Denovda milliy taomlar sayli oʻtkaziladi

15:30 11 Sentyabr 2025 Jamiyat
121 0

Joriy yilning 26-sentyabr kuni Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi “Sina” mahallasida anʼanaviy milliy taomlar sayli boʻlib oʻtadi. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilayotgan mazkur tadbirda shahar va tumanlarning oʻziga xos taomlari, ularni tayyorlash usullari, kulinariyaga oid anʼana va udumlar keng namoyish qilinadi. Har bir hudud milliy uslubda bezatilgan pavilyonlarda oʻz hunar va taomlari bilan ishtirok etadi.

Sayl davomida folklor-etnografik jamoalar va milliy cholgʻu asboblari ijrochilari, yosh sanʼatkorlarning chiqishlari tadbirga oʻzgacha shukuh bagʻishlaydi. Shuningdek, anʼanaviy xalq oʻyinlari va turli musobaqalar ham tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu nafaqat zavq, balki milliy qadriyatlarga boʻlgan qiziqishni yanada oshiradi.

Tadbir yakunlariga koʻra, “Eng yaxshi taom”, “Eng yaxshi oshpaz” va “Eng koʻp milliy taom tayyorlagan oshpaz” nominatsiyalari boʻyicha gʻoliblar aniqlanib, ular diplom, statuetka va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanadi.

— Mazkur sayl orqali nafaqat milliy taomlarimiz keng targʻib etiladi, balki xalqimizning boy maʼnaviy merosi, urf-odat va anʼanalari yanada keng ommaga tanishtiriladi, — deydi viloyat hokimligining axborot xizmati rahbari Murodbek Davlatov. — Bu esa ichki va tashqi turizm rivojiga, madaniy hududiy sayohatlarning kengayishiga xizmat qiladi. Shubhasiz, bunday tadbirlar orqali yurtimizning har bir goʻshasiga xos taom madaniyati, milliy anʼanalar va mahalliy meʼmoriy-etnografik xususiyatlar ham yanada namoyon boʻladi.

Farhod ESONOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер