Debatdan bosh tortgan Tramp, Ukrainaning chaqirigʻi va Gʻazodagi inqiroz (+video)

BMT Gʻazo va Gʻarbiy Sohilda iqtisodiy vayronagarchilik haqida ogohlantirdi
BMT hisobotiga koʻra, Isroil urush boshlaganidan beri Gʻazodagi korxonalarning 80 foizi zarar koʻrgan yoki vayron boʻlgan. Isroilning Gʻazoga qarshi urushi Falastin anklavining iqtisodini vayron qilib, uni 2022-yilgi hajmining oltidan bir qismiga qisqartirdi, shu bilan birga bosib olingan Gʻarbiy Sohilda ham sezilarli pasayish yuz berdi.
“Ishlab chiqarish jarayonlari buzildi, daromad manbalari yoʻqoldi, qashshoqlik kuchaydi va kengaydi, mahallalar, shaharlar vayron boʻldi”, — deyiladi payshanba kuni BMT Savdo va taraqqiyot agentligi tomonidan eʼlon qilingan hisobotda. Hududni qayta qurish uchun qancha mablagʻ ketishi nomaʼlumligicha qolmoqda. Ammo Gʻazoni 2023-yil oktyabrdagi holatiga qaytarish uchun oʻnlab yillar kerak boʻladi.
Tashkilot 2024-yil boshida Gʻazo qishloq xoʻjaligi aktivlarining 96 foizi, jumladan, fermer xoʻjaliklari, bogʻlar, sugʻorish tizimlari, mashinalar va omborxonalar yoʻq qilinganligini maʼlum qildi.
Bu oziq-ovqat ishlab chiqarish quvvatini zaiflashtirdi va qamalda qolgan Falastin hududida ovqatlanish uchun yetarli ovqatga ega boʻlmagan odamlar sonini yomonlashtirdi.
Hisobotda aytilishicha, 2023-yilning soʻnggi choragida Gʻazoning yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 81 foizga kamaydi, bu butun yil davomida 22 foiz qisqarishga olib keldi.
Gʻarbiy sohildagi zoʻravonliklarning kuchayishi u yerda ham xavotirli iqtisodiy pasayishni keltirib chiqargan. Hududda yalpi ichki mahsulot 2023-yilning oxirgi choragida 19 foizga qisqargan.
Falastin Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 7-oktyabrdan beri Isroil askarlari va koʻchmanchilar Gʻarbiy Sohilda kamida 662 falastinlikni oʻldirgan.
Isroil rasmiylarining bildirishicha, ayni davrda Falastin hujumlarida kamida 24 nafar isroillik, jumladan xavfsizlik kuchlari xodimlari halok boʻlgan.
Payshanba kungi hisobotda aytilishicha, aholi punktlarini kengaytirish, yerlarni musodara qilish, Falastin tuzilmalarini buzish va koʻchmanchilar zoʻravonligining kuchayishi kabi omillar Gʻarbiy Sohil aholisining koʻchirilishi olib kelgan va iqtisodiy faoliyatga jiddiy taʼsir koʻrsatgan.
7-oktyabrdan beri Falastin hududidagi mehnat bozori sharoiti ham keskin yomonlashdi. Hisobot shuni koʻrsatdiki, Gʻarbiy Sohildagi korxonalarning 96 foizi faollikni pasaytirgan va 42 foizdan ortigʻi ishchi kuchini qisqartirgan.
Umuman olganda 306 mingta ish oʻrni yoʻqoldi, bu Gʻarbiy Sohildagi ishsizlik darajasini Isroil Gʻazoga qarshi urush boshlashidan oldin deyarli 13 foizdan 32 foizga koʻtardi. Shuningdek, Gʻazodagi ishsizlik 2023-yilning oxirgi choragidagi 46 foizdan 79 foizga yetgan.
Putin Ukraina uzoq masofali qurollardan foydalanish NATOni Rossiya bilan urushga olib kelishidan ogohlantirdi
Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy ittifoqchilarini Rossiya ichkarisiga zarba berish uchun Gʻarb tomonidan yetkazib berilgan qurollarga qoʻyilgan cheklovlarni olib tashlashga chaqirdi.
Prezident Vladimir Putin agar Gʻarb davlatlari Ukrainaga Rossiya ichkarisida zarba berish uchun uzoq masofaga moʻljallangan qurollardan foydalanishga ruxsat bersa, bu NATO uning mamlakati bilan urush holatida boʻlishini bildirishidan ogohlantirdi.
“Bu mojaroning mohiyatini sezilarli darajada oʻzgartiradi. Bu NATO davlatlari, AQSH va Yevropa davlatlari Rossiya bilan urishayotganini anglatadi. Biz shundan kelib chiqib tegishli qarorlar chiqaramiz”, — degan Putin payshanba kuni Rossiya davlat telekanaliga.
Putinning izohlari juma kuni Vashingtonda Buyuk Britaniya bosh vaziri Key Starmer va AQSH prezidenti Jo Bayden oʻrtasida boʻlib oʻtadigan uchrashuv oldidan aytilgan boʻlib, ular Ukrainaga Rossiya ichidagi nishonlarga zarba berish huquqini berish masalasini muhokama qilishlari kerak edi.
“Bu mojaroni Rossiya boshladi. Rossiya Ukrainaga noqonuniy bostirib kirdi. Rossiya bu mojaroni darhol tugatishi mumkin. Ukraina oʻzini himoya qilish huquqiga ega”, — deb yozgan Britaniya matbuoti Starmerning AQSHga ketishdan oldin aytgan gaplarini.
Bu, ehtimol, AQSH va Britaniya diplomatlarining Bayden lavozimini tark etishidan oldin va noyabr oyida boʻlib oʻtadigan AQSH prezidentlik saylovlari oldidan soʻnggi uchrashuvi boʻlishi mumkin.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi bir necha kun oldin Kiyevga tashrif buyurgan edi. Bu kamdan-kam boʻladigan tashrifdir va ular qoʻshimcha yordam sifatida 1,5 milliard dollarni eʼlon qilishdi.
Bayden oʻzini himoya qilish maqsadida Ukrainaga AQSH tomonidan berilgan raketalarni Rossiya chegarasidan oʻtishga ruxsat berdi, biroq ular oʻq uzilishi mumkin boʻlgan masofani cheklab qoʻygan.
Ukrainaning asosiy iltimoslaridan biri AQSHda ishlab chiqarilgan Armiya Taktik Raketa tizimlari (ATACMS) bilan zarba berishdir.
Juma kuni Ukraina bilan chegaradosh boʻlgan NATO aʼzosi Polsha bosh vaziri Donald Tusk Putinning tahdidlaridan xavotirlanmasligini aytdi.
“Ukrainadagi va Ukraina—Rossiya frontidagi barcha voqealarga jiddiy yondashish kerak, ammo men prezident Putinning soʻnggi bayonotlariga ortiqcha ahamiyat bermayman”, — dedi Tusk matbuot anjumanida.
Polsha tashqi ishlar vaziri Radovslav Sikorski avvalroq “Kiyevga oʻzini himoya qilish uchun Gʻarb qurollaridan foydalanishga ruxsat berilishi kerak, chunki Rossiya tinch aholi nishonlariga hujum qilib, urush jinoyatlarini sodir etmoqda”, — degan edi.
Rossiya kuchlari Ukraina sharqidagi Donesk viloyatidagi jang maydonida bosimni kuchaytirdi va mamlakat boʻylab havo hujumlarini kuchaytirdi.
Ukraina 6-avgust kuni kutilmagan transchegaraviy bosqinidan soʻng Rossiya gʻarbidagi Kursk viloyatida hujumlarni davom ettirayotgan edi, biroq Zelenskiy payshanba kuni Moskva qoʻshinlari qarshi hujumga oʻtayotganini tasdiqladi.
Donald Tramp Kamala Harris bilan debatga chiqmasligini aytdi
“Bokschi ringda magʻlub boʻlganida, u darhol “Men revansh jangini xohlayman” deydi. Soʻrovlar shuni yaqqol koʻrsatmoqdaki, men nomzod oʻrtoq Kamala Harrisga qarshi bahsda gʻalaba qozondim va u darhol yangi debat talab qildi. Uchinchi bahs boʻlmaydi!”, — deb yozdi Tramp ijtimoiy tarmoqda.
Iyun oyida Tramp AQSHning amaldagi prezidenti Jo Baydenga qarshi debat oʻtkazdi. Bayden debatda magʻlub boʻldi va prezidentlik poygasidan chiqdi. Uning oʻrniga vitse-prezident Kamala Harris Demokratik partiyadan nomzod boʻldi.
Maʼlumot uchun, Tramp va Harrisning dastlabki debati 10-sentyabr kuni ABC telekanalida jonli efirda boʻlib oʻtgan edi. Ularni 67 milliondan ortiq kishi tomosha qilgan.
Rossiyaniki deb qaralgan kema taʼmirtalab holga keldi
Norvegiyadagi NATO harbiy bazasi yaqinida Rossiyadan 20 ming tonna ammiakli selitra olib ketayotgan Malta bayrogʻi ostidagi yuk kemasi aniqlandi.
Maʼlum boʻlishicha, “Ruby” deb nomlangan kema xavfli yukni 22-avgust kuni olib, Kanar orollari tomon yoʻl olgan. Shunga qaramasdan, u 3-sentyabr kuni Norvegiyaning Tromso shahrida boʻron paytida shikastlanganidan keyin taʼmirlash uchun toʻxtagan.
Tromso hukumati ammiakli selitraning portlovchi xususiyati tufayli yaqin atrofdagi aholi xavfsizligidan xavotirda. “Ruby” 2020-yilda Bayrutda portlagan va ommaviy qirgʻinga sabab boʻlganidan yetti barobar koʻp ammiakli selitrani olib yurgan. Norvegiya politsiyasi kemaga portni tark etishni talab qilgan, chunki gavjum hududda taʼmirlash ishlari juda xavfli deb topilgan.
4-sentyabr kuni Tromsodan chiqib ketgach, “Ruby” Norvegiya harbiy bazasi joylashgan Andes hududi yaqinida kuzatilgan. Norvegiya va NATO mudofaasida muhim rol oʻynaydigan bazaga kemaning yaqinligi haqida xavotirlar bor. Ayni paytda, kema taʼmirlash uchun Litvaga borishga ruxsat soʻragan.
Litva hukumati “Ruby”ning Klaypeda portiga kirish iltimosini rad etdi. Rasmiylar shikastlangan kema va uning portlovchi yuki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavfdan xavotir bildirdi.
Ukrainada davom etayotgan mojaro tufayli Rossiya va NATO oʻrtasidagi keskinlik yuqoriligicha saqlanmoqda. Norvegiya mudofaa vaziri Andoyya harbiy bazasining milliy xavfsizlik va NATO mudofaasi uchun strategik ahamiyatidan kelib chiqib, de-fakto Rossiyanikiligi taxmin qilingan kemaning mamlakat hududiga suzib kelishini xushlamasligini bildirgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring