DXX yer maydonlarini noqonuniy sotmoqchi boʻlgan shaxslarni qoʻlga oldi

12:01 11 Noyabr 2025 Jamiyat
166 0

Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlari aniqlandi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali xabar berdi.

Unda aytilishicha, Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida donli ekinlar yetishtirish bilan shugʻullanuvchi fermer xoʻjalik rahbari hokimiyat tizimidagi tanishlari orqali xoʻjalikning 3 gektar yer maydonini issiqxona tashkil etmoqchi boʻlgan, Samarqand shahrida yashovchi fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 300 ming AQSH dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati va viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fermer xoʻjalik rahbari oldindan 20 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida yashovchi, 1992 va 1998-yillarda tugʻilgan 2 nafar shaxs oʻzaro til biriktirib, davlat zaxirasidagi 8 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali Koʻkdala tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroga yashash xonadoni qurishi uchun olib berish evaziga 180 million soʻm talab qilgan.

Shundan soʻng, ular oldindan 10 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlangan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari boshlab yuborilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?