Deputatlar Hukumat hisobotini tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqdilar
2023-yil 3-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2023-yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi yuzasidan yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.
Yig‘ilishda fraksiyalar a’zolari Davlat dasturi ijrosini har ikkala partiyaning dasturiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda muhokama qilib, asosan milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga e’tibor qaratdi.
Qayd etilganidek, 2023-yilning I yarim yilligida 7,4 mlrd. dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, prognoz 179 foizga bajarilgan. Investitsiya dasturi doirasida 1,2 mlrd dollarlik 32 ta yirik va ahamiyatli loyiha ishga tushirilishi hisobiga 5,5 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Shuningdek, ko‘rilgan qo‘shimcha choralar natijasida 341,8 mln. dollarlik 8 ta loyiha muddatidan oldin ishga tushirilib, 1,2 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilishiga erishilgan.
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash hamda “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni e’tirof etdilar.
Davlat dasturida qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda intensiv rivojlantirish orqali dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravar oshirish, qishloq xo‘jaligining yillik o‘sishini kamida 5 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, 750 mingta yangi dehqon xo‘jaliklarini tadbirkorga, yer egasiga aylantirish, buning hisobiga qishloqlarda ijtimoiy muammolar, avvalo, ishsizlik va kambag‘allik masalasini hal etish ishlarini davom ettirish bo‘yicha tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturiga muvofiq keng qamrovli ishlar olib borilgan.
Fraksiya a’zolari Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarni ijobiy baholadi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida Davlat dasturida belgilangan masalalar ijrosi to‘liq ta’minlangani, mamlakatda bo‘layotgan o‘zgarishlar sababli tadbirkorlar safi kengayib, aholining aksariyat qismi shu sohada mehnat qilayotgani ta’kidlandi.
Hisobotda qayd etilishicha, davlat dasturida maktabgacha ta’lim qamrovini hozirgi 67 foizdan kamida 80 foizga yetkazish va ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, malakali o‘qituvchilar oylik maoshlarini bosqichma-bosqich 1000 AQSh dollari ekvivalentiga yetkazish, pedagog-kadrlarning bilimi va malakasini xalqaro darajaga olib chiqish, Oliy ta’lim qamrovini 50 foizga yetkazish bilan bog‘liq ko‘plab vazifalar belgilangan va bu borada muayan ishlar amalga oshirilgan.
Har bir fuqaroga davlat hisobidan aniq kasb-hunarga o‘qish imkoniyatini yaratish, kasbga o‘qitish ko‘lamini 2 baravar oshirib, jami 1 mln. nafar ishsiz fuqaroni kasb-hunarga o‘qitish va bu jarayonda nodavlat ta’lim tashkilotlari ishtirokini 30 foizga yetkazish bo‘yicha amaliy ishlar qilingan.
Qorqalpag‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bosqichma-bosqich ovqat bilan ta’minlash maqsadida 1263 ta maktabda tahsil oluvchi 285 ming o‘quvchilarga bepul ovqatlanishi tizimi yo‘lga qo‘yilgan. 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab respublikadagi barcha boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlantirish belgilangan.
O‘zMTDP fraksiya a’zolari “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi doirasida mahalliy sayyohlar sonini 12 million nafar oshirish hamda mamlakatimizga tashrif buyuradigan xorijiy turistlar sonini 9 million nafarga yetkazish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga ham e’tibor qaratdilar. To‘siqsiz turizm infratuzilmasini mamlakatimizning asosiy turizm shaharlariga keng joriy etish, 2026-yilgacha bu sohada band bo‘lgan aholi sonini 2 baravar oshirib, 520 ming nafarga yetkazish, 8 mingdan ortiq madaniy meros obyektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha davlat dasturini qabul qilish bilan bog‘liq masalalarni ham muhokama qildilar.
Deputatlar belgilangan vazifa va topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha mas’uliyatni yanada oshirish lozimligini ta’kidlab, “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2023-yil I yarim yildagi ijrosini ma’qulladilar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring