Diareya bolalarda qanday belgilar bilan namoyon boʻladi?

Murakkab iqlim sharoitiga ega yurtimizda aholi, ayniqsa, bolalar orasida yuqumli ichak kasalliklar koʻp uchraydi. Sogʻliqni saqlash vazirligi Toshkent tibbiyot akademiyasining bolalar yuqumli kasalliklari kafedrasi dotsenti Gulnora XUDOYQULOVAning shu mavzudagi fikrlarini tarqatdi.
— Bolalar oʻrtasida koʻp uchraydigan yuqumli ichak kasalliklari va ularning turlari haqida maʼlumot bersangiz.
— Bolalar oʻrtasida diareya, yaʼni, ichburugʻ kasalligi koʻp uchraydi. Diareyaning bakteriyali va virusli turlari bor. Uning bakteriyali turi solmonellyoz, dizenteriya, ichak tayoqchasi, shartli patogen mikroorganizmlarning organizmdagi muvozanati buzilishi tufayli yuzaga keladi. Virusli turi esa oziq-ovqat va havo orqali yuqadi. Bu kasalliklarning yuqishiga, asosan, tozalik, shaxsiy gigiyenaga yetarli rioya etmaslik, suvni qaynatmay ichish, sifati talabga javob bermaydigan oziq-ovqatlarni isteʼmol qilish, meva-sabzavotlarni tozalab yuvmay, sifatiga eʼtibor bermasdan yeyish sabab boʻladi.
— Diareya bolalarda qanday belgilar bilan namoyon boʻladi?
— Bolaning harorati koʻtariladi, ishtahasi yoʻqoladi, holsizlanadi, ichi ketadi. Baʼzi ota-onalar boladagi bu xastalikni oʻz-oʻzidan oʻtib ketadigan holatdek qabul qilishadi. Lekin baʼzida kasallik shunchaki vaqtinchalik “berkinadi” va qulay fursatni poylaydi. Gohida esa kasallik shunchalik kuchli namoyon boʻladiki, zudlik bilan davo choralarini koʻrmasa boʻlmaydi.
Bola organizmi juda tez suvsizlanib qoladi, koʻp miqdorda suyuqlik yoʻqotish oqibatida modda almashinuv jarayoni va boshqa aʼzolar faoliyati ham buziladi. Birinchi galda asab tizimi va oshqozon-ichak trakti ishi zarar koʻradi. Diareya xavfini nazar-pisand qilmaslikning oqibati yaxshi emas. Dunyo statistikasiga koʻra, diareya bilan kechadigan kasalliklardan har yili 5 million bola vafot etadi. Bu kasallik, ayniqsa, goʻdaklar va 3 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun juda xavflidir.
— Diareyaning xavflilik darajasini qanday belgilar orqali bilish mumkin?
— Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bu borada toʻrtta eng oddiy usulni targʻib etadi. Yaʼni, bolaning holsizlanib qolishi, koʻz atrofi va qovoqlarning osilishi va koʻkarishi, qorin sohasida teri chimchilansa, tezda asl holiga qaytmasligi, suv ichishni keskin rad etishi. Ana shunday holatlar diareyaning ogʻir darajasidan dalolat. Bunday vaziyatda zudlik bilan “tez yordam” chaqirib bolani yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yetkazish lozim.
— Baʼzi holatlarda bolaning ichi ketsa ham tana harorati koʻtarilmaydi. Bu nimaning belgisi?
— Bu immun tizimining kuchsizligi, organizmning yot infeksiya va viruslarga qarshi kurashish qobiliyatining pastligi ifodasidir. Bunday vaziyatlarda ham zudlik bilan bolani tegishli shifokor koʻrigiga yoʻllab, sogʻlomlashtirish chorasini koʻrish kerak.
— Ichketar boʻlgan bolaning axlatiga qarab yuqumli kasallikning qaysi turi bilan kasallanganini bilish mumkinmi?
— Ha, bilish mumkin. Agar axlat rangi pushti boʻlsa dizenteriya, yashil boʻlsa organizmda stafilokokk yoki salmonellyoz koʻpayayotganini anglatadi. Kulrang koʻpikli axlat esa organizmda rotavirus borligining belgisi. Axlatda yogʻ va hazm boʻlmagan ovqat qoldiqlari boʻlsa, bolaga isteʼmol qilgan qaysidir taomi yoqmaganini bildiradi. Agar axlat oʻziga xos rang va hidli boʻlsa disbakteriozdan nishona boʻlishi mumkin. Bunday vaziyatlarda bolani vrach koʻrigidan oʻtkazib, kasallikka aniq tashxis qoʻyish va davolash lozim.
— Ichketarni uyda guruchni qaynatib, qatiq bilan aralashtirib ichish orqali davolash mumkinmi?
— Kasallikning yengil turida bu usul yaxshi samara beradi. Shu bois Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ham bu usulni xonadon sharoitida diareyaning yengil turini davolashda qoʻllashni tavsiya etadi. Biroq kasallikning ogʻir turlarida bu bilan cheklanish kifoya emas. Bolani albatta shifokor koʻrigiga olib borib sogʻlomlashtirish kerak.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring