Doniyor Gʻaniyev Alisher Qodirovga javob qaytardi
Ikki kundan beri parlament quyi palatasida “Davlat tili toʻgʻrisida”gi 655-sonli qonun loyihasi (QL) qizgʻin muhokama qilinmoqda, deb yozmoqda deputat Doniyor Gʻaniyev.
«Kechagi muhokamalarda QLning dastlabki moddalari boʻyicha bir qator takliflarimiz qabul qilindi.
Misol uchun, QL nomi. Ikkinchi oʻqishda taklif etilayotgan loyihada “Davlat tili toʻgʻrisi”dagi QLni yangi qonun sifatida qabul qilish va 1989-yil 21-oktyabrda qabul qilingan tarixiy qonunni bekor qilish taklif qilingan edi. Goʻyoki davlat tili toʻgʻrisida qonun ilk bora qabul qilinayotgandek…
Vaholanki, davlat tili haqidagi qonun sobiq sovet respublikalari orasida birinchilardan boʻlib bizda 1989-yil 21-oktyabr kuni qabul qilingan. Aynan davlat tili haqidagi qonunning qabul qilinishi xalqimizning mamlakat mustaqilligi sari kurashda qoʻygan dastlabki dadil qadamlaridan biri edi. Bu kunni tarix sahifalaridan oʻchirishga hech kimning haqqi yoʻq. Zero, men uchun bu sana tarixiy muhimlik darajasida davlatimiz Mustaqilligi eʼlon qilingan kun va Bosh qomusimiz qabul qilingan kunlar bilan bir qatorda turadi.
Shu sabab, men va bir guruh partiyadoshlarim davlat tili toʻgʻrisidagi qonunni yangi qonun tarzida qabul qilinishiga mutlaq qarshiligimizni aytib, oʻz fikrimizda qatʼiy qoldiq. Garchi Milliy Tiklanish partiyasining baʼzi aʼzolari qonunchilik texnikasini roʻkach qilib, QLni yangi qonun tarzida qabul qilish taklifni maʼqullashsada, biz oʻz fikrimizda qatʼiy qoldiq.
Ovoz berish natijalariga koʻra, QLni yangi qonun tarzida qabul qilish taklifi deputatlar tomonidan maʼqullanmadi hamda bizning taklifimizga asosan 1989-yilda qabul qilingan tarixiy qonun oʻz kuchida qoladigan boʻldi. Taklif etilayotgan yangi normalar esa asosiy qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar sifatida qabul qilinadi.
Bugun davom etgan muhokamalarda esa loyihaning 9-moddasi qizgʻin muhokama va tortishuvlarga sabab boʻldi. Ushbu moddaning 1-qismiga koʻra, davlat tili faqatgina davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritish tili sifatida belgilanmoqda.
Vaholanki, bundan 30 yil avval qilingan qonunda ham davlat organlari bilan bir qatorda barcha korxona, tashkilot va jamoat birlashmalarida ham davlat tili asosiy ish yuritish tili etib belgilangan. Lekin negadir davlat tilini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashni maqsad qilgan yangi qonun loyihasida davlat tilidan foydalanish va uni tatbiq etish chegaralarini toraytirish taklif etilmoqda. Bu xuddi qosh qoʻyaman deb, koʻz chiqarishdek gap.
Aynan 9-modda boʻyicha bildirgan eʼtirozlarim va oʻz fikrimda qatʼiy qolishim deputatlar fikrini oʻzgartirdi, deb oʻylayman. Chunki muhokamalar soʻngida koʻpchilik deputatlar taklifimni qoʻllab-quvvatlashdi. Eʼtirozlarimiz asosli ekanligini inobatga olib, palata spikeri QL muhokamasini vaqtincha toʻxtatdi hamda takliflarimizni inobatga olgan holda qonun loyihasini qayta koʻrib chiqish uchun qoʻmitaga qaytarildi.
Avvalroq, MTDP rahbari Alisher Keldiyevich QL muhokamalari haqida fikr bildirib, muhokamalarda boshqa partiya deputatlarining qonunga jiddiy eʼtibor bermayotganligini aytib oʻtibdilar. Vaholanki, kecha va bugun boʻlib oʻtgan muhokamalarda eng faol ishtirok etgan deputatlar OʻzLideP fraksiyasi aʼzolari edi. Alisher Keldiyevich va yana 1-2 deputatni hisobga olmaganda, Milliy Tiklanish partiyasi siyosiy fraksiyasi deputatlarining katta qismi ham negadir QL befarq boʻlib, muhokamalarda deyarli ishtirok etmadilar.
Aslida, oʻzbek tilini rivojlantirish, uning davlat tili sifatida mavqeyini oshirish va mustahkamlash, partiyaviyligidan qatʼiy nazar har bir deputatning burchidir. Hozir davlat tili toʻgʻrisidagi QLdan partiya manfaatlari yoʻlida foydalanishning, uning muhokamalarini partiya nufuzini oshirish nuqtayi nazaridan talqin etishning oʻrni emas.
Aksincha, barcha partiya deputatlari bu dolzarb qonun loyihasiga befarq boʻlmay, uni davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlashga qaratilgan muhim huquqiy asos va yuksak maqomga ega hujjat sifatida qabul qilinib, Yangi Oʻzbekiston tarixida qolishiga hissa qoʻshishlari muhim», deydi deputat.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring