Diskotekalar turmush tarzimizning bir boʻlakchasi — “Milliy tiklanish” partiyasi vakili

10:56 25 May 2021 Jamiyat
1113 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda besh tashabbus doirasida yoshlar forumida yoshlarning shoʻx qoʻshiqlarga raqsga tushgani turli bahs-munozalarga sabab boʻlmoqda. 

Ushbu holatga Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi bosh mutaxassisi Oʻrol Haitov oʻz munosabatini bildirib oʻtdi.

Haitovning qayd etishicha, bir qarashda tashkilotchilar festivalni ipidan ignasigacha risoladagidek tashkillashtirgan. Shuningdek, unda milliy, estrada, xorij kuy-qoʻshiqlari joy olganligini ham alohida taʼkidlagan. 

«Hech kim zerikib qolmaydi. Shu bilan birga, fikr talab etadigan ayrim holatlar ham borligini unutmaslik lozim.

Aslida besh tashabbusning zamirida ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish yotadi. Shu maʼnoda, ayrim doʻstlarimizning festivallar diskotekaga aylanib ketayotgani, beshta muhim tashabbusda nazarda tutilgan gʻoyalarda chekinishlar kuzatilayotgani haqidagi fikrlari mulohazatalab», deydi u.

Partiya vakilining fikriga koʻra, shu jihatdan, yoshlarning faqat chet el musiqalariga raqs tushishlari, bu ularning maʼnaviyatiga salbiy taʼsir etishi haqidagi fikrlariga qoʻshilib boʻlmaydi. 

«Birinchidan, tashkilotchilar gʻarb musiqasi asosida diskoteka tashkil etsa, yoshlar gʻarb ohangida oʻynaydi. Milliy raqslar, milliy estradani qoʻyib berishsa, albatta, yoshlar oʻzimizning kuy-qoʻshiqlarga joʻr boʻlib, oʻyinga tushaveradilar. Koʻrinadiki, musiqani, kuy-qoʻshiqlarni tanlashimizga bogʻliq. Ikkinchidan, diskotekada oʻynab hordik chiqarganlarning maʼnaviyatiga baho berish bizni adashtirib yuborishi ham hech gapmas.

Bu bilan diskotekani oqlamoqchi ham emasmiz. Albatta, milliy musiqa sanʼatimizdan ajratib qoʻyib, muttasil gʻarb ohangidagi diskotekaga ruju qoʻyish yoshlarda oʻzgarishlarga sabab boʻlishi mumkinligini inkor ham qilib boʻlmaydi. Lekin bu degani ularni nafaqat gʻarb, balki jahon musiqa sanʼati, uning durdonalaridan ajratib qoʻyishni bildirmaydi. Inson umr boʻyi oʻrganadi, qarashlari oʻzgaradi. U qotib qolgan dogma ham emas. Bugun hayot shunchalik darajada tez oʻzgarib boryaptiki, insonning hayotga boʻlgan munosabati ham oʻzgarib, fikr doiralari kengayib bormoqda.

Yoshlarimiz ishlashni ham, dam olishni ham bilishi kerak. U nafaqat milliy sanʼatimizni, balki dunyo sanʼatidan ham xabardor boʻlishi lozim va shundagina unda qiyoslash imkoniyati tugʻiladi. Ana shunday bilimli yoshlarimizning esa milliy musiqamizga, madaniyatimizga munosabati oʻzgacha boʻladi. Diskotekalar esa turmush tarzimizning bir boʻlakchasi boʻlib qolaveradi, xolos», deydi Haitov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер