Dogʻistonda Nurmagomedov sport maktabida tintuvlar oʻtkazildi

14:53 29 Iyun 2024 Dunyo
618 0

Dogʻistonda Abdulmanap Nurmagomedov nomidagi aralash yakkakurash sport klubida Mahachqalʼa va Derbentda sodir etilgan teraktlar ishi boʻyicha tintuv oʻtkazildi. Bu haqda Mash Telegram kanali xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, huquq-tartibot idoralari xodimlari Dogʻistondagi teraktlar ishtirokchisi Gajimurod Kagirov bilan yaqin aloqada boʻlgan va yaqin orada soʻroq qilinishi mumkin boʻlgan uch nafar maktab tarbiyalanuvchisini aniqlagan. Shuningdek, muassasa bosh murabbiyi va boshqa sportchilar soʻroq qilingan hamda hujjatlari tekshirilgan.

Manbaga koʻra, bu Xavfsizlik kuchlarining Nurmagomedov nomidagi klubni ketma-ket ikkinchi kun tekshirishi. Aniqlik kiritilishicha, bir kun oldin ular mashgʻulotlarni tark etayotgan sportchilarning hujjatlari va telefonlarini tekshirib, teraktdan oldin Kagirov bilan kim muloqot qilganini soʻrashgan. Shu bilan birga, politsiya yaqin atrofdagi muassasalar va sport zallarini ham qurshab olgan.

TASS manbasining xabar berishicha, maktabida oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida qoʻlga olinganlar haqida hozircha maʼlumot yoʻq

Oʻz vaqtida Habib Nurmagomedov teraktda ayblanayotgan sportchining maktabga aloqadorligini inkor etib, u bundan bir necha yil avval, faqat ikki oy mashgʻulotlarda qatnashganini taʼkidlagan.

«Gajimurad Kagirov 2021-yilda zalimizda boʻlgan. U erkin kurashdan MMAga oʻtganidan soʻng bizdagi yigʻinlarda qatnashgan, taxminimcha, u faqat ikki oycha biz bilan shugʻullangan. U bizning maktab tarbiyalanuvchisi emas, bu mutlaqo yolgʻon», degan Habib.

Dogʻistonda sodir boʻlgan terakt oqibatida 20 kishi halok boʻldi, 44 kishi yaralandi.

Dogʻistonning Darband va Maxachqalʼa shaharlariga terrorchilar hujum uyushtirildi. Otishmalarda jami 20 nafar odam halok boʻldi. Ularning 17 nafari huquq-tartibot idoralari xodimlari, 44 nafar fuqaro, jumladan 37 nafar kuchishlatar tizimi vakillari yaralandi.

Shundan soʻng Dogʻistonda uch kunlik motam eʼlon qilindi.

Terrorchilardan ikki nafari Dogʻistondagi tuman rahbarlaridan birining oʻgʻillari boʻlib chiqdi, xabar berdi “Interfaks”.

Sobiq UFC chempioni Habib Nurmagomedov Instagram sahifasiga joylagan postida holatni keskin qoraladi va terakt oqibatida qurbon boʻlganlarning oila aʼzolariga taʼziya izhor qildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Darband va Maxachqalʼa shaharlarida sodir etilgan terrorchilik harakatlari oqibatida koʻplab huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari va fuqarolar qurbon boʻlgani munosabati bilan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga maktub yoʻllab, chuqur hamdardlik bildirdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston TIV mintaqadagi teraktlar yuzasidan munosabat bildirib, holatni keskin qoraladi.

«Dogʻistonda sodir etilgan shafqatsiz terrorchilik hujumlarini keskin qoralaymiz. Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi nomidan halok boʻlganlarning barcha yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz», deya yozdi TIV rahbari Baxtiyor Saidov.

Muhsinjon Umurzoqov

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер