DXX raisi Afgʻoniston vazirlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi
Foto: DXX
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi Afgʻoniston Razvedka xizmati raisi, Mudofaa hamda Ichki ishlar vazirlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Bu haqda “Xavfsizlik” Telegram kanalida xabar berildi.
Maʼlum qilinishicha, kecha, 22-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonov boshchiligidagi delegatsiyaning Qobul shahrida Afgʻoniston Razvedka xizmati raisi Abdul Haq Vosiq bilan uchrashuvi boʻlib oʻtgan.
Muzokaralar davomida mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, Afgʻonistonni xalqaro munosabatlarning toʻlaqonli aʼzosiga aylantirish boʻyicha saʼy-harakatlar davom ettirilayotgani taʼkidlangan.
Xususan, Oʻzbekiston Prezidentining Birlashgan millatlar tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro anjumanlarda afgʻon masalasi boʻyicha yakdil pozitsiyadagi chiqishlari keltirib oʻtilgan.
Shuningdek, muloqotda Oʻzbekiston va Afgʻoniston chegaralarida daxlsizlikni saqlash, chegara punktlarida kirish-chiqish rejimini yanada takomillashtirish, narkotik moddalar noqonuniy aylanmasiga hamda terrorizmga qarshi kurash yoʻnalishlarida hamkorlik masalalari muhokama qilingan.
Shu kuni Afgʻoniston Mudofaa vaziri Mullo Muhammad Yoqub hamda Ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy bilan ham uchrashuvlar boʻlib oʻtgan.
“Mazkur uchrashuvlar Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi munosabatlarni doʻstlik va yaqin qoʻshnichilik ruhida rivojlantirishga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.
Aytish joiz, ikki mamlakat oʻrtasida qishloq xoʻjaligi, irrigatsiya, energetika, transport, savdo-sotiq va boshqa yoʻnalishlarda ikki tomonlama muzokaralar faol tarzda davom etmoqda.
Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Afgʻonistonni mintaqaviy hamkorlikka jalb qilish maqsadida mamlakatda iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish hamda insonparvarlik yordamlarini davom ettirishga eʼtibor qaratilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring