“Demak, Vatan – bizning oʻzimiz!”

20:32 20 Fevral 2023 Madaniyat
1038 0

Foto: Arxiv surat

20-fevral — Matnazar Abdulhakim tugʻilgan kun

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan Madaniyat xodimi, “Ofarin” mukofoti sohibi, shoir va tarjimon Matnazar Abdulhakim hayot boʻlganida umrning 75 yosh dovonidan oʻtgan boʻlardi.

Taʼkidlash joizki, shoir “Tiniq tonglar”, “Fasllar qoʻshigʻi”, “Qor qoʻshigʻi”, “Yonimdagi daryolar”, “Qorachiqdagi dunyo”, “Bir quchoq gul”, “Oydinlik, «Soʻnggi yaproq” kabi sheʼriy kitoblari, Shayx Najmiddin Kubro, Shayx Majdiddin Bagʻdodiy, Pahlavon Mahmud, Mirzo Bedildan qilgan tarjimalari orqali koʻngil va kutubxonalar toʻridan joy egallab ulgurgan.

“Oʻz xalqining hatto bir nafar farzandi baxtsiz boʻlsa ham, shoir oʻzini baxtliman deb ayta olmaydi. Eng soʻnggi baxtsiz odam oʻz baxtini topmaguncha, shoir uning yonida turib, uning bilan birga baxt izlashda davom etaveradi” deydi shoir “Arjumand soʻz” maqolasida.

Darhaqiqat, Matnazar Abdulhakim xalqiga, millatiga hamisha yaxshilik, ezgulik, saodatu baxt sogʻinib yashab oʻtdi. Bugun bu sogʻinish, bu istak shoir bitiklarida yashamoqda...

* * *

Ming bor oʻldik, ming bor tirildik,

Rahm etmadi vaqt ohimizga.

Takror-takror koʻmilaverdik,

Oʻzimizning tuprogʻimizga.

Vatan saqlar jimligimizdir,

Vatan aytadigan soʻzimiz.

Baxt – vatandir, kulfat – vatandir,

Demak, Vatan – bizning oʻzimiz.

Hayqirganim qoʻshiq – vatanim,

Dilga armon kuyim vatandir.

Ochqab kelsam, qaznoqdagi non,

Oʻlan toʻshak uyim vatandir.

Koʻzlaringning qorasi – vatan,

Qoshlaringning orasi – vatan.

Mushkullarim boʻlmay qolsa hal,

Chorasizlik chorasi vatan.

Koʻzlarimga qalqqan qatra yosh,

Tortayotgan nolam vatanim.

Yot ellarda qolganim bolam,

Oʻn sakkiz ming olam vatanim.

Vatanimsan, sevgilim, jonim,

Yuragimdir yuraging – toshing.

Hayoting har kuni vatanim,

Va ayniqsa, oʻn sakkiz yoshing.

Joʻn bir gʻubor, oddiy tuprogʻim,

Har zarra, har maʼdanim vatan.

Kerak emas oʻzga vatanlar,

Chunki mening vatanim vatan.

Labimdagi kulgu shundandir,

Shundan koʻzlarimga yosh qalqqan.

Lahza tinmas, uravergay charx

Bu muborak ilohiy xalqa.

YOʻLOVCHI QIZ

Oʻtasan sumkangni kiftingga ilib,

Keng koʻcha. Odamlar. Salom va alik.

Toʻxtab qolmas hech kim hayron tikilib,

Loqayd boʻladimi el ham shunchalik.

Duxobaga doʻnmas sen yurgan yoʻllar,

Daraxtlar qoladi izingdan ketmay.

Guldek qizarsang ham sovqotib, gullar

Koʻmilib yotadi uyalmay-netmay.

Soʻng bekat. Chiqasan avtobusga jim.

Passajirlar loqayd. Zotan, san

Ular uchun hamroh yoki yoʻlovchi,

Xullas, odatdagi odamsan.

Shunda birdan chiqib ketadi jahlim,

Nogahon kelaman larzaga.

Sen deb aylanaman shu zahot, baxtlim,

Hamma odamga va hamma narsaga.

Xaloyiq boʻlaman – oshufta, sarmast,

Gul boʻlib, shafaqrang oʻyga tolaman.

Daraxtman. Yonimdan oʻtib qolsang, bas,

Ergashib, izingdan men yoʻl olaman.

Tutqich bermay ketib qolasan biroq

Xiromon-xiromon, sokin, ohista...

Mendan baxtiyorroq va munosibroq,

Oʻzingdek mukammal bir hamroh istab.

Mayli. Har qadaming men uchun faxr,

Sira elashtirib bilmayman sani.

Tushunaman, sevish ogʻir... koʻp ogʻir

Hamma odamni va hamma narsani.

YOLGʻIZ YAPROQ

Ishqiga har lahza iqror yuragim,

Bir urishi ming sir-asror yuragim.

Sen kimga, kim senga, o, zor yuragim,

Chekaverma buncha ozor, yuragim.

Dunyo, oʻzi, shunday bozor, yuragim.

Kahkashon – yoʻlingda toʻzgʻigan changlar,

Koʻksimda jimgina urasan bonglar,

Qorongʻu ruhimda sen – otgan tonglar,

Ishq savdosin sira anglarmi onglar,

Tarozu yulduzdek bedor yuragim.

Bedardlar chektirgan oh, yuragim, sen,

Goh gado, gohida shoh, yuragim, sen,

Quyosh yuragim sen, moh, yuragim, sen,

Dildorni deb yuksal, togʻ yuragim, sen.

Dildorni deb titra, dutor yuragim.

Aytmam senga aqlu hush boʻlib yasha,

Biroq gʻamlarni yeng, xush boʻlib yasha,

Mardga oʻng, nomardga tush boʻlib yasha,

Oʻzing osmon, oʻzing qush boʻlib yasha,

Yoʻqsa parvoz ishi dushvor, yuragim.

Garchi dardlar umrim bezayotirlar,

Hajru gʻam seni koʻp ezayotirlar,

Borligʻim bir qismat sezayotirlar,

Xazon shamollari esayotirlar,

Yolgʻiz yaproq yangligʻ bemor yuragim.

Garchi ishq mangu baxt, boqiy jamoldir,

Umr deganlari esgan shamoldir,

Shiddati qoshida uchgan oʻq loldir,

Oʻzingdan hamishabahorlar qoldir,

Emassan hamisha bahor, yuragim.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?