respublikasiga dorivor o‘simliklarni eksport qilish bo‘yicha fitosanitar ruxsatnoma olingan hamda 71 ta eksportyor korxona eksport qilish reyestrga kiritilgan.
O‘tgan yilda 30 ming tonnadan ortiq dorivor o‘simliklar xomashyosi yig‘ib olinib, qayta ishlangan hamda 52 mln dollarlik mahsulot eksport qilingan.
Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Turkiya, Germaniya va Ispaniyaning dorivor o‘simliklar sohasida faoliyat olib boruvchi kompaniyalari bilan manfaatli hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.
Dorivor o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha 23,8 mlrd dollarlik 25 ta loyiha doirasida ilmiy tadqiqotlar olib borilgan.
“Zarur dorivor o‘simliklarni madaniylashtirish va terib olish amaliyoti – GASP” davlat standarti joriy etilgan.
Shu bilan birga, dorivor o‘simliklarning davlat kadastri to‘laqonli yuritilmayotganligi, tabiiy dorivor o‘simliklar yig‘ish uchun kvota ajratish jarayonida ayrim xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganligi, sohada ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish kabi ishlar yetarli darajada amalga oshirilmayotgani qayd etildi.
Tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olib, madaniy holda yetishtiriladigan dorivor o‘simliklarning ilmiy asoslangan agrotexnologik xaritalarini hududlar kesimida ishlab chiqish, yovvoyi turlardan seleksion nav va duragaylarga o‘tish, urug‘chilik xo‘jaliklarini va onalik ko‘chatzorlarini tashkil qilish samarali yo‘lga qo‘yilmaganligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, dorivor o‘simliklar xomashyosi hamda ulardan olinadigan mahsulotlarni sertifikatlash va standartlashtirish laboratoriyalarini tashkil etishga yetarli darajada e’tibor qaratilmagan.
Muhokama yakunida ushbu masalalarga oydinlik kiritish uchun Senatning parlament so‘rovi yuborishga doir tegishli qarori qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring