Dima Qayumning jaydari falsafasi

16:03 25 Iyul 2022 Jamiyat
1000 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyati Rishton tumanida yashovchi, ijtimoiy tarmoqlarda “Dima Qayum” nomi bilan tanilgan hamyurtimizning asl ism-sharifi Dilshodjon Boltaboyev.

Bir qarashda uning yashash va turmush tarzi barchamizniki singari oddiy. Lekin ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi, ezgulikka yoʻgʻrilgan ijtimoiy loyihalarda tashabbuskorligi unga qaysidir maʼnoda mashhurlik olib keldi.

— Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari oson talaffuz qilishi uchun shu nomni tanlaganman, — deydi u “Dima Qayum”ga ishora qilib. — Ziyoli oilada ulgʻayganman, otam maktabda rus tili fani oʻqituvchisi boʻlgan. Oʻzim rishtonliklarga xos boʻlmagan ish – pechkachilik bilan shugʻullanaman. Turmush oʻrtogʻim uyda har kuni ikki-uch tandir issiq non yopib, bozorda sotadi. Tirikchiligimiz pechkachilik va novvoylik ortidan bir navi oʻtib turibdi. Ijtimoiy tarmoqdagi faoliyatim shunchaki xobbi.

Bolalagimdan kitobga oshnoman. Shu bois koʻp yillik orzumni roʻyobga chiqarish uchun harakat boshlaganimda barcha hamyurtlar, eng avvalo, ziyolilar, ijodkorlar qoʻllab-quvvatlashdi. Hozirda tuman markazida mingdan ortiq kitob fondiga ega moʻjazgina kutubxonam bor. Yaxshi insonlar koʻmagida tumanda yana bir kutubxona ochish harakatidaman.

Dima Qayum vodiylarga xos gapga chechan, askiyani qoyillatadi, chapani va dangal yigit. Shuning uchun uning ijtimoiy tarmoqlarda sevib oʻqiladigan jaydari falsafasi, yumori oʻziga xosligi bilan tilga tushgan. Uning yana bir yaxshi fazilati – hamisha kam taʼminlangan va qiynalgan oilalarga begʻaraz koʻmaklashish, homiylik yordamlari uyushtirishga oshiqadi. Turli aksiyalar oʻtkazish orqali u odamlar mushkulini oson qilishga odatlangan.

Oddiy odamlar orasida uning nomi allaqachon mashhur boʻlib ulgurgan. Shundan boʻlsa kerak, mamlakatimizning turli hududlaridan Dima Qayumni izlab keluvchilar koʻp.

— Yangi kutubxona ochish va bu yoʻnalishdagi faoliyatimni yanada kengaytirishga boʻlgan intilishimni eshitib, AQSH, Yevropa davlatlari, qoʻshni respublikalar, yurtimizning turli hududlaridan kitoblar yuborishyapti, — deya davom etadi Dilshodjon. — Ayniqsa, shoir-yozuvchilar, maʼnaviyat targʻibotchilaridan behad mamnunman. Aksariyati oʻzlari kelib, faoliyatim bilan yaqindan tanishgach, kitoblar sovgʻa qilib ketishadi.

Agar taʼbir joiz boʻlsa, Dima Qayum Rishton kulolchiligini targʻib etishda oʻziga xos elchi vazifasini ham bajarmoqda. U tuman tarixini yaxshi bilishi, kulolchilik sanʼatini yaxshi tushungani natijasida sayyohlarga gidlikni qoyillatadi. Shu maqsadda sayyohlarga Rishtonda koʻrishi kerak boʻlgan manzillarning turistik marshrutini ishlab chiqqan.

— Turizmni zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirishga katta ehtiyoj bor, — deydi u. — Buning uchun barcha tadbirkor-kulollar mushtarak maqsad yoʻlida birlashib, turistik marshrutlar roʻyxatini yanada kengaytirishimiz, kitob, buklet va pannolar chiqarishimiz, ijtimoiy tarmoqda faollik koʻrsatib, tarixiy-madaniy qadriyatlarimizni butun dunyoga koʻrsata olishimiz zarur.

Rishton tuman hokimligi tomonidan ichki va tashqi turizmni rivojlantirish va shu tariqa turistik marshrutlar roʻyxatini kengaytirish, eng asosiysi, aholi farovonligi va turmush sharoitini yaxshilashga boʻlgan saʼy-harakatlar eʼtiborga loyiq.

— Kulolchilik serdaromad soha sifatida rivojlanyapti, rishtonlik kulollar dunyoga boʻylayapti. Bunisi endi faxr va gʻurur,— deydi Dima Qayum. — Tumanning har bir mahallasida kulolchilik oilalar hayotiga keng kirib boryapti. AQSH, Italiya, Turkiya, Yaponiya, MDH davlatlarida hamkorlarimiz koʻpaymoqda. Turizm istiqbolini taʼminlashda bu juda ham muhim. Shuningdek, men Rishton oshi, qantak oʻriklarini ham dunyo miqyosida brend qilish kerak deb hisoblayman. Bugun tumanda palov tayyorlashga ixtisoslashgan 200 dan ortiq choyxonalar faoliyat koʻrsatyapti. Qadimiy qantak oʻrigi shuhratini tiklashga boʻlgan urinishlar ham tobora keng quloch yozmoqda. Bundan tashqari tuyaqushchilik, pista plantatsiyalari yaratish kerak. Buning uchun tuman hokimligi ayni ishlarni bugungi kun talabi va ehtiyoji asosida rivojlantirishi lozim.

Dima Qayumning bu haqchil va xalqchil fikrlari hayotiy zarurat ekanini anglaymiz. Uning jaydari falsafasi oddiy odamlarni befarq qoldirmasligi boisi ham shundadir balki.

Botir Madiyorov “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?