Deputat oʻz hududida qabulxonasini ochdi
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashiga 6-Mehrobod saylov okrugidan saylangan deputat Akbarali Qayumov oʻz hududida deputatlik qabulxonasini tashkil etdi. OʻzLiDePdan saylangan deputatlar va tuman, shahar kengashlari apparat rahbarlari ishtirokida mazkur qabulxonada oʻquv-seminari oʻtkazildi. Partiya viloyat kengashi rahbarlari, partiya faollari deputatlarning ishini jonlantirish, saylovchilar bilan ishlash samaradorligini oshirish maqsadida bunday qabulxonalarni ochish muhim ahamiyatga egaligini taʼkidladi. Deputatlik soʻrovi yuborish, saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish boʻyicha tavsiyalar berildi.
— Saylov okrugida 25 ta mahalla boʻlib, saylovchilar soni 30010 nafarni tashkil etadi, — deydi deputat Akbarali Qayumov. — Saylovchilarga qulaylik yaratish, ularning murojaatlarini qabul qilish va belgilangan tartibda hal etish uchun mazkur qabulxonani tashkil etdik. Shu paytgacha okrug boʻyicha 50 dan ortiq muammolar oʻrganilib, yechim topish boʻyicha yoʻl xaritasi tuzildi. Manzilli ishlash tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Bundan tashqari deputat Akbarali Qayumov oʻz okrugidagi mahallalarda ham boʻlib, aholi bilan muloqotlar olib bormoqda. Mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud muammolar bilan yaqindan tanishyapti. Yechimini kutayotgan masalalarni bartaraf etish maqsadida alohida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlash hamda muammolarni bosqichma-bosqich hal etish yuzasidan manzilli rejalar tuzilgan.
Xususan, Shukrona mahallasida boʻlgan uchrashuvda fuqarolar gaz bosimining pasayib ketgani, koʻp qavatli uylar oldidagi sport maydonchalarining talabga javob bermasligi, Dargʻom kanali atrofini obodonlashtirish, Sayqal koʻchasining 500 metr qismi taʼmirtalab ahvolga kelib qolganligini maʼlum qilishdi. Mahalla yonidagi boʻsh turgan yerni obod qilish, mahalla binosi xodimlarga torlik qilayotgani, yangi xonalarga ehtiyoj borligi aytildi.
Deputat ushbu masalalarni joyida oʻrganib, har bir muammoni hal qilish boʻyicha alohida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va mutasaddi tashkilotlarga deputatlik soʻrovlari yuborishini maʼlum qildi.
Maʼlumki, saylovchilarning ijtimoiy manfaatlaridan kelib chiqadigan murojaat, talab va takliflari ijobiy hal etilmasa, muammolarga oʻz vaqtida yechim topilmasa, deputatga ishonch kamayadi. Toʻgʻri, bunday holatda faqat deputatni ayblab boʻlmaydi. Chunki, saylovchi koʻtarayotgan masalani ijobiy hal etishga ijro etuvchi hokimiyat hamisha qodir emas. Ammo deputat hamisha xalq tomonida boʻlishi, oʻzining vakolatini aholiga koʻproq tushuntirishi, qaysi masala qay darajada hal boʻlishini uqtirishi, xalqning siyosiy faolligi barobarida ularning siyosiy saviyasini ham oshirib borishi zarur.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring