Davlat rahbarlarining uchrashuvi oʻzbek-tojik xalqlarining azaliy doʻstlik anʼanalarini yana-da mustahkamlaydi

11:27 11 Iyun 2021 Siyosat
886 0

Oʻzbek-tojik xalqlarining tili, dini, urf-odatlari va qadriyatlari mushtarak va azaliy doʻstlik hamda yaxshi qoʻshnichilik anʼanalari uzoq tarixga borib taqaladi. Turk xoqonligi, Arab xalifaligi, Somoniylar, Gʻaznaviylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, Temuriylar, Shayboniylar, Ashtarxoniylar kabi xonliklar davrlarda ham oʻzbek-tojik xalqlari bir-biriga hamnafas boʻlib, ahil va inoq umr kechirganlar.

Bugungi kunda ham ikki mamlakat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon saʼy-harakatlari tufayli oʻzaro munosabatlar yana-da yaxshilanib bormoqda. Joriy yilning 10-iyun kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga rasmiy tashrifi bu aloqalar va azaliy doʻstlik rishtalarini yana-da mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Shuni mamnuniyat bilan eʼtirof etish joizki, 2017-yildan buyon ikki mamlakat rahbarlari oʻrtasida 8 marotaba ikki tomonlama uchrashuvlar boʻlib oʻtdi, Prezidentlarimiz xalqaro doiradagi tadbirlarda ishtirok etdilar. 2018-yil 9-10-mart kunlari Oʻzbekiston Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi amalga oshirilgan boʻlsa, aynan oʻsha yili 17-18-avgust kunlari Tojikiston Prezidentining Oʻzbekistonga davlat tashrifi uyushtirildi. 2018-yil 27-28-sentyabr kunlari Prezidentimiz MDH Davlat rahbarlari kengashi sammiti doirasida, 2019-yil 14-15-iyun kunlari Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari yigʻilishida ishtirok etish maqsadida Tojikistonga amaliy tashrif bilan bordi.

Shu bilan birga, Tojikiston Prezidenti 2019-yil 29-noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Bundan tashqari, 2018-yilda 4-marta (2-marta Dushanbe va Fargʻonada), 2019-yilda 2-marta (Termiz va Bekobodda), 2020-yilda Dushanbeda 1-marta Bosh vazirlar darajasidagi uchrashuvlar tashkil etildi.

Joriy yil 24-aprel kuni Xoʻjandda Hukumat rahbarlari uchrashuvi tashkil etilib, unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Tojikistonga boʻlajak rasmiy tashrifiga tayyorgarlik koʻrish va ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga doir masalalar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, Tojikiston Bosh vaziri 2021-yil 14-may kuni Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyaning navbatdagi yigʻilishida ishtirok etish uchun Toshkentga keldi.

Shu oʻrinda mamlakatlarimiz tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida ham muntazam muloqot yoʻlga qoʻyilganini taʼkidlash joiz. Jumladan, 2016-yil sentyabr oyidan buyon ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlarining 23 marotaba uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston – Tojikiston hamkorligining huquqiy asosini shu paytgacha imzolangan turli darajadagi 165 ta hujjat tashkil etadi. Ular orasida, ayniqsa, “Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma” (17.08.2018 y, Toshkent) va “Abadiy doʻstlik shartnomasi» (2000-yil 15-iyun, Dushanbe) ahamiyatlidir.

Bu galgi uchrashuvda Prezidentlar Qoʻshma bayonot imzoladilar. Ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali oʻzaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklikni yana-da kengaytirish va mustahkamlash boʻyicha uzoq muddatli vazifalar belgilangan. Xususan, Oʻzbekiston — Tojikiston investitsiya kompaniyasini tashkil etish toʻgʻrisida, sanoat va yangi texnologiyalar sohasida, togʻ-kon sanoatida hamkorlik toʻgʻrisida, Zarafshon daryosida GES qurish loyihasi boʻyicha qoʻshma aksiyadorlik jamiyati tashkil etish toʻgʻrisida, Yuklar tranziti toʻgʻrisidagi bitimlar, shuningdek, Diplomatik vakolatxonalar uchun yer maydonlarini oʻzaro taqdim etish toʻgʻrisidagi bitimga oʻzgartirishlar kiritish, Fuqarolarning oʻzaro qatnovlari toʻgʻrisidagi bitimga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi bayonnomalar, ikki mamlakat tashqi siyosiy idoralari oʻrtasidagi hamkorlik Dasturi va qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlikni yana-da rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” almashilgani esa ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalarni yana-da kengaytiradi.

Umuman olganda, energetika, transport, avtomobilsozlik, elektrotexnika, togʻ-kon va yengil sanoat, fan, taʼlim, sport va boshqa sohalarni qamrab olgan jami 35 ta hujjat imzolandi.

Albatta, bu kelishuv va oʻzaro hamkorlik davlatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va birodarlik rishtalarini yana-da mustahkamlaydi va ikkala xalqning azaliy doʻstligi bardavom boʻladi, deb ishonamiz

Hazratqul XOʻJAMQULOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?